Ibtido 2:1-25

  • Yettinchi kun Alloh dam oladi (1-3)

  • Tangri Yahova yer bilan osmonning Yaratuvchisi (4)

  • Erkak va ayol Adan bog‘ida (5-25)

    • Odam tuproqdan yaratilgan (7)

    • Taqiqlangan daraxt (15-17)

    • Ayol yaratiladi (18-25)

2  Shunday qilib, osmon bilan yerning va ulardagi barcha narsalarning* yaratilishi o‘z nihoyasiga yetdi+.  Yettinchi kunga kelib, Xudo ishlarini tamomladi. Ishlarini bitirib bo‘lgach, yettinchi kuni dam olishni boshladi+.  Keyin Alloh yettinchi kunni muborak qilib, muqaddas deb e’lon etdi, chunki shu kuni Alloh niyat qilgan yaratish ishlarini tugatib, dam olishni boshladi.  Bu — osmon bilan yerning yaratilish tarixi. Shu kuni Tangri Yahova* yer bilan osmonni yaratdi+.  Yer yuzida hali buta ham, o‘simlik ham o‘sib chiqmagan edi, chunki Tangri Yahova yer yuziga yomg‘ir yog‘dirmagan edi va yerga ishlov berish uchun odam ham yo‘q edi.  Biroq yerdan bug‘ ko‘tarilib, butun yer yuzini sug‘orib turardi.  So‘ng Xudovand Yahova yerning tuprog‘idan+ odamni yaratib, burniga hayot nafasini+ pufladi va odam tirik jon* bo‘ldi+.  Tangri Yahova sharq tomonda, Adan*+ degan joyda bir bog‘ni barpo qilib, O‘zi yaratgan odamni o‘sha yerga joylashtirdi+.  Shundan keyin, Alloh Yahova ko‘zga yoqimli va yemoqga yaxshi bo‘lgan turli daraxtlarni o‘stirdi. Shuningdek, bog‘ning o‘rtasida hayot daraxtini+ hamda nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtni+ ham o‘stirdi. 10  Adandan bog‘ni sug‘orib turgan daryo oqib chiqardi va keyin to‘rtta daryoga bo‘linib ketardi. 11  Birinchisining nomi Pishon bo‘lib, u butun Xavila yurti bo‘ylab oqib o‘tadi. U yerda oltin bor. 12  O‘sha yerning oltini yuqori sifatlidir. Shuningdek, u yerda xushbo‘y yelim va oniks toshi bor. 13  Ikkinchi daryoning nomi Gixo‘n bo‘lib, u butun Kush* diyori bo‘ylab oqib o‘tadi. 14  Uchinchi daryoning nomi Dajla*+ bo‘lib, u Ossuriyadan+ sharq tomonga qarab oqadi. To‘rtinchi daryo esa Furotdir+. 15  Xudovand Yahova, Adan bog‘iga ishlov bersin va uni parvarish qilsin deya, odamni u yerga joylashtirdi+. 16  Tangri Yahova odamga shunday amr berdi: «Bog‘dagi har qanday daraxtning mevasidan to‘yguningcha yeyaver+. 17  Ammo nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtning mevasidan yemasliging kerak, aks holda, undan yegan kuni o‘lasan»+. 18  Keyin Alloh Yahova: «Odamning bir o‘zi bo‘lishi yaxshi emas. Uni to‘ldirib turadigan yordamchini yarataman»+,— deb aytdi. 19  Tangri Yahova tuproqdan har xil yovvoyi hayvonlarni, osmonda uchib yuruvchi turli jonivorlarni yaratib, ularning har biriga qanday nom berar ekan deya, ularni odamning oldiga keltira boshladi. Odam har bir tirik jonga qanday nom bergan bo‘lsa, uning nomi shunday bo‘ldi+. 20  Odam barcha uy hayvonlariga, osmonda uchib yuruvchi turli jonivorlarga va har xil yovvoyi hayvonlarga nom berdi. Biroq odamni to‘ldirib turadigan yordamchi yo‘q edi. 21  Shuning uchun Xudovand Yahova odamni qattiq uxlatib qo‘ydi va u uxlayotganda, qovurg‘alaridan bittasini olib, o‘sha joyini et bilan qopladi. 22  Keyin Alloh Yahova odamdan olingan qovurg‘adan ayolni barpo qilib, uni odamning oldiga keltirdi+. 23  Shunda odam dedi: «Mana, nihoyat mening suyagimdan olingan suyak,Mening etimdan olingan et. U “ayol” deb ataladi,Zero, u erkakdan* olingandir»+. 24  Shuning uchun erkak kishi o‘z ota-onasini qoldirib, xotiniga bog‘lanib* qoladi va ular bir tan bo‘lishadi+. 25  Ularning ikkalasi: odam ham, xotini ham yalang‘och yurishardi+, ammo bir-biridan uyalishmas edi.

Izohlar

So‘zma-co‘z «ularning barcha qo‘shinlari»
Bu, Xudoni boshqalardan ajratib turadigan shaxsiy ismi uchragan ilk oyat. Ibroniycha יהוה (YHVH). Ilovaning A4 mavzusiga q.
Ibr. nefesh. Bu, so‘zma-so‘z «nafas oladigan mavjudot» degan ma’noga ega. Lug‘atga q.
Ma’nosi «rohatlanish; lazzatlanish».
Yoki «Habashiston (Efiopiya)».
Ibr. Xiddekel.
«Erkak» va «ayol» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘zlarning talaffuzi bir-biriga o‘xshash. «Erkak» ibr. ish, «ayol» ibr. ishsha.
Bu yerda qo‘llanilgan ibroniycha so‘z «yelim bilan yopishtirilganday yopishib qolish, mahkam birikib qolish», degan ma’noga ega.