Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Vijdonimni qanday tarbiyalasam bo‘ladi?

Vijdonimni qanday tarbiyalasam bo‘ladi?

 Vijdonni nima bilan solishtirgan bo‘lardingiz?

  •   Kompas

  •   Ko‘zgu

  •   Do‘st

  •   Sudya

 Aslida, to‘rttalasi bilan ham solishtirsa bo‘ladi. Bu maqolani o‘qigach, buning sababini tushunasiz.

 Vijdon nima degani?

 Vijdon yaxshini yomondan ajrata bilishga yordam beradigan ichki tuyg‘u. Muqaddas Kitobda u qalbga yozilgan qonun bilan solishtiriladi. (Rimliklarga 2:15) Yaxshi tarbiyalangan vijdon qilgan yoki qilmoqchi bo‘lgan harakatlaringizni to‘g‘ri baholashga ko‘maklashadi.

  •   Vijdon kompasga o‘xshaydi. To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, muammolardan qochishga yordam beradi.

  •   Vijdon ko‘zguga o‘xshaydi. Aslida qanday inson ekaningizni va axloqiy prinsiplaringizni ko‘rsatib beradi.

  •   Vijdon yaxshi do‘stga o‘xshaydi. Qanday yo‘l tutish kerakligini bildirib turadi. Asosiysi, unga quloq solish lozim.

  •   Vijdon sudyaga o‘xshaydi. Noto‘g‘ri yo‘l tutganingizda, sizni hukm qiladi.

Yaxshi vijdon dono qarorlar chiqarishingizga ko‘maklashadi

 Xulosa. Vijdon 1) to‘g‘ri qarorlar chiqarishga va 2) o‘z nohaqligingizni tushunib o‘zgarishingizga ko‘maklashadigan yordamchidir.

 Nega uni tarbiyalash kerak?

 Muqaddas Kitobda: «Vijdoningizni toza saqlanglar»,— deb yozilgan. (1 Butrus 3:16) Agar uni tarbiyalamasa, uni toza saqlash qiyin kechadi.

 «Ilgari, qayerga borganimni ota-onamdan yashirardim. Boshida vijdonim qiynardi, lekin keyinchalik bu haqda umuman bezovta bo‘lmay qoldim». (Jennifer)

 Oxiri, Jennifer o‘z vijdoniga quloq soldi. Ota-onasiga rostini aytadigan bo‘lib, boshqa aldamasdi.

 O‘ylab ko‘ring. Nega Jennifer qiynayotgan vijdoniga oldinroq e’tibor qaratishi kerak edi?

 «Ikki yoqqa baravar hayot kechirish juda kuchli stress va bir gala muammo. Atigi bir marta vijdon tovushini nazarga ilmay, noto‘g‘ri yo‘l tutishning o‘zi yetarli. Keyin bu odat tusiga kiradi». (Metyu)

 Ba’zi odamlarning vijdoni umuman o‘tmaslashib qoladi va ular unga e’tibor bermay qo‘yishadi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, bunday odamlar «har qanday or-nomusni yo‘qotishgan». (Efesliklarga 4:19)

 O‘ylab ko‘ring. Vijdon azobini tortmaydigan insonlar rostdan ham tinch hayot kechirishadimi?

 Xulosa. Vijdonni toza saqlash uchun «yaxshini yomondan ajratishga o‘rganish» kerak. (Ibroniylarga 5:14)

 Qay yo‘sin uni tarbiyalash mumkin?

 Vijdoningizni «tuzatish» uchun, ibrat olishingiz mumkin bo‘lgan andaza kerak. Ba’zilar uchun ularga uqtiriladigan quyidagilar andaza bo‘lib xizmat qiladi:

  •   oila va madaniyati

  •   tengdoshlari

  •   yulduzlar va taniqli insonlar

 Ammo eng zo‘r andaza Muqaddas Kitobdagi me’yorlardir. Bu ajablanarli emas, chunki Muqaddas Yozuvlar bizni qanday qilib baxtiyor qilish mumkinligini aniq bilgan Yaratuvchimiz tomonidan ilhomlantirilgan kitob. (2 Timo‘tiyga 3:16)

 Mana bir nechta me’yor:

 ME’YOR. «Har narsada halol bo‘lishni istaymiz». (Ibroniylarga 13:18)

  •   Kimdirdan ko‘chirib yozish, ota-onani aldash yoki nimanidir o‘g‘rilash istagi tug‘ilsa, qaysi me’yor vijdoningizga ta’sir qilishi mumkin?

  •   Doim halol bo‘lishga undaydigan vijdon sizga hozir va kelajakda qanday foyda keltiradi?

 ME’YOR. «Zinodan qochinglar!» (1 Korinfliklarga 6:18)

  •   Pornografiya yoki kimdir bilan yaqinlikda bo‘lish vasvasasi tug‘ilsa, qaysi me’yor vijdoningizga ta’sir qilishi mumkin?

  •   Jinsiy axloqsizlikdan yiroqlashishga undaydigan vijdon sizga hozir va kelajakda qanday foyda keltiradi?

 ME’YOR. «Bir-biringizga mehribon, rahm-shafqatli bo‘linglar... bir-biringizni chin dildan kechiringlar». (Efesliklarga 4:32)

  •   Do‘stingiz yoki oila a’zoingiz, masalan, akangiz yoki singlingiz bilan kelisholmay qolsangiz, qaysi me’yor vijdoningizga ta’sir qilishi mumkin?

  •   Mehribon va bag‘ri keng bo‘lishga undaydigan vijdon sizga hozir va kelajakda qanday foyda keltiradi?

 ME’YOR. «Zo‘ravonlikni sevadiganlardan U [Tangri Yahova] nafratlanadi». (Zabur 11:5)

  •   Film, videoo‘yin va teledasturni tanlashda qaysi me’yor qo‘l keladi?

  •   Zo‘ravonlik va jabr-zulumdan iborat bo‘lgan o‘yin-kulgi turlaridan uzoqlashishga undaydigan vijdon sizga hozir va kelajakda qanday foyda keltiradi?

 HAYOTDAN. «Do‘stlarim shafqatsiz videoo‘yinlarni o‘ynashardi, men ham qiziqardim. Keyin dadam buni man etdi, lekin do‘stlarimnikiga borganda baribir yashirincha o‘ynardim. Uyda bu haqida indamasdim. Dadam nimadir bo‘layotganini sezardi, ammo o‘zimni hech narsa bo‘lmaganday tutardim. Bir kuni Zabur 11:5 dagi so‘zlar ko‘zimga tushib qoldi. Ularni o‘qigach, vijdonim qiynay boshladi. Shunda, zo‘ravon videoo‘yinlardan voz kechishim kerakligini tushundim. Buni amalda qo‘lladim. Meni ko‘rib, bitta o‘rtog‘im ham bu o‘yinlarni o‘ynamay qo‘ydi». (Jeremi)

 O‘ylab ko‘ring. Jeremining vijdoni qachon qiynay boshladi va u qachon unga quloq sola boshladi?

 Xulosa. Vijdon biz aslida qanday ekanimizni va biz uchun chindan ham nima muhim ekanini ko‘rsatadi. Vijdoningiz siz haqingizda nimalarni oshkor etishi mumkin?