Yuhanno 8:12-59

  • Xudo Iso to‘g‘risida shahodat beradi (12-30)

    • Iso «dunyoning nuri» (12)

  • Ibrohimning farzandlari (31-41)

    • «Haqiqat sizlarni ozod etadi» (32)

  • Iblisning farzandlari (42-47)

  • Iso va Ibrohim (48-59)

8  12  Iso yana xalqga murojaat qilib dedi: «Men dunyoning nuriman+. Kim ortimdan ergashsa, aslo qorong‘ilikda yurmaydi, balki hayotga eltuvchi nurga ega bo‘ladi»+. 13  Bunga farziylar: «Sen o‘zing haqingda shohidlik beryapsan, shuning uchun shohidliging haqiqiy emas»,— deyishdi. 14  Iso javoban quyidagilarni aytdi: «O‘zim haqimda shohidlik berayotgan bo‘lsam-da, mening shohidligim haqiqiy, boisi men qayerdan kelganimni va qayerga borayotganimni bilaman+. Sizlar esa qayerdan kelganimni ham, qayerga borayotganimni ham bilmaysizlar. 15  Sizlar tashqi ko‘rinishga qarab hukm qilasizlar+, men esa hech kimni hukm etmayman. 16  Hukm qilsam ham, hukmim adolatlidir, chunki men yolg‘iz emasman. Meni yuborgan Otam men bilan birga+. 17  Qolaversa, Qonuningizda: “Ikki kishining shohidligi to‘g‘ridir”+,— deyilgan. 18  Men o‘zim haqimda shohidlik beryapman hamda meni yuborgan Otam men to‘g‘rimda shahodat bermoqda»+. 19  Shunda ular: «Otang qayerda?» — deb aytishdi. Iso bunday javob berdi: «Sizlar na meni, na Otamni bilasizlar+. Agar meni bilganingizda edi, Otamni ham bilgan bo‘lardingiz»+. 20  Iso bu so‘zlarni ma’badda ta’lim berayotib, xazina qutilari turgan joyda aytdi+. Biroq hech kim uni qo‘lga olmadi, chunki uning vaqt-soati hali kelmagan edi+. 21  Ularga yana bunday dedi: «Men ketyapman. Meni qidirasizlar, ammo gunohkorligingizcha o‘lib ketasizlar+. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar»+. 22  Yahudiylar esa shunday deyishdi: «Nahotki u o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lsa, axir: “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”,— deyapti-ku?» 23  Iso esa ularga: «Sizlar yerdansiz, men esa yuqoridanman+. Sizlar bu dunyodansiz, men bo‘lsam bu dunyodan emasman. 24  Aynan shu sababdan gunohkorligingizcha o‘lib ketasizlar, deb aytdim. Agar men kelishi kerak bo‘lgan o‘sha ekanimga ishonmasangiz, gunohkorligingizcha o‘lib ketasizlar»,— deb aytdi. 25  Shunda ular: «Sen o‘zi kimsan?» — deya so‘rashdi. Iso ularga: «Nima uchun sizlarga hamma narsani gapirishim kerak? 26  Sizlar haqda aytadigan va hukm qiladigan ko‘p narsalar bor. Meni Yuborgan haqdir va men dunyoga faqat Undan eshitganlarimni gapiryapman, xolos»+,— deb aytdi. 27  Ammo ular Iso Otasi haqida gapirganini tushunishmadi. 28  Shunda Iso bunday dedi: «Inson O‘g‘lini yuqoriga ko‘targaningizda+, men o‘sha ekanimni+ va hech narsani o‘z xohishimcha qilmayotganimni bilasizlar+. Chunki Otam qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shularni aytyapman. 29  Meni Yuborgan men bilandir. U meni yolg‘iz qoldirmadi, negaki men doim Unga ma’qul bo‘lgan ishni qilaman»+. 30  Iso bu so‘zlarni aytganda, ko‘plar unga ishondi. 31  Iso unga ishongan yahudiylarga qarata dedi: «Agar mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, chindan ham mening shogirdlarimsiz. 32  Sizlar haqiqatni bilib olasizlar+ va haqiqat sizlarni ozod etadi»+. 33  Bunga ular shunday deyishdi: «Bizlar Ibrohimning avlodimiz va aslo hech kimga qul bo‘lmaganmiz. Nega sen: “Ozod bo‘lasizlar”,— deb aytyapsan?» 34  Iso javoban dedi: «Sizlarga chinini aytyapmanki, gunoh qilayotgan inson gunohning qulidir+. 35  Qul esa uyda abadiy qolmaydi, aksincha, o‘g‘il umrbod qoladi. 36  Shunday ekan, agar O‘g‘il sizlarni ozod etsa, chindan ham erkin bo‘lasizlar. 37  Sizlar Ibrohimning avlodi ekaningizni bilaman. Lekin so‘zlarim qalbingizdan o‘rin olmayotgani sabab, meni o‘ldirmoqchisizlar. 38  Men Otamning huzurida ko‘rgan narsalarimni gapiryapman+, sizlar esa o‘z otangizdan eshitganlaringizni qilyapsizlar». 39  Ular: «Bizning otamiz Ibrohim»,— deyishdi. Iso ularga bunday deb aytdi: «Agar Ibrohimning bolalari bo‘lsangiz+, Ibrohimning ishlarini qilinglar. 40  Ammo sizlar meni — Xudodan eshitgan haqiqatni+ sizlarga so‘zlagan odamni o‘ldirmoqchisizlar. Ibrohim bunday qilmagan bo‘lar edi. 41  Sizlar o‘z otangizning ishlarini qilyapsizlar». Ular esa: «Bizlar haromi emasmiz*. Bizning bitta Otamiz bor. U — Xudo»,— deyishdi. 42  Iso ularga quyidagilarni aytdi: «Otangiz Xudo bo‘lganida edi, meni sevgan bo‘lardingiz+. Chunki meni Alloh yuborgan va men bu yerdaman. Men o‘z xohishimcha kelganim yo‘q, U meni yubordi+. 43  Nega aytganlarimni tushunmayapsizlar? Chunki so‘zlarimni eshitishni istamayapsizlar-da. 44  Sizlarning otangiz Iblis va sizlar uning xohishini bajarishni istaysizlar+. U boshidanoq qotil edi+. Unda haqiqat bo‘lmagani uchun haqiqat yo‘lida tura olmadi. U yolg‘on so‘zlaganda, o‘z fe’liga xos gapiradi. Boisi u yolg‘onchi va yolg‘onning otasidir+. 45  Men haqiqatni gapirayotganim uchun, sizlar menga ishonmayapsizlar. 46  Qay biringiz meni gunohda ayblay olasiz? Men haqiqatni gapirayotgan bo‘lsam, nega menga ishonmayapsizlar? 47  Kim Xudodan bo‘lsa, u Allohning so‘zlarini tinglaydi+. Sizlar Xudodan bo‘lmaganingiz uchun meni tinglamayapsizlar»+. 48  Yahudiylar javoban: «Sen samariyaliksan+, seni jin urgan+, deb bekorga aytmagan ekanmiz-da»,— deyishdi. 49  Iso esa bunday dedi: «Meni jin urmagan. Men Otamni sharaflayapman, sizlar esa meni haqoratlayapsizlar. 50  Men o‘zim uchun sharaf izlayotganim yo‘q+; bunday sharafga munosib bo‘lgan va hukm etadigan yagona Shaxs bor. 51  Ishonavering, kimki so‘zlarimga amal qilsa, hech qachon o‘lmaydi»+. 52  Yahudiylar esa unga shunday deyishdi: «Seni jin urganligiga endi amin bo‘ldik. Ibrohim ham, payg‘ambarlar ham o‘lishgan. Sen bo‘lsang: “Kimki so‘zlarimga amal qilsa, hech qachon o‘lmaydi”,— deyapsan. 53  Nahotki sen otamiz Ibrohimdan ham buyukroq bo‘lsang? Payg‘ambarlarning hammasi o‘lib ketgan. Sen o‘zingni kim deb o‘ylayapsan?» 54  Iso javoban dedi: «Agar men o‘zimni ulug‘layotgan bo‘lsam, mening ulug‘vorligim befoydadir. Sizlar Allohimiz deyayotgan Otam meni ulug‘lamoqda+. 55  Sizlar aslida Uni bilmaysizlar+. Men esa Uni bilaman+. Bordi-yu, Uni bilmayman desam, sizlar kabi yolg‘onchi bo‘lardim. Ammo men Uni bilaman va Uning kalomiga rioya qilaman. 56  Otangiz Ibrohim men qilayotgan ishlarni ko‘rishga umid bog‘lab, juda quvongandi. Endi ko‘rib, shod-xurram bo‘ldi»+. 57  Bunga yahudiylar: «Hali 50 yoshga kirmagansan-u, Ibrohimni ko‘rdim, deyapsanmi?» — deb aytishdi. 58  Iso ularga dedi: «Ishonavering, Ibrohim dunyoga kelishidan avval men bor edim»+. 59  Shunda ular Isoni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi. Lekin u yashirinib, ma’baddan chiqib ketdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «zinodan tug‘ilmaganmiz». Yun. pornia. Lug‘atdagi «jinsiy axloqsizlik» iborasiga q.