Yuhanno 5:1-47

  • Baytzatadagi bir kishi shifo topadi (1-18)

  • Isoga Otasidan berilgan huquq (19-24)

  • Marhumlar Isoning ovozini eshitadi (25-30)

  • Iso to‘g‘risidagi isbotlar (31-47)

5  Bu hodisalardan so‘ng yahudiylarning bayrami boshlandi+ va Iso Quddusga ketdi.  Quddusda esa Qo‘y darvozasi+ yonida, atrofi beshta ustun bilan o‘ralgan hovuz bor edi. Ibroniychada u Baytzata, deb nomlanadi.  U yerda ko‘p kasallar, ko‘rlar, cho‘loqlar va oyoq-qo‘llari qurib qolganlar yotishardi.  * ——  Ular orasida 38 yildan buyon kasal bo‘lib yotgan kishi bor edi.  Iso bu odamning yotganini va ancha vaqtdan beri dardga chalinganini ko‘rib, undan: «Sog‘ayishni istaysizmi?»+ — deb so‘radi.  Bemor unga javoban: «Taqsir, suv to‘lqinlanganda meni hovuzga tushiradigan hech kimim yo‘q. O‘zim yetib borgunimcha, boshqasi mendan oldin tushib oladi»,— dedi.  Iso unga: «Qani, o‘rningizdan turib, to‘shagingizni ko‘taring-da, yuravering»+,— deb aytdi.  O‘sha odam shu ondayoq sog‘aydi va to‘shagini ko‘tarib, yura boshladi. U kun Shabbat* edi. 10  Shu sababli ayrim yahudiylar sog‘aygan kishiga: «Bugun Shabbat va to‘shak ko‘tarib yurishing noqonuniy»+,— deyishdi. 11  Ammo u shunday dedi: «Meni sog‘aytirgan odam: “To‘shagingizni ko‘taring-da, yuravering”,— degan». 12  Ular bu kishidan so‘rashdi: «Kim u, senga: “To‘shagingizni ko‘taring-da, yuravering”,— degan?» 13  Sog‘aygan kishi uning kimligini bilmasdi, boisi Iso o‘sha yerdagi olomonga aralashib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi. 14  Keyinroq Iso uni ma’badda uchratib, shunday dedi: «Mana, endi sog‘aydingiz. Bundan battariga yo‘liqmaslik uchun, boshqa gunoh qilmang». 15  Bu odam borib, ayrim yahudiylarga uni Iso sog‘aytirganini aytdi. 16  Shunda ular Isoni ta’qib qila boshlashdi, chunki u bunday ishlarni Shabbat kuni qilayotgan edi. 17  Iso esa ularga: «Otam hanuzgacha mehnat qilib kelyapti, men ham mehnat qilyapman»+,— dedi. 18  Ayrim yahudiylar buni eshitib, uni o‘ldirish payiga tushishdi. Axir u nafaqat Shabbat kunining qoidasini buzdi, balki Xudoni Otam deb atab+, o‘zini Unga tenglashtirdi+. 19  Shunda Iso ularga qarata quyidagilarni aytdi: «Ishonavering, O‘g‘il o‘z ixtiyori bilan hech narsa qila olmaydi, aksincha, Otasidan ko‘rganlarini qiladi+. Ota nimaiki qilsa, O‘g‘il ham shuni bajaradi. 20  Zero Ota O‘g‘lini sevadi+ va qilayotgan barcha ishlarini unga ko‘rsatmoqda hamda sizlarni taajjubga solish uchun bundan ham ortiqrog‘ini namoyon etadi+. 21  Ota o‘liklarni tiriltirib, hayot baxsh etayotgani kabi+, O‘g‘il ham istagan kishiga hayot baxsh etadi+. 22  Ota hech kimni hukm qilmaydi, balki hukm qilish huquqini butunlay O‘g‘ilga bergan+. 23  Toki barcha Allohni ulug‘laganiday, O‘g‘ilni ham sharaflasin. Kimki O‘g‘ilni hurmat qilmasa, uni yuborgan Otani ham hurmat qilmagan bo‘ladi+. 24  Ishonavering, so‘zimni tinglab, meni Yuborganga ishongan kishi, abadiy hayotga egadir+. U hukm etilmaydi, negaki u o‘limdan hayotga o‘tgan+. 25  Ishonavering, o‘lganlar Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt kelyapti va o‘sha vaqt keldi ham. Uning ovoziga quloq tutganlar tiriladi. 26  Ota hayot ato etish qudratiga ega bo‘lganidek+, O‘g‘ilga ham hayotbaxsh kuch bergan+. 27  Shuningdek, unga hukm etish huquqini bergan+, zero u Inson O‘g‘lidir+. 28  Bunga taajjublanmanglar, chunki shunday vaqt kelyaptiki, mozorlarda* bo‘lgan hamma uning ovozini eshitib+ 29  chiqadi: yaxshilik qilganlar yashash uchun, yomonlik qilganlar esa hukm etilish uchun tiriladi+. 30  Men o‘zimcha hech narsa qila olmayman. Eshitganim bo‘yicha hukm qilaman va mening hukmim adolatlidir+, boisi men o‘z xohishimni emas, meni Yuborganning irodasini bajarishga intilaman+. 31  Agar men o‘zim haqimda o‘zim shohidlik berayotgan bo‘lsam, unda shahodatim haqiqiy emas+. 32  Men haqimda boshqa shohidlik beruvchi bor va men Uning shohidligi chin ekanini bilaman+. 33  Sizlar Yahyoning yoniga odamlarni yubordingizlar va u haqiqat to‘g‘risida shohidlik berdi+. 34  Men insonning shohidligiga muhtoj emasman, lekin buni qutqarilishingiz uchun aytyapman. 35  Bu odam porlab, nur sochayotgan chiroq edi, ammo sizlar oz vaqt uning nurida quvonishni istadingiz+. 36  Biroq men Yahyoning shohidligidan ham buyukroq shohidlikka egaman. Chunki Otam menga bajarishni buyurgan va men bajarayotgan aynan shu ishlar, meni Otam yuborganidan shahodat berib turibdi+. 37  Ustiga-ustak, meni yuborgan Otamning O‘zi men haqimda shohidlik berdi+. Sizlar esa Uni hech qachon eshitmagansiz, qiyofasini ham ko‘rmagansiz+. 38  Uning so‘zlari ham ko‘ngillaringizdan joy olmaydi, negaki sizlar U yuborgan kishiga ishonmayapsiz. 39  Sizlar Muqaddas Yozuvlarni sinchiklab tekshirasiz+, chunki bular orqali abadiy hayotga erishamiz, deb o‘ylaysiz. Aynan ular men haqimda shohidlik beryapti-ku+. 40  Lekin sizlar hayotga ega bo‘lish uchun oldimga kelishni xohlamayapsiz+. 41  Men insonlardan shon-sharaf orttirishni istamayman. 42  Faqat shuni bilamanki, qalblaringizda Allohga muhabbat yo‘q. 43  Men Otamning nomidan keldim, ammo sizlar meni qabul qilmayapsiz. Bordi-yu, boshqa kimsa o‘z nomidan kelganida, uni qabul qilgan bo‘lardingiz. 44  Bir-biringizdan tahsin olasiz-u, Xudodan tahsin olishga intilmas ekansiz, unda qanday ishonishingiz mumkin?+ 45  Sizlarni Otam oldida ayblayman, deb o‘ylamang. Sizlarni ayblovchi, o‘zingiz umid bog‘lagan Musodir+. 46  Agar Musoga ishonganingizda edi, menga ham ishonar edingiz. Zero u men haqimda yozgan+. 47  Uning yozganlariga ishonmas ekansiz, mening so‘zlarimga qanday ishonasiz?»

Izohlar

Yoki «xotira mozorlarida».