Ibtido 19:1-38

  • Lutnikiga farishtalar keladi (1-11)

  • Lut va oilasiga qochish buyuriladi (12-22)

  • Sado‘m va G‘amo‘ra yo‘q qilinadi (23-29)

    • Lutning xotini tuz ustuniga aylanadi (26)

  • Lut va uning qizlari (30-38)

    • Mo‘ab va Ommonning kelib chiqishi (37, 38)

19  Kech kirganda, ikkala farishta Sado‘mga yetib keldi. Bu payt, Lut Sado‘m darvozasi yonida o‘tirgan edi. Lut ularni ko‘rgach, qarshi olish uchun o‘rnidan turdi-da, yergacha egilib ularga ta’zim qildi+.  U: «Janoblar, men xizmatkoringizning uyiga kirib, yotib qolinglar. Kelinglar, oyoqlaringizni yuvib qo‘yishadi. Ertaga barvaqt turib, yo‘lingizda davom etasizlar»,— deb aytdi. Bunga ular: «Rahmat, biz shahar maydonida tunab qolamiz»,— deyishdi.  Biroq Lut hadeb qistayvergani uchun, ular birgalikda uning uyiga borishdi. Lut ular uchun dasturxon yozib, xamirturushsiz non pishirib olib keldi va ular tanovul qilishdi.  Ular uxlagani yotmoqchi bo‘lganlarida, Sado‘mning barcha erkaklari — shahardagi butun yosh-u qari bir to‘da bo‘lib olib, uyning atrofini o‘rab olishdi.  Ular Lutga: «Kechqurun uyingga kelgan kishilar qani? Ularni bu yoqga olib chiq. Biz ular bilan ko‘ngilxushlik* qilamiz»+,— deya hayqira boshlashdi.  Lut ularning oldiga chiqdi-da, ortidan eshikni yopib qo‘ydi.  Keyin u quyidagilarni aytdi: «Iltimos, birodarlar, yomonlik qilmanglar.  Mening ikkita bokira qizim bor. Ularni sizlarning oldingizga chiqarib beray. Ular bilan istaganingizni qilinglar. Faqat bu kishilarga tegmanglar, chunki ular mening uyimdan panoh topgan mehmonlar bo‘ladi»+.  Bunga ular: «Nari tur!» — deyishdi-da, so‘ng: «O‘zi bu yerda bir kelgindi bo‘lsa, tag‘in bizni hukm qilishga jur’at etyapti-ya! Endi ularga qilmoqchi bo‘lganimizdan ham battarrog‘ini sening boshingga solamiz»,— deb aytishdi. Keyin ular Lutni itarib*, eshik tomon yurishdi-da, eshikni sindirmoqchi bo‘lishdi. 10  Shunda o‘sha kishilar* qo‘llarini tashqariga chiqarib Lutni uyga tortib kirgizishdi va eshikni yopib qo‘yishdi. 11  Uyning kiraverishida turgan kishilarni esa, yoshidan tortib qarisigacha ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘yishdi. Ular eshikni topa olmay, qiynalib ketishdi. 12  Keyin o‘sha kishilar*, Lutga shunday deyishdi: «Bu yerda kiming bor? Bu shaharda yashovchi barcha qarindoshing, kuyovlaring, o‘g‘illaring va qizlaringni olib, bu yerdan chiq! 13  Biz bu yerni yo‘q qilmoqchimiz, chunki shahar aholisi dastidan ko‘tarilayotgan faryod shu qadar kuchaydiki, Yahova eshitdi+. Shu bois, Yahova shaharni vayron qilish uchun bizni yubordi». 14  Shunda Lut bo‘lajak kuyovlarining oldiga borib, ularga: «Shoshilinglar! Bu yerdan chiqib ketinglar, chunki Yahova bu shaharni yo‘q qilmoqchi!» — deb aytdi. Ammo bu, uning kuyovlariga hazildek tuyuldi+. 15  Tong otganda farishtalar: «Tezroq bo‘l! Bu shaharning gunohi dastidan halok bo‘lmasliging uchun xotining va ikkita qizingni olib, chiqib ket!»+ — deya, Lutni shoshiltira boshlashdi. 16  Biroq Lut imillagani uchun o‘sha kishilar* uni, xotinini hamda ikki qizini qo‘llaridan ushlab, ularni shahar tashqarisiga olib chiqib qo‘yishdi+. Chunki Yahovaning unga rahmi kelgan edi+. 17  Ularni shahar tashqarisiga olib chiqib qo‘ygach, ulardan biri shunday dedi: «Joningni* qutqarib qol! Orqangga o‘girilib qarama+ va bu hududning* hech qayerida to‘xtama!+ Halok bo‘lmasliging uchun tog‘li hududga qarab qoch!» 18  Shunda Lut ularga quyidagilarni aytdi: «Iltimos, Yahova, meni u yerga yuborma! 19  Men xizmatkoring Sening iltifotingga sazovor bo‘ldim. Sen jonimni omon saqlab+, menga cheksiz rahmdillik* ko‘rsatding. Lekin men tog‘li hududga qocha olmayman, chunki falokatga duch kelib o‘lib ketaman, deb qo‘rqaman+. 20  Shu yaqin-atrofda bir kichik shaharcha bor, men o‘sha yerga qocha olaman. O‘sha shaharga qochsam maylimi? Axir bu Sen uchun kichik bir narsa emasmi?! Shunda jonim saqlanib qoladi». 21  U javoban Lutga: «Mayli. Men iltimosingni inobatga olib+, sen aytgan shaharni yo‘q qilmayman+. 22  U yerga tezroq qocha qol, chunki sen o‘sha yerga yetib bormaguningcha, Men hech narsa qila olmayman!»+ — deb aytdi. Mana shuning uchun, bu shahar Zo‘var*+ deb atalgan. 23  Lut Zo‘varga yetib kelganida, quyosh chiqqan edi. 24  Keyin Yahova Sado‘m va G‘amo‘ra ustiga oltingugurt bilan olov yog‘dirdi. U Yahova tomonidan, osmondan yog‘dirildi+. 25  Shu yo‘sin, U o‘sha shaharlarni va butun tevarak-atrofni, shahar aholisidan tortib, u yerda o‘sadigan o‘t-o‘langacha barchasini yo‘q qilib yubordi+. 26  Ammo Lutning ortidan kelayotgan xotini, orqasiga o‘girilib qaradi va tuz ustuniga aylanib qoldi+. 27  Ibrohim ertalab barvaqt uyg‘ondi-da, bundan avval Yahovaning oldida turgan va U bilan gaplashgan joyga bordi+. 28  Ibrohim Sado‘m va G‘amo‘ra tomonga va butun tevarak-atrofga ko‘z yugurtirib chiqdi va o‘sha tomondan quyuq tutun ko‘tarilayotganini ko‘rdi. Bu, xuddi xumdondan chiqayotgan tutunga o‘xshardi!+ 29  Xudo tevarak-atrofdagi shaharlarni yo‘q qilayotganda, Ibrohimni yodidan chiqarmadi. Shu sababli, Lut yashagan hududdagi shaharlarni yo‘q qilayotganda, Lutni qutqarib qoldi+. 30  Keyinchalik Lut qizlari bilan Zo‘vardan chiqib, tog‘li hududga borib joylashdi+, chunki u Zo‘varda+ yashashdan qo‘rqdi. Shu bois, u ikki qizi bilan birgalikda g‘orda yashay boshladi. 31  Katta qizi kichigiga shunday dedi: «Otamiz qarib qoldi. Boshqalarga o‘xshab turmushga chiqaylik desak, bu yerda birorta ham erkak yo‘q. 32  Shuning uchun kel, otamizga sharob ichirib qo‘yamiz-da, keyin u bilan birga yotamiz va otamizdan avlod qoldiramiz». 33  O‘sha kuni kechqurun ular otalariga sharob ichirib qo‘yishdi, so‘ng katta qizi borib otasi bilan yotdi. Biroq Lut qizi qachon yotib, qachon turganini bilmadi. 34  Ertasi kuni to‘ng‘ich qiz kichigiga: «O‘tgan kecha men otam bilan yotdim. Kel, bu kecha ham unga sharob ichirib qo‘yamiz. Keyin sen borib, u bilan yotasan va shu yo‘sin otamizdan avlod qoldiramiz»,— deb aytdi. 35  Shunday qilib, o‘sha kecha ham ular otalariga sharob ichirishdi. So‘ng kichik qizi borib, u bilan yotdi. Biroq Lut qizi qachon yotib, qachon turganini bilmadi. 36  Bundan so‘ng, Lutning ikkala qizi ham otalaridan homilador bo‘lishdi. 37  Oradan vaqt o‘tib, katta qizi o‘g‘il tug‘di va uning ismini Mo‘ab*+ qo‘ydi. U, hozirgi mo‘abliklarning otasidir+. 38  Kichik qizi ham o‘g‘il tug‘ib, uning ismini Banommi* qo‘ydi. U, hozirgi ommonliklarning+ otasidir.

Izohlar

Ya’ni ular bilan jinsiy aloqada bo‘lishni nazarda tutishgan.
Yoki «qattiq siqib».
«Kishilar» so‘zi inson qiyofasiga kirgan farishtalarni anglatadi.
«Kishilar» so‘zi inson qiyofasiga kirgan farishtalarni anglatadi.
«Kishilar» so‘zi inson qiyofasiga kirgan farishtalarni anglatadi.
Yoki «hayotingni».
Ibt 13:10 izohiga q.
Yoki «mehr-sadoqat».
Ma’nosi «kichik».
Ma’nosi «otadan».
Ma’nosi «xalqimning o‘g‘li», ya’ni qarindoshlarimning o‘g‘li.