Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Asosli tanqidga qanday munosabat bildirishim kerak?

Asosli tanqidga qanday munosabat bildirishim kerak?

 O‘zingizni tekshiring

 Barchamiz asosli tanqidga va amaliy maslahatga muhtoj bo‘lib turamiz. Chunki ular ishimizni hamda munosabatimizni yaxshilashimizga yordam beradi. Shuni yodda tutgan holda, keling, quyidagi vaziyatlarni ko‘rib chiqaylik.

  1.   Deylik, o‘qituvchingiz maktabdagi vazifangizni yaxshi bajarmaganingiz haqida aytdi. U sizga: «Bu vazifani bajarish uchun ko‘proq izlanish olib borishingiz kerak»,— deyishi mumkin.

     Asosli tanqidga qanday munosabat bildirasiz?

    1.   Rad etasiz. («O‘zi bu o‘qituvchi meni yoqtirmaydi».)

    2.   Qabul qilasiz. («Keyingi vazifamni bajarganda uning maslahatiga amal qilaman».)

  2.   Xonangizni endi tozalagan bo‘lsangiz ham, oyingiz xonangiz betartib ekani haqida sizga aytadi.

     Asosli tanqidga qanday munosabat bildirasiz?

    1.   Rad etasiz. («Unga hech narsa yoqmaydi».)

    2.   Qabul qilasiz. («Bu ishni yanada yaxshi bajara olishimni tan olaman».)

  3.   Singlingiz unga xo‘jayinchilik qilayotganingiz yoqmayotganini aytadi.

     Asosli tanqidga qanday munosabat bildirasiz?

    1.   Rad etasiz. («Avval o‘zini bilsin».)

    2.   Qabul qilasiz. («Balki kelasi safar unga yumshoqroq muomala qilarman».)

 Ba’zi yoshlarning ko‘ngli hatto salgina tanqidga dosh berolmaydigan darajada nozik bo‘ladi. Siz ham shunaqamisiz? Agar shunday bo‘lsa, ko‘p narsani qo‘ldan boy berasiz! Nima uchun deysizmi? Chunki asosli tanqidga to‘g‘ri munosabat bildirishni o‘rganish muhim ko‘nikmalarga ega bo‘lishingizga yordam beradi. Bu esa hozir va katta bo‘lganingizda sizga asqatadi.

Maslahat eshitishni xohlamaganingiz uchungina unga quloq solishdan bosh tortmang.

 Nima uchun asosli tanqidga muhtojman?

  •   Chunki siz mukammal emassiz. Muqaddas Kitobda: «Barchamiz tez-tez xato qilib turamiz»,— deb yozilgan. (Yoqub 3:2) Shuning uchun hamma asosli tanqidga muhtoj.

     «Men barchamiz nomukammal ekanimizni hamda xato qilishdan qocha olmasligimizni unutmaslikka harakat qilaman. Menga tanbeh berishganida, undan saboq olishga va xatoyimni takrorlamaslikka intilaman». (Deyvid)

  •   Chunki siz doim yaxshilana olasiz. «Donoga o‘git ber, u yanada donoroq bo‘ladi». (Hikmatlar 9:9) Asosli tanqidni qabul qilsangiz, sizga foyda keltiradi.

     «Ilgari tanqidga noto‘g‘ri nuqtai nazarda edim. Tanqid dastidan yomon bo‘lib ko‘rinaman deb o‘ylardim. Ammo hozir maslahatni qabul qilaman va hatto o‘zim maslahat so‘rayman. Chunki nimani yaxshilashim kerakligini bilishni istayman». (Selena)

 Albatta, o‘zingiz maslahat so‘rasangiz boshqa-yu, ammo kutilmaganda sizga maslahat berishsa boshqa. Nataliga bir safar qog‘ozchaga u so‘ramagan maslahatlarni yozib berishgandi. U: «Men esankirab tushkunlikka tushdim. Shuncha harakatlarim evaziga olgan narsam maslahat bo‘ldi!» — deya esladi.

 Siz ham shunga o‘xshash vaziyatga duch kelishingiz mumkinmi?Shunda qanday yo‘l tutsangiz bo‘ladi?

 Asosli tanqidni qabul qilishimga nima yordam beradi?

  •   Quloq soling.

     Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Oqil inson o‘ylab so‘zlaydi, aql-idrokli inson xotirjamlikni saqlaydi». (Hikmatlar 17:27) Sizga gapirayotgan insonning so‘zini bo‘lmay tinglang. Keyinchalik afsuslanmaslik uchun achchiq ustida nojo‘ya gapirishdan qoching!

     «Meni tanqid qilishganida, o‘zimni oqlashga tushaman. Buning o‘rniga tanbehdan saboq olishni o‘rganishim va keyingi safar ishni yaxshiroq bajarishim kerak». (Sara)

  •   Diqqatingizni maslahat beruvchiga emas, maslahatga qarating.

     Ehtimol, sizda maslahat berayotgan kishiga uning kamchiligini ko‘rsatish vasvasasi tug‘ilar. Undan ko‘ra Muqaddas Kitobdagi: «Har bir kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga va g‘azablanishga esa shoshilmasin»,— degan maslahatga amal qilish yaxshiroqdir. (Yoqub 1:19) Odatda tanqidda oz bo‘lsa-da haqiqat bor. Berilayotgan maslahat siz uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Maslahat eshitishni xohlamaganingiz uchungina unga quloq solishdan bosh tortmang.

     «Ilgari ota-onam menga tanbeh bersa, jahlim chiqib: “Bilaman, bilaman”,— derdim. Ammo ularga quloq solib, maslahatlariga rioya qilganimda, yaxshiroq natijalarga erishdim». (Edvard)

  •   O‘zingizga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘ling.

     Sizni tanqid qilishsa, bu muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz degani emas. Bu hamma qatori sizda ham kamchiliklar borligidan dalolat, xolos. Hatto sizga tanbeh berayotgan insonning o‘zi ham ba’zida asosli tanqidga muhtoj bo‘ladi. Chunki Muqaddas Kitobda: «Yer yuzida doimo yaxshilik qilib, hech qachon gunoh qilmaydigan insonning o‘zi yo‘qdir»,— deb aytilgan. (Voiz 7:20)

     «Bir dugonam meni asosli tanqid qilganida, bunga muhtoj emasman deb o‘ylaganman. To‘g‘ri, uning rostgo‘yligi uchun rahmat degandim, lekin o‘zim xafa bo‘lgandim. Ammo vaqt o‘tib uning tanqidi o‘rinli ekanini tushundim. Uning maslahati tufayli nimaning ustida ishlashim kerakligini ko‘ra oldim. Agar dugonam aytmaganida buni payqamagan bo‘lardim». (Sofiya)

  •   Yaxshilanishni maqsad qiling.

     Muqaddas Kitobda: «Zakovatli tanbehni qabul qiladi»,— deb yozilgan. (Hikmatlar 15:5) Tanbehni qabul qilsangiz, har qanday xafagarchilikni unutib, sizga ko‘rsatishgan sohada yaxshilanishga kirishib ketasiz. Bunga erishish uchun harakat rejasini tuzing va bir necha oy davomida yaxshilanib borayotganingizga e’tiborli bo‘ling.

     «Tanqidni qabul qilish rostgo‘ylik bilan bog‘liq. Chunki o‘zingiz bilan rostgo‘y bo‘lsangiz, xatolaringizni tan olib, kechirim so‘ray olasiz hamda qanday yaxshilanish mumkinligini o‘rganasiz». (Emma)

 Xulosa: Muqaddas Kitobda: «Temir temirni charxlaganiday, odam odamni o‘tkirlaydi»,— deb aytilgan. (Hikmatlar 27:17) Asosli tanqid hozir va ulg‘ayganingizda yaxshilanishingizga hissa qo‘shadigan yaxshi bir vositadir.