Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Yaxshi namunani qanday topsam bo‘ladi?

Yaxshi namunani qanday topsam bo‘ladi?

 «Maktabda muammolarga duch kelganimda, men o‘rnak deb bilgan inson shunga o‘xshash vaziyatga duch kelgani haqida fikr yuritish yordam berdi. Keyin o‘rnagiga ergashishga harakat qildim. Bunday namuna tufayli qiyin vaziyatlarni yengib o‘tish osonroq bo‘ldi». (Xale)

 Namuna yordamida muammolardan qochishingiz va maqsadlaringizga erishishingiz mumkin. Eng muhimi yaxshi namuna tanlashdir.

 Nega sinchkovlik ila tanlash kerak?

  •   Tanlagan namunangiz qanday yo‘l tutishingizga ta’sir qiladi.

     Muqaddas Kitob masihiylarni o‘rnakli misollarga taqlid qilishga undaydi: «Ularning xulq-atvori qanday samaralar keltirganini diqqat bilan kuzatib, imonlariga ergashinglar». (Ibroniylarga 13:7)

     Maslahat. Tanlagan namunangiz sizga yo salbiy, yo ijobiy ta’sir qilar ekan, shunchaki mashhur yoki tengdoshingiz bo‘lganlarni emas, balki fazilatlarni chinakamiga rivojlantirgan odamlarni tanlang.

     «Imondoshim Ademning munosabati va xulqidan ko‘p narsani o‘rgandim. U aytgan muayyan fikrlar yoki qilgan ishlari haligacha yodimda ekani odamni lol qoldiradi. U menga qanchalik ta’sir qilganini u hatto bilmaydi ham». (Kolin)

  •   Tanlagan namunangiz fikrlash tarzingiz-u his-tuyg‘ularingizga ta’sir qiladi.

     Muqaddas Kitobda: «Adashmanglar. Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi»,— deb aytilgan. (1 Korinfliklarga 15:33)

     Maslahat. Faqatgina tashqi ko‘rinishiga emas, balki fazilatlariga qarab namuna tanlang. Aks holda, ko‘nglingiz qolishi turgan gap.

     «O‘zingizni hadeb tashqi ko‘rinishi chiroyli odamlar bilan solishtiraversangiz, men arzimas va xunukman, degan fikrga borasiz. Shunda faqat tashqi ko‘rinish haqida o‘ylashingiz mumkin». (Tamara)

     O‘ylab ko‘ring: mashhur odamlarni va sportchilarni namuna sifatida tanlashning qanday xavfli tomonlari bor?

  •   Tanlagan namunangiz maqsadingizga erishish yoki erishmasligingizga ta’sir qiladi.

     Hikmatlar 13:20 da: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi»,— deb aytilgan.

     Maslahat. Siz namoyon etishni istagan fazilatlarga ega insonlarni namuna sifatida tanlang. Ularni kuzatar ekansiz, maqsadingizga erishish uchun qanday aniq qadamlar qo‘yishingiz mumkinligini bilib olsangiz bo‘ladi.

     «“Mas’uliyatliroq bo‘lmoqchiman”, deb noaniq maqsad qo‘yishdan ko‘ra, “Jeyn kabi mas’uliyatliroq bo‘lmoqchiman. U hecham kechikmaydi va topshiriqlarini puxta bajaradi”,— deyishingiz mumkin». (Miriyam.)

     Xulosa: yaxshi namuna tanlasangiz, qanday inson bo‘lmoqchi ekaningizni nazorat qila olasiz.

Biron namunadan foydalanib, maqsadingizga tezroq erishishingiz mumkin!

 Qanday tanlash kerak?

 Namuna tanlashda quyidagi ikkita usuldan birini tanlashingiz mumkin.

  1.   Qaysi fazilatni rivojlantirmoqchi ekaningizni aniqlang va o‘rnak olish uchun shunday fazilatga ega insonni toping.

  2.   Siz o‘rnak olmoqchi bo‘lgan biron kimni tanlab, qaysi fazilatiga taqlid qilmoqchi ekaningizni aniqlang.

 Ushbu maqolaga keltirilgan o‘quv daftari bunda sizga asqatishi mumkin.

 Siz tanlagan namunalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  •  O‘smirlar. «Men eng yaqin do‘stimga o‘xshashni istardim. U kimgadir yordam berish uchun doim vaqt topa oladi. U mendan kichikroq, lekin men ham uning mana shu ajoyib fazilatiga taqlid qilishni istardim». (Miriam)

  •  Kattalar. Bu ota-onangiz yoki imondoshingiz bo‘lishi mumkin. «Shubhasizki, ota-onam men uchun o‘rnak. Ular ajoyib fazilatlarga ega. Nafaqat ularning xatolarini, ammo bunga qaramay, ular hanuzgacha sadoqatli ekanini ham ko‘raman. Ularning yoshiga yetganimda, men ham xuddi shunday bo‘lishni xohlardim». (Anette)

  •  Muqaddas Kitobdagi misollar. «Muqaddas Kitobdan o‘zim uchun bir nechta namunani — Timo‘tiy, Rut, Ayub, Butrus va isroillik qizchani tanladim. Muqaddas Kitob qahramonlari haqida ko‘proq bilib olganim sayin, ular men uchun tirik shaxsga aylandi. “Imonlariga ergashinglar” nomli kitobdagi voqealarni tadqiq qilib, maza qildim. «Yoshlarning savollari. Amaliy maslahatlar» kitobining ikkita jildidagi “O‘tmishdan saboqlar” ko‘rsatkichini ham foydali deb topdim». (Melinda)

 Maslahat. O‘zingizni birgina namuna bilan cheklamang. Havoriy Pavlus imondoshlariga quyidagicha yozgandi: «Biz ko‘rsatgan namuna bo‘yicha yo‘l tutayotganlarga ko‘z tikinglar». (Filippiliklarga 3:17)

 Bilasizmi? Siz ham kim uchundir namuna bo‘lishingiz mumkin! Muqaddas Kitobda: «Nutqda, xulq-atvorda, sevgida, imonda va poklikda ishonchli kishilarga o‘rnak bo‘lgin»,— deb aytilgan. (1 Timo‘tiyga 4:12)

 «Balki qaysidir fazilatlar ustida hali ishlashingiz kerakdir, ammo shu bilan birga boshqalarga ham yordam bera olasiz. Sizni kim kuzatayotganini bilmaysiz. Aytganlaringiz insonning hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin». (Kiana)