Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qanday qilib ozsam bo‘ladi?

Qanday qilib ozsam bo‘ladi?

 Chindan ham ozishim kerakmi?

 Ayrim o‘smirlar ozishni istayotganini aytishadi. Ammo...

  •   Ko‘pchilik sog‘lig‘i haqida emas, tashqi ko‘rinishi haqida tashvishlanadi. Tezroq vazn tashlash uchun ular o‘z vaqtida ovqatlanishmaydi yoki ozdiruvchi dorilarni qabul qilishadi. Bunday usullar ko‘pincha befoyda va hatto xavfli bo‘lishi mumkin.

     «Ayrim qizlar tezroq ozish uchun och yurishadi. Ko‘pincha bu ularning organizmiga zarar keltiradi va qayta tiklanishga ancha vaqt talab etiladi». (Xeyli)

  •   Vazni haqida tashvishlanadigan aksariyat o‘smirlar aslida semiz emas. Ularning vazni me’yorida bo‘lishi mumkin, ammo tengdoshlari yoki ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatiladigan qiltiriq «ideallar» bilan solishtirganda ular o‘zlarini semiz deb o‘ylashadi.

     «13 yoshligimda o‘zimni do‘stlarim bilan solishtirardim. Agar tashqi ko‘rinishim ularnikiday bo‘lsa, ularga ko‘proq yoqaman deb o‘ylardim. Biroq bu tayoqday ozg‘in bo‘lishim kerakligini anglatardi».(Paola)

 Ammo boshqa tomondan ba’zi yoshlar chindan ham ozishlari kerak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisobotiga ko‘ra...

  •   Dunyo bo‘ylab 5–19 yosh oralig‘ida bo‘lgan taxminan 340 million yoshlar ortiqcha vaznga ega.

  •   1975-yili 5–19 yosh oralig‘idagi yoshlarning 4 foizi ortiqcha vaznga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2016-yilga kelib bu ko‘rsatkich 18 foizga yetdi.

  •   Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda ozg‘in odamlardan ko‘ra, semiz odamlar ko‘proq.

  •   Kambag‘al mamlakatlarda ham semizlik keng tarqalgan. Hatto oziq-ovqat masalasi muammo bo‘lgan oilalarda ham semiz odamlar bor.

 Ozishning eng yaxshi yo‘li qanday?

 Qaysi usulni tanlagan bo‘lardingiz?

  1.   O‘z vaqtida ovqatlanmaslik.

  2.   Jismoniy mashqlar qilish va to‘g‘ri ovqatlanish.

  3.   Ozdiruvchi dorilarni qabul qilish.

 To‘g‘ri javob: 2-usul: jismoniy mashqlar qilish va to‘g‘ri ovqatlanish.

 O‘z vaqtida ovqatlanmaslik yoki oziq-ovqatning muayyan guruhidan voz kechish tez natija berishi mumkin. Biroq bu usul sog‘ligingizga zarar keltiradi va avvalgiday ovqatlana boshlashingiz bilan xalos bo‘lgan vazningiz yana qaytadi.

 Boshqa tomondan, agar sog‘lom bo‘lishni maqsad qilsangiz, yaxshiroq ko‘rinishga ega bo‘lasiz va o‘zingizni ancha tetik his qilasiz. Psixolog Maykl Bredli shunday deb yozgan: «Hayotingizga butun umr amal qila oladigan o‘zgarishlar kiritsangizgina... xavfsiz, sog‘lom va davomiy natijaga erishasiz» a. Bu nimani anglatadi? Agar ozmoqchi bo‘lsangiz, faqat parhezga amal qilish haqida o‘ylamay, hayot tarzingizni o‘zgartirishga harakat qiling.

 Harakat rejasi

 Muqaddas Kitob bizni har narsada me’yorni bilishga undamoqda. Bu ovqatlanish odatimizni ham o‘z ichiga oladi. (1 Timo‘tiyga 3:11) Bu kitobda ortiqcha ovqat yeyishdan qochish kerakligi haqida ham aytilgan. (Hikmatlar 23:20; Luqo 21:34) Ushbu prinsiplarni yodda tutgan holda, sog‘lomroq hayot tarzini olib borish uchun quyidagi maslahatlarga amal qilib ko‘ring:

  •   Sog‘lom oziq-ovqatlarga nimalar kirishini bilib oling.

     Bunga butunlay berilib ketishingiz shart emas, ammo yegulik haqidagi muayyan bilimlar to‘g‘ri ovqatlanishingizga yordam beradi. To‘g‘ri ovqatlanish vaznni me’yorida saqlashning a’lo yo‘li.

  •   Muntazam jismoniy mashqlar qiling.

     Doimo harakatda bo‘lish uchun kundalik ishlaringizni ko‘rib chiqing. Masalan, yuqoriga liftda ko‘tarilish o‘rniga, zinadan foydalaning. Telefon o‘ynashga ketadigan yarim soatni toza havoda sayr qilib kelishga sarflang.

  •   Fastfudni sog‘lom ovqatga almashtiring.

     «Men o‘zim bilan mevalar va sabzavotlar kabi sog‘lom yeguliklarni olib yuraman,— deydi Sofiya ismli o‘smir qiz. — Bu tufayli uncha sog‘lom bo‘lmagan ovqatlarni yeyish vasvasasiga qarshi tura olaman».

  •   Ovqatni sekinroq yeng.

     Ayrim odamlar ovqatni tezda yeb qo‘yishgani uchun, oshqozoni to‘lganini sezmay qolishadi. Shuning uchun ovqatni sekinroq tanovul qiling. Qo‘shimcha olishdan oldin biroz kuting. Shunda o‘zingiz o‘ylaganchalik och emasligingizni tushunarsiz.

  •   Yeyayotgan ovqatingizda qancha kaloriya borligidan xabardor bo‘ling.

     Siz yeyayotgan ovqatda qancha kaloriya borligini bilish uchun mahsulotlar yorlig‘ini o‘qib chiqing. Yordam: shirin gazli ichimliklar, fastfud va shirinliklar juda yuqori kaloriyaga ega, shuning uchun ular semirishingizga sabab bo‘ladi.

  •   Muvozanatli bo‘ling.

     16 yashar Sara shunday deydi: «Bir muddat kaloriyalarni hisoblashga shunchalik berilib ketdimki, tarelkadagi ovqatga qarasam ko‘z oldimga faqat raqamlar kelardi!» «Kaloriya hisoblovchiga» aylanib qolmang. Ba’zan mazali, ammo kaloriyasi yuqori bo‘lgan ovqatlarni yeb turishingiz mumkin.

 Maslahat: Vazningiz haqidagi tashvishlaringizni shifokoringizga ayting. Organizmingiz va vaziyatingiz haqida bilganlaridan kelib chiqqan holda, shifokor sog‘lom hayot tarzini olib borishingizga yordam beradi.

a «When Things Get Srazy With Your Teen» nomli kitobdan olingan.