Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Boshqalarga moslasha olmayotgan bo‘lsam-chi?

Boshqalarga moslasha olmayotgan bo‘lsam-chi?

 «Boshqalarga moslashmaslikning iloji yo‘q, aks holda do‘stlaringiz ham bo‘lmaydi, hayotingiz va kelajagingiz ham barbod bo‘ladi. Hech kimga kerak bo‘lmaysiz va yolg‘iz qolasiz». (Karl)

 Bunday bo‘lishi mumkin emas, deb o‘ylarsiz. Ammo ba’zi odamlar Karl tasvirlagan vaziyatga tushib qolmaslik uchun qo‘lidan kelganini qilishga tayyor. Siz ham shunday yoshlar sirasidanmisiz? Unday bo‘lsa, bu maqola sizga do‘stlar orttirishning yaxshiroq usulini topishga yordam beradi.

 Nima uchun odamlar boshqalarga moslashishga intilishadi?

  •   Chunki ularni chetlatib qo‘yishlarini istashmaydi. «Ijtimoiy tarmoqlarda mensiz aylanishga chiqqan bir guruhning rasmlarini ko‘rdim. Shunda: “Nega meni chaqirishmadi?” — deb o‘ylanib qoldim va “ular meni yaxshi ko‘rishmasa kerak” degan fikrlar hech xayolimdan ketmadi». (Natali)

     MULOHAZA UCHUN: O‘zingizni biron-bir guruhdan ajratib qo‘yilganday his qilganmisiz? Ular sizni qabul qilishi uchun qanday o‘zgarishlar qildingiz?

  •   Chunki ular boshqalardan ajralib turishni istashmaydi. «Ota-onam telefon ishlatishimga ruxsat bermaydi. Yigitlar telefon raqamimni so‘raganida, men ularga telefonim yo‘qligini aytaman, ular esa: “Nima? O‘zi yoshing nechada?” — deyishadi. Yoshim 13 da ekanini aytganimda, ular menga achinib qarashadi». (Meri)

     MULOHAZA UCHUN: Ota-onangiz o‘rnatgan qanday cheklovlar tufayli o‘zingizni oq qarg‘aday his qilasiz? Bu cheklovlarga qanday munosabat ko‘rsatasiz?

  •   Chunki ular bezorilarning qurboniga aylanishni istashmaydi. «Maktabdagi bolalar boshqacha yo‘l tutadigan, boshqacha gapiradigan yoki hatto boshqacha e’tiqodga ega bo‘lganlarni yaxshi ko‘rishmaydi. Agar ularga moslashmasangiz, sizni aslo tinch qo‘yishmaydi». (Oliviya)

     MULOHAZA UCHUN: Boshqalarga qo‘shilmaganingiz uchun sizga yomon muomala qilishganmi? O‘sha vaziyatda qanday yo‘l tutgansiz?

  •   Chunki ular do‘stlarini yo‘qotishni istashmaydi. «Men qaysi odamlar bilan do‘stlashmasam, ularga moslashishga harakat qilardim. Natijada, ular qanday gapirishsa, shunday gapirardim. Hatto kulgili bo‘lmaganda ham kulardim. Bolalarga qo‘shilib, boshqalarni mazax qilardim, garchi bu o‘sha insonlarga og‘riqli bo‘lishini bilsam ham». (Reychel)

     MULOHAZA UCHUN: Tengdoshlaringiz sizni yaxshi ko‘rishi siz uchun qanchalik muhim? Ajralib qolmaslik uchun o‘zingizni ularga moslashtirganmisiz?

 Nimani bilishingiz kerak?

  •   Boshqalarga yoqaman, deb ularga taqlid qilish odamlarning nafratini keltirishi mumkin. Nega? Chunki odamlar soxtalikni sezib qolishadi. 20 yoshli Brayn shunday eslaydi: «O‘zimga xos bo‘lmagan tarzda yo‘l tutganimda sinfdoshlarimdan battar ajralib qolardim. Shunga o‘zimni tabiiy tutishni o‘rgandim, chunki inson o‘zini soxta tutayotganini odamlar darrov payqashadi».

     YAXSHIROQ YONDASHUV. Siz uchun nima muhim ekani haqida qaytadan o‘ylab ko‘ring. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10) Shunga o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Qadriyatlari menikidan farq qilayotgan odamlarga o‘xshash muhimroqmi yo borligimcha qolishmi?»

     «Boshqalarga o‘xshashga intilish befoydadir. Bu uchun odamlar sizni ko‘proq yaxshi ko‘rib qolishmaydi va bu sizni yaxshiroq inson qilib qo‘ymaydi». (Jeyms)

  •   Boshqalar qatori bo‘lish istagi o‘zligingizni yo‘qotishingizga olib kelishi mumkin. Bu sizni boshqalarning ra’yi bilan yashaydigan va «ko‘ngilni ovlovchi» inson qilib qo‘yadi. Jeremi ismli yosh bir yigit shunday eslaydi: «Ma’lum bir guruhdagi odamlarga moslashish uchun, hatto bu obro‘yimga putur yetkazsa ham, hamma narsani qilishga tayyor edim. Boshqalar meni boshqarishiga yo‘l qo‘yardim. Ularning yugurdagi edim».

     YAXSHIROQ YONDASHUV: Atrof-muhitga qarab rangini o‘zgartiradigan xameleonga o‘xshab o‘zgarishning o‘rniga, siz uchun nima qadr-qimmatga ega ekanini aniqlab, shunga muvofiq yashang. Muqaddas Kitobda: «Ko‘pchilikka ergashib, yomon ishga qo‘l urmanglar»,— deb bejizga aytilmagan. (Chiqish 23:2)

     «Men ular yoqtirgan hamma narsani yoqtirishga harakat qilardim: musiqa, o‘yinlar, kiyim-kechak, ko‘rsatuvlar, pardoz usullari... Ular kabi bo‘lishga intilardim. Menimcha, boshqa qiyofaga kirganim hammaga binoyidek ko‘rinib turardi va buni o‘zim ham bilardim. Oxiri, hafsalam pir bo‘lib, o‘zimni yolg‘iz his qila boshladim va hatto endi o‘zi nimani yoqtirishimni ham bilolmay qoldim. Shuni tushundimki, hamma ham sizga moslasha olmaydi va siz ham barchaga moslasha olmaysiz. Ammo bu umuman do‘stlashmaslik kerakligini anglatmaydi. Shunchaki biroz ulg‘ayishingizni kuting va sabrli bo‘ling». (Melinda)

  •   Boshqalarga yoqish istagi xulq-atvoringizga ta’sir qilishi mumkin. Kris ismli bir yigit qarindoshi shunday qilishini payqadi. «U boshqalardan ajralib qolmay deb, odatda hech qachon qilmaydigan ishni — giyohvand moddalarini qabul qilishni boshladi.— deydi Kris.— U nashavand bo‘lib qoldi va hayotini deyarli barbod qildi».

     YAXSHIROQ YONDASHUV: Agar insonlarning so‘zlari va ishlaridan ular Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga rioya qilmayotganini ko‘rsangiz, bundaylardan uzoqroq yuring. Zero Allohning Kalomida: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, nodonga sherik bo‘lgan esa aziyat chekadi»,— deyilgan. (Hikmatlar 13:20)

     «Ba’zida boshqalarga moslashishga intilish yaxshidir. Ammo buni siz to‘g‘ri deb bilgan narsalar evaziga qilmaslik kerak. Haqiqiy do‘stlar sizni borligicha qabul qilishadi». (Melani)

     Maslahat: Faqat qiziqishlari siznikiga o‘xshash bo‘lgan odamlar bilangina do‘stlashmang. Ma’naviy va odob-axloq qadriyatlaringiz bir xil bo‘lgan insonlar bilan do‘stlashing.

    Kiyim-kechakning ayrim turlari sizga yarashmaydi. Shunga o‘xshab ma’lum odamlar ham qadriyatlaringizni boyitishmaydi.