Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Bokiralik qasami haqida eshitganmisiz?

Bokiralik qasami haqida eshitganmisiz?

 Bu qasam nimani anglatadi?

 Bokiralik qasami nikoh qurmasdan avval jinsiy aloqa qilmaslik haqida yozma yoki og‘zaki ravishda ont ichish demakdir.

 Bu qasam 1990-yillarda Qo‘shma Shtatlarda Janubiy baptist konvensiyasi tomonidan «Haqiqiy sevgi kutadi» degan dastur chiqarilganda keng tarqalib ketdi. Mazkur dastur Muqaddas Kitobdagi qadriyatlar va tengdoshlarning yaxshi o‘rnagidan iborat bo‘lib, yoshlarni nikoh qurishdan avval jinsiy aloqa qilmaslikka undashga qaratilgan.

 Ko‘p o‘tmay, shunga o‘xshash yana bir dastur chiqdi, unga ko‘ra nikohdan oldin jinsiy aloqa qilmaslikni va’da berganlarga o‘zlari uchun ham eslatma bo‘ladigan kumush uzuk taqdim etilardi.

 Bokiralik qasami ish beradimi?

 Bu savolning javobi kimdan so‘rayotganingizga bog‘liq.

  •   Kristin Kim va Robert Rektor ismli tadqiqotchilarning izlanishlariga binoan, «ba’zi hollarda bokiralik qasamini bergan o‘smirlarda jinsiy faoliyat darajasi pasaygani va jinsiy hayotni vaqt o‘tgach boshlagani kuzatildi».

  •   Guttmaxer instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, «“bokiralik qasamini” ichgan o‘smirlar bu qasamni ichmagan o‘smirlarday jinsiy aloqa qilishi ehtimoli bor».

 Qiziq, nega bunday har xil natijalar mavjud?

  •   Ba’zi tadqiqotlarda bu qasamni ichgan va ichmagan kishilar solishtirilgan va bu ikki toifadagi insonlar jinsiy munosabatlar borasida turli nuqtai nazarga ega edi.

  •   Boshqa tadqiqotlarda bu qasamni ichgan va ichmagan kishilar solishtirilgan va bu ikki toifadagi insonlar jinsiy munosabatlar borasida bir xil nuqtai nazarga ega edi.

 Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar nimani oshkor etdi? O‘smirlarning sog‘ligi masalasi bo‘yicha mutaxassis Janet Rozenbaumning fikricha, besh yil o‘tgach, «bokiralik qasamini ichgan va ichmagan insonlar orasida jinsiy hayot masalasida hech qanday farq qolmadi».

 Yaxshiroq qaror

 Bokiralik qasamiga bag‘ishlangan dasturlar oliyjanob maqsadga ega. Lekin muammo shundaki, bu dasturlar bunday qasamni ichganlar unga muvofiq hayot kechira olishi uchun ularga muayyan qadriyatlarni payvand qilmaydi. Janet Rozenbaumning aytishicha, bu qasamni ichganlarning ko‘pi «buni sidqidildan qilmagan. Nikohdan oldin jinsiy aloqa qilmaslik insonning qandaydir dasturda qatnashgani tufayli emas, shaxsiy qarori bo‘lishi kerak».

 Muqaddas Kitob bizni shunchaki yozma yoki og‘zaki ravishda qasam ichishga undamaydi. Aksincha, «yaxshini yomondan ajratishga» o‘rganish uchun zehnimizni ishga solishga chorlaydi. (Ibroniylarga 5:14) Nega deganda, bokira bo‘lib qolish nafaqat kasallik va homilador bo‘lishdan saqlaydi, balki bunday qilib nikoh Asoschisi bo‘lmish Allohni sharaflaymiz. (Matto 5:19; 19:4–6)

 Muqaddas Kitobdagi me’yorlar biz uchun juda foydalidir. (Ishayo 48:17) Darhaqiqat, barcha odamlar, yoshi nechada bo‘lishidan qat’i nazar Xudo: «Zinodan qochinglar!» — deb aytgan amriga bo‘ysunishda qat’iy qaror qila oladi. (1 Korinfliklarga 6:18) Turmush qurgach esa, ular ko‘pincha nikoh qurmay jinsiy aloqada bo‘lish keltirib chiqaradigan xavotirlar va pushaymonlik tuyg‘usidan xoli bo‘lib, to‘laligicha jinsiy hayotdan lazzat olishi mumkin.