Efesliklarga 4:1-32

  • Masihning badanidagi birlik (1-16)

    • Hadya sifatida berilgan odamlar (8)

  • Eski va yangi o‘zlik (17-32)

4  Xullas, Hazratimiz uchun zanjirband bo‘lgan men+ sizlardan o‘tinaman: da’vat etilganingizga yarasha yo‘l tutinglar+.  Hamisha kamtar*+, muloyim, sabr-toqatli+ va sevgi bilan bir-biringizga bardoshli bo‘lib+,  tinchlik rishtalari orqali muqaddas ruhning birligini saqlashga jon kuydiringlar+.  Sizlar da’vat etilgan umid bitta bo‘lgani kabi+, bitta badan+, bitta muqaddas ruh+,  bitta Hazrat+, bitta imon, bitta suvga cho‘mish  va barchadan ustun, hamma orqali va hammada kuchi bilan amal qilayotgan, barchaning Otasi bo‘lgan bitta Xudo bor.  Har birimizga Masih belgilagani bo‘yicha inoyat hadya qilib berildi+.  Shu sababli, Alloh: «U tepalikka ko‘tarilganda, asirlarni olib ketdi, odamlarni hadya sifatida berdi»+,— deb aytgan.  «Ko‘tarilganda» so‘zi nimani bildiradi? Bu shuningdek, u pastga, ya’ni yerga tushganini anglatadi. 10  Pastga tushgan kimsa hamma narsani amalga oshirish uchun osmon-u falakdan ham yuqoriga+ ko‘tarildi+. 11  U ayrimlarni havoriylar+, ba’zilarni payg‘ambarlar+, boshqalarni xushxabar va’zgo‘ylari+, o‘zgalarni esa cho‘pon-u ustozlar+ qilib, 12  muqaddas kishilarni tuzatish*, boshqalarga xizmat qilish va Masihning tanasini barpo etish uchun berdi+. 13  Toki natijada bizlar Xudoning O‘g‘li haqidagi aniq bilimda va imonda yakdil, Masihning to‘liq qomatiga yetishgan insonday yetuk bo‘laylik+. 14  Endi yolg‘on ishlatib, ayyorlik bilan yo‘ldan uradigan odamlarni tinglab, har turli ta’limotning shamolidan to‘lqinlanib+, u yoqdan bu yoqga tebranadigan bolalarday bo‘lmaylik. 15  Aksincha, haqiqatni gapirayotib, bosh bo‘lmish Masihga+ munosib tarzda hamma narsada sevgi orqali o‘sib boraylik. 16  U orqali tananing barcha a’zolari+ bo‘g‘inlar yordamida o‘zaro birikib, har bir a’zo o‘ziga ajratilgan muhim vazifani bajaradi va bir-biri bilan hamkorlik qiladi. Shu tariqa, butun tana a’zolari sevgida mustahkamlanish uchun birgalikda o‘sib boradi+. 17  Shu sababli, men sizlarga Hazratimiz nomidan gapirib shohidlik beryapman, toki sizlar bundan buyon o‘zga xalqlarning+ bema’ni o‘y-fikri bo‘yicha+ yo‘l tutmanglar. 18  Chunki ular aqlan zulmatda bo‘lib, o‘zlarining nodonligi va bag‘ritoshligi dastidan Xudodan kelib chiqayotgan hayotdan yiroqlashganlar. 19  Ular har qanday or-nomusni yo‘qotib, turli iflos ishlarni ochko‘zlik bilan bajarish uchun axloqsiz xulqga*+ berilib ketishgan. 20  Ammo sizlar Masihdan bunday kishi bo‘lishni o‘rganmagansizlar. 21  Haqiqat Isoda bo‘lgani uchun uni tinglab, undan ta’lim oldingizlar. 22  Aldamchi ehtiroslari bilan buzilib borayotgan va avvalgi turmush tarziga xos bo‘lgan+ eski o‘zlikni yechib tashlash+ kerakligini o‘rgandingizlar. 23  Bundan buyon fikrlash tarzingizni va munosabatingizni o‘zgartirib*+, 24  haqiqiy odillik va sadoqatga asoslangan, Xudoning niyatiga ko‘ra yaralgan yangi o‘zlikni kiyib olinglar+. 25  Endi yolg‘onni soqit qilgan ekansizlar, har biringiz yaqiningizga haqiqatni gapiringlar+, zero biz bir tananing a’zolarimiz+. 26  G‘azablanganda gunoh qilmanglar+. Quyosh botguncha g‘azabdan qaytinglar+. 27  Iblisga imkon bermanglar+. 28  O‘g‘rilik qilgan boshqa o‘g‘rilik qilmasin. Undan ko‘ra muhtojlarga biror narsa bera olishi uchun+ astoydil ishlab, o‘z qo‘llari bilan mehnat qilsin+. 29  Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin+. Lekin tinglovchilarga foyda keltirish uchun, zarur bo‘lganda ularni mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapiringlar+. 30  Shuningdek, Xudoning muqaddas ruhini ranjitmanglar+. Zero bu ruh bilan sizlar to‘lov orqali ozod bo‘ladigan kun uchun+ muhrlangansizlar+. 31  Har qanday adovat, qahr-u+ g‘azab, baqiriq va haqoratli so‘zlarni+ har qanday yaramaslik+ bilan birga o‘zingizdan soqit qilinglar. 32  Yaxshisi bir-biringizga mehribon, rahm-shafqatli bo‘linglar+. Alloh sizlarni Masih orqali chin dildan kechirgani kabi, sizlar ham bir-biringizni chin dildan kechiringlar+.

Izohlar

Yoki «O‘y-fikrda kamtar».
Yoki «muqaddas kishilarga ta’lim berish».
Yoki «uyatsizlikka». Yun. aselgeya. Lug‘atga q.
Yoki «aqlingizni harakatga keltiradigan kuchni yangilab». So‘zma-so‘z «aqlingizning ruhini yangilab».