Kolosaliklarga 1:1-29

  • Salomlar (1, 2)

  • Kolosaliklarning imoni uchun shukronalar (3-8)

  • Ma’nan ulg‘ayish uchun ibodat (9-12)

  • Masihning muhim o‘rni (13-23)

  • Pavlusning jamoat uchun qilgan mehnati (24-29)

1  Allohning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi* bo‘lgan Pavlusdan va birodarimiz Timo‘tiydan+  Kolosa shahridagi Masih bilan birlikda bo‘lgan ishonchli birodarlarimiz va muqaddas kishilarga: Otamiz Xudodan sizlarga inoyat va tinchlik bo‘lsin.  Sizlar uchun ibodat qilganimizda, Hazratimizning Otasi bo‘lmish Allohga hamisha shukronalar aytamiz.  Sababi, Iso Masihga bo‘lgan ishonchingiz va barcha muqaddas kishilarga nisbatan sevgingiz to‘g‘risida eshitganmiz.  Bunday munosabat esa osmonda sizlar uchun tayyorlab qo‘yilgan umidingiz+ tufayli yuzaga kelgan. Bu umid haqida haqiqat bo‘lmish xushxabar orqali ilgari eshitgansizlar.  Bu xushxabar sizlarga yetib keldi. Xushxabar butun dunyo bo‘ylab yoyilib samara keltirayotganday+, Tangrining inoyati to‘g‘risidagi haqiqatni eshitganingizdan va uni aniq bilib olgan kuningizdan beri sizlarda ham samara keltiryapti.  Bularning hammasini Masihning ishonchli xizmatkori, aziz xizmatdoshimiz Epafrasdan+ o‘rgandingizlar.  U Xudoning ruhi yordamida rivojlangan sevgingiz haqida bizlarga aytib bergan.  Mana shu sababli, bu to‘g‘risida eshitgan kundan beri sizlar uchun tinmasdan ibodat qilib so‘rayapmiz+. Toki sizlar Uning irodasini aniq anglashingiz uchun+ to‘liq donolikka va muqaddas ruh berayotgan tushunchaga ega bo‘linglar+. 10  Shuningdek, Yahovaga* munosib ravishda yo‘l tutib, Uni har jihatdan mamnun qilib, turli ezgu ishda samara keltirib, Allohni tanib-bilishda ulg‘ayinglar+. 11  Quvonch va sabr-toqat bilan oxirigacha dosh berishingiz uchun, Xudo buyuk qudrati ila sizlarga kuch-quvvat ato etsin+. 12  Sizlarni yorug‘likda yurgan muqaddas kishilarga hamvoris+ bo‘lishga munosib qilgan Otamizga shukrona aytinglar. 13  Xudo bizlarni zulmat hukmronligidan xalos etib+, sevimli O‘g‘lining shohligiga ko‘chirdi. 14  O‘g‘lining to‘lovi orqali ozod bo‘ldik, gunohlarimiz kechirildi+. 15  Iso ko‘rinmas Allohni o‘zida aks etadi+. U barcha mavjudotlar ichida to‘ng‘ichdir+. 16  Yer-u osmondagi bor mavjudot, ko‘rinadigan va ko‘rinmaydiganlarning bari+: xoh taxt bo‘lsin, xoh hokimlik bo‘lsin, xoh hukumat, xoh hokimiyat bo‘lsin, uning yordamida vujudga keldi. Buning barchasi u orqali+ va u uchun yaratilgan. 17  Isoning o‘zi hamma narsadan avval mavjud edi+. Barcha narsa u orqali vujudga keldi. 18  U tananing, ya’ni jamoatning boshidir+. U barcha narsaning ibtidosi, o‘liklardan birinchi bo‘lib tirilgan+. Toki hamma narsada u birinchi bo‘lsin. 19  Chunki Alloh unda hamma narsa to‘la-to‘kis jo bo‘lishini xush ko‘rdi+. 20  Shuningdek, yer-u ko‘kda bor mavjudotni u orqali O‘zi bilan yarashtirib+, azob ustunida* uning to‘kkan qoni yordamida+ tinchlik o‘rnatishga qaror qildi. 21  Ha, fikr-xayollaringiz yomon ishlarga berilgani uchun sizlar qachonlardir Allohdan uzoqlashgan va Unga dushman edingizlar. 22  Endi esa Tangri sizlarni jismoniy tanasini qurbon qilgan kimsaning o‘limi orqali O‘zi bilan yarashtirdi. Toki sizlar Uning oldida muqaddas, benuqson va aybsiz holda hozir bo‘linglar+. 23  Albatta, buning uchun imoningizni saqlab+, uning asosida barqaror+ va sabotli bo‘lishingiz kerak+. Bundan tashqari, sizlar eshitgan va falak ostida bor jonzotga va’z qilingan xushxabarga asoslangan umiddan qaytmasligingiz lozim+. Men Pavlus, bu xushxabarning xizmatchisi bo‘ldim+. 24  Endi men sizlarni deb azob chekayotganimdan+ sevinyapman. O‘ylaymanki men hali Masihning badani, ya’ni jamoati+ uchun tortgan azoblarini to‘la ravishda boshdan kechirganim yo‘q+. 25  Allohdan berilgan boshqaruvchilik vazifalariga+ binoan, men bu jamoatning xizmatchisi bo‘ldim. Bularning hammasi foydangiz uchun va Xudoning kalomini to‘liq va’z etish uchun mening zimmamga yuklangan. 26  Mana shu kalom o‘tgan zamonlarda*, avlodlardan yashirilgan+ muqaddas sir+ edi. Endi esa Uning muqaddas kishilariga oshkor etildi+. 27  Ulug‘vorlik va boylikka to‘la bo‘lgan o‘sha muqaddas sirni Tangri xalqlarga ayon qildi+. Muqaddas sir sizlar bilan birlikda bo‘lgan Masihdir, u bilan birga ulug‘vorlikka erishishga umidvor bo‘lishdir+. 28  Har bir insonga nasihat qilib, donolik bilan ta’lim berib, u haqda xabar qilyapmiz. Toki biz har bir kishini Masihning yetuk izdoshi sifatida taqdim etaylik+. 29  Aynan shu maqsadda, menga kuchli ta’sir qilayotgan Uning qudratiga tayanib+ jon-jahdim bilan mehnat qilyapman.