Asosiy materiallarga o‘tish

Nega Iso Xudoning O‘g‘li deb ataladi?

Nega Iso Xudoning O‘g‘li deb ataladi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda Iso ko‘pincha «Xudoning O‘g‘li» deb ataladi. (Yuhanno 1:49) «Xudoning O‘g‘li» a iborasi Alloh hammaning, jumladan, Isoning ham hayot Manbai, Yaratuvchisi ekanini ko‘rsatmoqda. (Zabur 36:9; Vahiy 4:11) Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudo insonlar kabi tom ma’noda bolalarni dunyoga keltirmaydi.

 Muqaddas Yozuvlarda farishtalar ham «haq Tangrining o‘g‘illari» deb ataladi. (Ayub 1:6) Qolaversa, u yerda ilk inson, Odamato ham «Xudoning o‘g‘li» deb yozilgan. (Luqo 3:38) Ammo Iso Xudoning ilk ijodi bo‘lgani va U uni O‘zi yaratgani uchun Muqaddas Kitobda ko‘pincha Xudoning O‘g‘li deb aytiladi.

 Iso yer yuziga kelishdan avval osmonda yashaganmi?

 Ha. Iso yer yuzida inson sifatida tug‘ilishidan avval osmonda ruhiy shaxs edi. Uning o‘zi: «Osmondan tushganman»,— deb aytgan. (Yuhanno 6:38; 8:23)

 Alloh hamma narsadan oldin Isoni yaratgan edi. Muqaddas Kitobda Iso haqida quyidagilar yozilgan:

  •   «U barcha mavjudotlar ichida to‘ng‘ichdir». (Kolosaliklarga 1:15)

  •   U «Xudoning ijodlaridan birinchisi». (Vahiy 3:14)

     «Uning kelib chiqishi qadim zamonlardan, azaliy kunlardan»,— deb aytilgan bashorat unda amalga oshdi. (Mixo 5:2; Matto 2:4–6)

 Iso yer yuziga kelishdan oldin nima qilgan?

 U osmonda yuksak mavqega ega edi. Iso quyidagicha ibodat qilganda o‘z mavqeiga ishora qilgan: «Otajon, dunyo yaratilishidan avval... ega bo‘lgan sharafni menga yana ato etgin». (Yuhanno 17:5)

 U Otasiga barcha narsani yaratishda yordam bergan. Iso Tangrining yonida «mohir ishchi» sifatida mehnat qilgan. (Hikmatlar 8:30) Muqaddas Kitobda Iso to‘g‘risida shunday aytilgan: «Yer-u osmondagi bor mavjudot... uning yordamida vujudga keldi». (Kolosaliklarga 1:16)

 Xudo Iso orqali hamma narsani yaratgan. U shuningdek, farishtalarni va koinotni yaratgan. (Vahiy 5:11) Qaysidir ma’noda, Xudo Iso bilan qilgan hamkorligini, arxitektor va quruvchining hamkorligiga o‘xshatsa bo‘ladi. Arxitektor binoni loyihalashtiradi, quruvchi esa uni quradi.

 U Kalom edi. Isoning osmondagi hayoti haqida gap ketganda, Muqaddas Kitobda u«Kalom» deb ataladi. (Yuhanno 1:1) Aftidan, Xudo O‘g‘li orqali farishtalarga ma’lumot va yo‘l-yo‘riq taqdim etgan.

 Ehtimol, Tangri yer yuzidagi insonlarga Iso orqali gapirgan. Xudo Adan bog‘ida bo‘lgan Odamato bilan Momohavoga Kalom bo‘lmish Iso orqali yo‘l-yo‘riqlar bergandir. (Ibtido 2:16, 17) Sahroda Isroil xalqini yetaklagan hamda ular astoydil bo‘ysunishi kerak bo‘lgan farishta ham Iso bo‘lganga o‘xshaydi. (Chiqish 23:20–23) b

a Ba’zilar bu iborani eshitganda, cho‘chiydi va buni tan olmaydi, chunki faqat insonlar bola ko‘ra oladi deyishadi. Xudo esa ruhiy Shaxs. Masalan, «o‘g‘il, ota, aka-uka» so‘zlari majoziy ma’noda qo‘llanilishi mumkin. Misol uchun, yoshi kattalar yoshlarga, aslida ota-onasi bo‘lmasa ham «bolam, o‘g‘lim, qizim» deb murojaat qiladi. Gohida «u shu qishloqning bolasi» degan iborani eshitganimizda, uni tom ma’noda qishloq dunyoga keltirgan degan fikrga bormaymiz, u qayerdan kelib-chiqqanini bilamiz, xolos. Muqaddas Kitobda ham Yahova bizning Yaratuvchimiz bo‘lgani bois, Otamiz deb aytiladi. (Ishayo 64:8)

b Xudo Kalomdan tashqari, boshqa farishtalar orqali ham gapirgan edi. Masalan, Isroil xalqiga Tavrotni berish uchun boshqa farishtalardan foydalangan. (Havoriylar 7:53; Galatiyaliklarga 3:19; Ibroniylarga 2:2, 3)