Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

A3

Muqaddas Kitob qanday saqlanib qoldi?

Muqaddas Kitobning Muallifi va Yaratuvchisi uning saqlanib qolinishiga g‘amxo‘rlik ham qilgan. U quyidagi so‘zlarni yozdirgan Zotdir:

«Xudoyimizning kalomi esa abadiy qoladi». (Ishayo 40:8)

Muqaddas Kitobni tashkil etuvchi Ibroniycha va Oromiycha yozuvlarning a hamda Yunoncha yozuvlarning asl matni bizning kunlargacha saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, bu so‘zlar haq bo‘lib qolaveradi. Unda qo‘limizdagi Muqaddas Kitobda Xudo tomonidan ilhomlantirilgan asl matndagi fikrlar yozilganiga qanday amin bo‘lishimiz mumkin?

XUDO KALOMINI SAQLAB QOLGAN KOTIBLAR

Ibroniycha yozuvlar haqida gapiradigan bo‘lsak, javobni qisman Xudo joriy etgan qadimiy an’anadan topish mumkin. An’anaga ko‘ra Muqaddas Yozuvlar matni ko‘chirib yozilishi kerak edi b. Misol uchun Tangri Yahova Isroil shohlariga o‘zlari uchun Tavrotdan nusxa ko‘chirishni buyurgan edi. (Qonunlar 17:18) Bundan tashqari, Alloh levilarni Tavrotni saqlab qo‘yishga va undan foydalanib xalqqa ta’lim berishga mas’ul etib qo‘ygan edi. (Qonunlar 31:26; Naximiyo 8:7) Yahudiylar Bobildan surgunlikdan qaytgach, kotiblar yoki ulamolar (soferimlar) guruhi paydo bo‘ldi. (Ezra 7:6, izohlar) Vaqt o‘tgach, o‘sha ulamolar Ibroniycha yozuvlarning 39 ta kitobining ko‘pgina nusxalarini yaratishdi.

Asrlar davomida ulamolar sinchkovlik bilan bu kitoblardan nusxa ko‘chirishgan. O‘rta asrlarda masoretlar deb tanilgan bir guruh yahudiy ulamolar bu an’anaga rioya qilishgan. Masoret qo‘lyozmalarining qadimiy to‘liq nusxasi milodiy 1008–1009-yillarga oid Leningrad kodeksidir. Biroq XX asrning o‘rtalarida O‘lik dengiz o‘rama bitiklari ichida taxminan 220 ta Muqaddas Kitob qo‘lyozmalari va matn parchalari topildi. Ularning yoshi Leningrad kodeksidan ming yildan ham oshiqroq ekan. O‘lik dengiz o‘rama bitiklari bilan Leningrad kodeksi solishtirilganda muhim bir haqiqat tasdiqlandi: garchi O‘lik dengiz o‘rama bitiklaridagi so‘zlar Leningrad kodeksidagi so‘zlardan farq qilsa-da, ularning birortasi xabarning mazmuniga putur yetkazmagan.

Unda 27 ta kitobdan iborat Yunoncha yozuvlar haqida nima deyish mumkin? Bu kitoblar Isoning ayrim havoriylari va bir necha ilk shogirdlar tomonidan qalamga olingan. Yahudiy ulamolarning an’anasiga rioya qilib, ilk masihiylar o‘sha kitoblardan nusxa ko‘chirishgan. (Kolosaliklarga 4:16) Rim imperatori Diokletian va boshqalar ilk masihiylarning hamma adabiyotlarini yo‘q qilishga uringan bo‘lishsa-da, minglab qadimiy qo‘lyozmalar va matn parchalari bizning kunlargacha saqlanib qoldi.

Yunoncha yozuvlar boshqa tillarga ham tarjima qilingan edi. Muqaddas Kitobning ilk tarjimalari arman, qibtiy (kopt), efiop, gruzin, lotin va suryoniy kabi qadimiy tillarda ham paydo bo‘ldi.

IBRONIYCHA VA YUNONCHA MATNLAR TARJIMASI UCHUN ASOS

Muqaddas Kitobdan ko‘chirib olingan qadimiy qo‘lyozmalarning hammasida ham o‘sha-o‘sha so‘zlar yozilmagan. Unda asl matnda nima yozilganini qayerdan bilib olamiz?

Buni bir misol yordamida tushuntirsa bo‘ladi. O‘qituvchi 100 nafar talabaga kitobning bir bobidan nusxa ko‘chirishni aytadi. Hatto kitobning o‘sha bobi yo‘qolib qolsa ham, 100 ta nusxasini bir-biri bilan solishtirib asl matnda nima yozilganini aniqlash mumkin. Har bir talaba xatolarga yo‘l qo‘ysa ham, hamma talabalar o‘sha-o‘sha xatoni qilishi amrimahol. Xuddi shunday olimlar ham Muqaddas Kitobning qo‘llarida bor bo‘lgan minglab qadimiy matn parchalari va nusxalarini bir-biri bilan solishtirib, kotiblarning xatosini topishadi va asl matnda qaysi so‘zlar turganini aniqlay olishadi.

«Aminlik bilan aytish mumkinki, qadimiy asarlarning hech biri shunchalik aniq yetkazib berilmagan»

Muqaddas Kitobning asl matnidagi fikrlar bizgacha aniq yetib kelganiga qanday ishonch hosil qila olamiz? Ibroniycha yozuvlarning matniga izoh berayotib olim Vilyam X. Grin shunday dedi: «Aminlik bilan aytish mumkinki, qadimiy asarlarning hech biri shunchalik aniq yetkazib berilmagan». Yangi ahd deb tanilgan Yunon yozuvlari haqida Muqaddas Kitob bo‘yicha olim F. F. Bryus quyidagilarni yozdi: «Aksariyat klassik yozuvchilarning asarlari ishonchli ekanini tasdiqlaydigan dalillardan ko‘ra, Yangi ahd ishonchli ekanini tasdiqlovchi dalillar ancha ko‘proq. Lekin o‘sha asarlarni shubha ostiga qo‘yish hech kimning xayoliga ham kelmaydi». U yana shunday dedi: «Agar Yangi ahd dunyoviy hujjatlar to‘plami bo‘lganida edi, uning aslligini hech kim shubha ostiga qo‘ymasdi».

O‘lik dengiz o‘rama bitiklari orasidan topilgan Ishayo kitobining 40-bobi (mil. avv. 125–100-y.)

Ming yil keyin ko‘chirib yozilgan ibroniycha qo‘lyozmalar bilan solishtirilganda, arzimagan o‘zgarishlar borligi, aksariyati orfografiya bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi

Aleppo kodeksidagi Ishayo kitobining 40- bobi, taxminan milodiy 930- yilga oid muhim ibroniycha masoret matni

Ibroniycha matn. «Yangi dunyo tarjimasi — Ibroniycha yozuvlar» (1953–1960) Rudolf Kittelning «Bibliya Xebraika» («Biblia Hebraica») nashriga asoslangan. O‘sha vaqtda ibroniycha matnning qayta ko‘rib chiqilgan nashrlari, xususan «Bibliya Xebraika Shtutgartenziya» («Biblia Hebraica Stuttgartensia») va «Bibliya Xebraika Kvinta» («Biblia Hebraica Quinta») dunyo yuzini ko‘rdi. Ularda O‘lik dengiz o‘rama bitiklari va boshqa qadimiy qo‘lyozmalar ustida olib borilgan so‘nggi tadqiqot natijalari aks ettirilgan. Bu ilmiy ishlarning asos matnini Leningrad kodeksi tashkil etgan bo‘lib, izohlarda solishtirish uchun boshqa manbalarda uchraydigan so‘zlar havola qilingan. Ushbu manbalar quyidagilar: Samariya Tavroti («Samaritan Pentateuch»), O‘lik dengiz o‘rama bitiklari («Dead Sea Scrolls»), yunon Septuagintasi («Greek Septuagint»), oromiycha Targumlar («Aramaic Targums»), lotin Vulgatasi («Latin Vulgate») va suryoniycha Peshitta («Syriac Peshitta»). «Yangi dunyo tarjimasi»ning qayta ko‘rib chiqilgan nashri tayyorlanganda «Bibliya Xebraika Shtutgartenziya» («Biblia Hebraica Stuttgartensia») va «Bibliya Xebraika Kvinta»ga («Biblia Hebraica Quinta») murojaat qilingan.

Yunoncha matn. XIX asrning oxirlarida B. F. Vestkott va F. J. A. Xort ismli olimlar Muqaddas Kitobning mavjud qo‘lyozmalari va parchalarini solishtirib, ularning fikricha, asl matnga juda yaqin bo‘lgan yunoncha namuna matnini tayyorlashdi. XX asrning o‘rtalarida «Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi o‘z tarjimasini tayyorlashda ushbu namuna matnini asos qilib oldi. Milodiy II va III asrga oid boshqa papiruslardan ham foydalanildi. Undan keyin ko‘proq papiruslardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Boz ustiga, Nestle va Aland hamda Birlashgan Muqaddas Kitob jamiyatlari («United Bible Societies») tayyorlagan namuna matnlarida olimlarning so‘nggi tadqiqot natijalari aks ettirilgan edi. Ushbu tadqiqotning ayrim natijalari qo‘lingizdagi nashrga ham kiritilgan.

Ushbu namuna matnlardan shu aniq bo‘ldiki, Yunoncha yozuvlarning eski tarjimalarida, masalan «Qirol Jeyms Bibliyasi»dagi («King James Version») ayrim oyatlar ko‘chirib yozuvchilar tomonidan keyinchalik qo‘shib qo‘yilgan va ular hech qachon Xudo tomonidan ilhomlantirilgan Muqaddas Yozuvlarning qismi bo‘lmagan. XVI asrda aksar tarjimalarda matnni oyatlarga bo‘lish joriy etilgani uchun, hozir bu oyatlarni olib qo‘yish Muqaddas Kitob matnida bo‘shliqlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu quyidagi oyatlar: Matto 17:21; 18:11; 23:14; Mark 7:16; 9:44, 46; 11:26; 15:28; Luqo 17:36; 23:17; Yuhanno 5:4; Havoriylar 8:37; 15:34; 24:7; 28:29; Rimliklarga 16:24. Ushbu qayta ko‘rib chiqilgan nashrda o‘sha oyatlar olib qo‘yilib o‘rniga izoh belgisi qo‘yilgan.

Mark 16- bobidagi (9–20-oyatlar) uzun xotima, Mark 16- bobidagi qisqa xotima va Yuhanno 7:53–8:11 dagi so‘zlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ushbu oyatlarning hech biri asl qo‘lyozmalarda bo‘lmagan. Qo‘shib qo‘yilgan ushbu matnlar qayta ko‘rib chiqilgan ushbu nashrga kiritilmagan.

Olimlar asl matndagi fikrni to‘g‘ri yetkazadi deb hisoblagan muayyan oyatlarga o‘zgarishlar kiritildi. Misol uchun ba’zi qo‘lyozmalarga binoan Matto 7:13 da shunday yozilgan: «Tor darvozadan kiringlar, sababi halokatga olib boradigan darvoza keng, yo‘l esa enlidir». Ingliz tilidagi «Yangi dunyo tarjimasi»ning ilk nashrlarida «darvoza» so‘zi matnga kiritilmagan edi. Biroq qo‘lyozmalarni qo‘shimcha tadqiq qilish natijasida «darvoza» so‘zi asl matnda bo‘lgan degan xulosaga kelindi. Shu sababdan bu so‘z mazkur nashrga ham kiritildi. Ushbu tarjimada shu kabi bir necha o‘zgarishlar qilingan. Lekin bu o‘zgarishlar juda kichik bo‘lib, Xudo Kalomidagi xabar mazmunini o‘zgartirmaydi.

Taxminan milodiy 200- yilga oid papirus qo‘lyozmasi; 2 Korinfliklarga 4:13–5:4

a Bu maqola davomida Ibroniycha yozuvlar deb ataladi.

b Qo‘lyozmalardan nusxa ko‘chirishning sabablaridan biri asl matn tez chirib ketadigan materiallarda yozilganidadir.