Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Jinsiy zo‘rlash haqida nimani bilishim kerak? 1- qism. Ehtiyot choralari

Jinsiy zo‘rlash haqida nimani bilishim kerak? 1- qism. Ehtiyot choralari

 Jinsiy zo‘rlash nima degani?

 Garchi «jinsiy zo‘rlash» atamasiga har xil joylarda turlicha huquqiy ta’rif berilsa-da, bu atama ostida insonning xohishiga qarshi, ba’zida kuch ishlatib jinsiy aloqa qilish tushuniladi. Shuningdek, bunga kichkina bola, o‘smir yoki katta odamning nomusiga tegish, qarindoshlar bilan jinsiy aloqada bo‘lish (insest) va «ishonchli mutaxassislar», masalan, shifokor, o‘qituvchi yoki diniy xizmatchilar tomonidan jinsiy ekspluatasiya qilinish kiradi. Tahqirlash va jinsiy zo‘rlash qurboni bo‘lganlarni yuz bergan voqeani biron kimga aytib berishsa ziyon yetkazamiz deb qo‘rqitishadi.

 Bir so‘rovnomaga ko‘ra, birgina Qo‘shma Shtatlarning o‘zida har yili qariyb chorak million insonlar jinsiy zo‘rlanishgani haqida xabar berishadi. Ularning deyarli yarmi 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni tashkil etadi.

 Nimani bilishingiz kerak?

  •   Muqaddas Kitobda jinsiy zo‘rlash qoralanadi. Muqaddas Kitobda taxminan 4000-yil avval Sado‘m shahrida jinsiy qaramlikka berilgan olomon ikkita kishini zo‘rlamoqchi bo‘lgani haqida aytilgan. Shu sababli Yahova bu shaharni yakson qilgan. (Ibtido 19:4–13) Bundan tashqari, 3500-yil oldin Musoga berilgan Tavrotda qarindoshlar bilan jinsiy aloqada bo‘lish, jumladan, oila a’zolaridan birini zo‘rlash man etilgan. (Levilar 18:6)

  •   Ko‘p hollarda jinsiy zo‘rlash tanish kimsalar tomonidan sodir etiladi. Bir kitobda aytilishicha, «bunday holatlarning uchtadan ikkitasida jabrlanuvchi unga hujum qilgan kishini taniydi. Hujum qilgan kishi to‘satdan paydo bo‘ladigan notanish kishi emas». («Talking Sex With Your Kids»)

  •   O‘g‘il bolalar ham, qiz bolalar ham jinsiy zo‘rlash qurboniga aylanishadi. Qo‘shma Shtatlarda jabrlanuvchilarning taxminan 10 foizini erkak kishilar tashkil etadi. Jinsiy zo‘rlashga qarshi kurashayotgan bir tashkilotning aytishicha, jabr ko‘rgan erkaklar va o‘g‘il bolalar «besoqolbozga (geyga) aylanib qolishdan» yoki «o‘zini to‘la ma’noda erkakday his qilmay qo‘yishdan qo‘rqishadi». («Rape, Abuse & Insest National Network»)

  •   Jinsiy zo‘rlash holatlari ko‘payib ketgani hayratlanarli emas. Muqaddas Kitobda «oxirzamonda» ko‘p odamlar «mehrsiz», «shafqatsiz» hamda «o‘zini tuta bilmaydigan» bo‘lishi haqida bashorat qilingan. (2 Timo‘tiyga 3:1–3) Boshqalarni jinsiy zo‘rlashga urinayotgan kishilarning aksariyati mana shunday illatlarni namoyon etishadi.

  •   Jinsiy zo‘rlash qurboniga aylanganlarning bunda aybi yo‘q. Hech bir kishining birovning nomusiga tegishga haqqi yo‘q. Bu uchun jinoyatni sodir etgan kishigina javob berishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, jinsiy tajovuz yuz berishining ehtimolligini kamaytirishingiz mumkin.

 Nima qilsangiz bo‘ladi?

  •   Tayyorgarlik ko‘ring. Agar kimdir, masalan, uchrashayotgan insoningiz yoki qarindoshingiz sizni jinsiy aloqa qilishga majburlamoqchi bo‘lsa, nima qilishingiz mumkinligini oldindan o‘ylab qo‘ying. Erin ismli bir qiz tengdoshlarning har qanday bosimiga qarshi turish uchun xayolan taxminiy vaziyatni o‘ylab qo‘yishni va bu kabi vaziyatda qanday harakat qilishni rejalashtirishni maslahat berdi. U shunday deydi: «Bu g‘alati tuyulishi mumkin, ammo real hayotda bu jinsiy zo‘rlashning qurboni bo‘lish ehtimolini kamaytiradi».

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Qanday yo‘l tutayotganingizga o‘ta diqqatli bo‘lib, nodonlar kabi emas, donolar kabi yo‘l tutinglar... Chunki biz yomon kunlarda yashayapmiz». (Efesliklarga 5:15, 16)

     O‘zingizdan so‘rang: «Bordi-yu, kimdir menga teginsa va men o‘zimni noqulay his etsam nima qilsam bo‘ladi?»

  •   Vaziyatdan qanday chiqishni rejalashtiring. Yuqorida aytib o‘tilgan tashkilot shunday maslahat beradi: «Faqat do‘stlaringiz yoki oila a’zolaringiz biladigan kodli so‘z o‘ylab toping. Shunda qandaydir xavf paydo bo‘lsa, ularga qo‘ng‘iroq qilib oldingizdagi kishiga sezdirmasdan vaziyatni tushuntira olasiz. Do‘stlaringiz yoki oila a’zolaringiz sizni olib ketish uchun kelishi yoki ketishingiz uchun bir sabab topishi mumkin». Umuman xavfli vaziyatdan qochsangiz, o‘zingizni ko‘p qayg‘ulardan asragan bo‘lasiz.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi, tajribasiz esa olg‘a qadam bosib jazosini tortadi». (Hikmatlar 22:3)

     O‘zingizdan so‘rang: Xavfli vaziyatdan chiqish uchun qanday rejam bor?

    Vaziyatdan chiqish rejasini tuzib qo‘ying

  •   Chegara o‘rnating va undan chiqmang. Agar kimdir bilan uchrashayotgan bo‘lsangiz, o‘sha inson bilan qanday xulq-atvor o‘rinli va o‘rinsiz ekani haqida gaplashib oling. Bordi-yu, u chegara o‘rnatishni ahmoqlik deb o‘ylasa, sizning qadriyatlaringizni hurmat qiladigan boshqa insonni tanlasangiz oqilona bo‘ladi.

     Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Sevgi... odobsizlik qilmaydi, o‘z manfaatini ko‘zlamaydi». (1 Korinfliklarga 13:4, 5)

     O‘zingizdan so‘rang: Mening qadriyatlarim qanday? Qanaqa xulq-atvorni o‘rinsiz deb hisoblayman?