Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

A4

Ibroniycha yozuvlarda Allohning ismi

Qadimgi ibroniycha yozuvdagi Allohning ismi. Bobilga surgun qilinishdan oldingi davr

Ibroniycha yozuvdagi Allohning ismi. Bobilga surgun qilinishdan keyingi davr

Ibroniycha yozuvlarda Allohning ismi to‘rtta ibroniycha undosh harf (יהוה) tariqasida taxminan 7 000 marta uchraydi. Tetragrammaton deb tanilgan bu to‘rtta harf ushbu tarjimada «Yahova» deb qo‘llanilgan. Muqaddas Kitobda bu ism boshqa har qanday ismga qaraganda tez-tez uchraydi. Muqaddas Kitob yozuvchilari Xudoga murojaat qilganda «Qodir Tangri», «Alloh Taolo» va «Ega» kabi unvon va tavsif beruvchi iboralarni qo‘llagan bo‘lishsa-da, Xudoning shaxsiy ismi sifatida faqat tetragrammatonni ishlatishgan.

Yahova Xudo Muqaddas Kitob yozuvchilariga O‘z ismini yozdirgan. Masalan, U Yo‘el payg‘ambarni: «Yahovaning ismini aytib chaqirgan har bir inson qutqariladi»,— deb yozishga undagan. (Yo‘el 2:32) Shuningdek, Xudo sano bastakorini shunday deb yozishga chorlagan: «Xalqlar isming Yahova ekanini, zamin uzra yolg‘iz Sen Alloh Taolo ekaningni bilib olsin». (Zabur 83:18) Shunisi qiziqki, Zabur kitobining o‘zida Allohning ismi taxminan 700 marta uchraydi. She’riy uslubda yozilgan bu kitobni Xudoning xalqi qo‘shiq qilib kuylagan va she’r tariqasida aytgan. «Yahova» ismi nimani anglatadi? Xudo ismining aniq talaffuzi nega noma’lum? Nega bu ism Muqaddas Kitob tarjimalaridan olib qo‘yilgan?

Zabur kitobidan parcha. O‘lik dengiz o‘rama bitiklari. Milodiy birinchi asrning birinchi yarmiga oid. Bu parcha Bobilga surgun qilinishdan keyingi davrda keng qo‘llanilgan ibroniycha harflar bilan yozilgan, ammo tetragrammaton hamma joyda qadimiy ibroniycha harflar bilan aks ettirilgan

Tetragrammaton, YHVH: «U bo‘ldiradi»

HVH fe’li: «bo‘lmoq»

«Yahova» ismi nimani anglatadi? Ibroniy tilida «Yahova» degan ism «bo‘lmoq» fe’lidan kelib chiqqan. Ko‘p olimlar bu ism ibroniycha fe’lning orttirma nisbati deb hisoblashadi. Shuning uchun, «Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi Xudoning ismi «U bo‘ldiradi» degan ma’noga ega ekanini tushunadi. Olimlar bu ismning ma’nosi haqida turlicha fikrda bo‘lsa-da, biz bu borada bitta fikrda turib olmaganmiz. Ammo bunday ta’rif Yahova barcha narsaning Yaratuvchisi hamda O‘z niyatlarining Bajaruvchisi ekanini juda yaxshi yetkazib beryapti. U nafaqat koinot va ongli mavjudotlar bor bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, balki voqealar qanday rivoj topmasin, U O‘z irodasi va maqsadini amalga oshirib kelyapti.

Chiqish 3:14 da: «Men Kim bo‘lishni istasam, O‘sha bo‘laman»,— deb yozilgan. Ammo ushbu oyatdagi fe’l ilohiy ismning faqat bitta qirrasini ochib bermoqda. Bu so‘zlar Xudo ismining mazmunini to‘liq yetkazib berishning o‘rniga, Alloh shaxsiyatining faqat bitta tomonini ko‘rsatib beryapti, ya’ni O‘z niyatini amalga oshirish uchun U har bir vaziyatda kim bo‘lishi kerak bo‘lsa, O‘sha bo‘ladi. Garchi «Yahova» ismining ma’nosi bu fikrni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, lekin Uning O‘zi kim bo‘lishni istashi bilan chegaralanib qolmaydi. Bu ism, shuningdek, U O‘z xohishiga muvofiq ijodlari vositasida irodasini bo‘ldiradi, degan fikrni ham o‘z ichiga oladi.

Nima uchun «Yangi dunyo tarjimasi»da «Yahova» degan ism qo‘llanilgan? To‘rtta undosh harfdan iborat tetragrammaton (יהוה) o‘zbek tilida YHVH harflari bilan ifodalanadi. Qadimgi ibroniy tilida so‘zlar unli harflarsiz yozilgani uchun tetragrammatonda ham unli harflar yo‘q. Qadimda ibroniy zabon odamlar hech qiynalmasdan kerakli unli tovushni qo‘yib matnni o‘qiy olishgan.

Ibtido 15:2 da Xudoning ismi (Uilyam Tindal tarjima qilgan Tavrot, 1530-y.)

Ibroniycha yozuvlar yozib tugatilganidan taxminan ming yil o‘tgach, yahudiy olimlar nuqtalar yoki belgilar tizimini yaratishdi. Bu belgilar ibroniycha matnni o‘qiganda qayerga unli tovushni qo‘yish kerakligini ko‘rsatardi. Vaqt o‘tib aksariyat yahudiylarda Xudoning shaxsiy ismini ovoz chiqarib aytish noto‘g‘ri degan xurofiy g‘oya paydo bo‘lgan. Shuning uchun, ular bu ism o‘rniga boshqa so‘zlarni qo‘llashgan. Ular tetragrammatonni ko‘chirayotganda Xudoning ismini bildiruvchi to‘rtta undosh harfning orasiga ism o‘rniga ishlatilgan so‘zlarning unli tovushlarini qo‘shib qo‘yishganga o‘xshaydi. Garchi bu qo‘lyozmalarda unli tovushlarni bildiruvchi belgilar qo‘yilgan bo‘lsa-da, ular ibroniy tilida bu ism aslida qanday talaffuz qilinganini aniqlashga yordam bermaydi. Ba’zilarning fikricha bu ism «Yahveh» deb talaffuz qilinadi, yana kimdir boshqacha talaffuzlar bor deydi. O‘lik dengiz o‘rama bitiklari ichida yunon tilidagi Levilar kitobining bir parchasida ilohiy ismning «Yao» transliterasiyasi bor. Bu shakldan tashqari, ilk yunon yozuvchilari, shuningdek, «Yae», «Yabe» va «Yaoue» degan talaffuzlarni taklif qilishgan. Ammo unday yoki bunday bo‘lishi kerak deyishga asos yo‘q. Chunki Xudoning qadimgi xizmatchilari ibroniy tilida ilohiy ismni qanday talaffuz qilishganini aniq bilmaymiz. (Ibtido 13:4; Chiqish 3:15) Ammo shunisi aniqki, Xudo O‘z xalqi bilan muloqot qilganda qayta-qayta ismini qo‘llagan, xalq esa o‘z o‘rnida Unga ismi bilan murojaat qilgan hamda o‘zaro gaplashganda bu ismni tilga olgan. (Chiqish 6:2; 3 Shohlar 8:23; Zabur 99:9)

Nega bu ism Muqaddas Kitob tarjimalaridan olib qo‘yilgan? Buning sabablari turlicha. Ba’zilar Qodir Tangrini o‘zgacha bir ism bilan ajratib ko‘rsatish muhim emas deb bilishadi. Boshqalar yahudiylarning an’anasiga amal qilib, ehtimol bu ismni bulg‘ashdan qo‘rqib, uni ishlatishdan o‘zlarini tiyishadi. Qolganlar esa, Xudoning ismi aniq qanday talaffuz qilinishini hech kim bilmas ekan, Uning «Ega» yoki «Xudo» kabi unvonlarini ishlatish afzalroq deb bilishadi. Ammo bunday e’tirozlar quyidagi mantiqiy mulohazalarga zid:

  • Qodir Tangri o‘zgacha ismga muhtoj emas deya bahslashayotganlar Xudo Kalomining eng qadimgi nusxalarida, jumladan miloddan avvalgi davrdan bizning kungacha saqlanib qolgan nusxalarda Xudoning shaxsiy ismi borligini nazardan chetda qoldirishadi. Yuqorida aytib o‘tilgandek, Xudoning O‘zi Kalomida taxminan 7 000 marta Uning shaxsiy ismi yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan edi. Bundan ko‘rinyaptiki, U biz insonlar Uning ismini bilishimizni va bu ismni qo‘llashimizni istaydi.

  • Yahudiylarning an’anasiga hurmat ko‘rsatib Xudoning ismini olib qo‘yayotgan tarjimonlar muhim bir dalilni nazardan chetda qoldirishmoqda. Garchi ba’zi yahudiy ulamolar ilohiy ismni talaffuz qilishdan bosh tortgan bo‘lishsa-da, qo‘lidagi Muqaddas Kitob nusxasidan Xudoning ismini olib tashlashmagan. O‘lik dengiz yaqinidagi Qumronda qadimgi o‘rama bitiklar topilgan bo‘lib, ularda ko‘p marotaba ilohiy ism uchraydi. Ayrim Muqaddas Kitob tarjimonlari asl matndagi ilohiy ism o‘rniga bosh harflar bilan «EGA» deb yozib, u yerda bu ism borligiga shama qilishadi. Ammo shunday savollar yuzaga kelyapti: Muqaddas Kitob nusxalarida ilohiy ism minglab marotaba uchrayotganini bilib turgan tarjimonlarning ilohiy ismni unvonga almashtirishga yoki uni umuman olib qo‘yishga qanday haddi sig‘di? Kim ularga bunday o‘zgarishlar qilish huquqini berdi? Bu savollarga javobni faqat ular biladi.

  • Ilohiy ism qanday talaffuz qilinishi noma’lum bo‘lgani uchun undan foydalanmaslik kerak deb aytayotgan insonlar negadir Muso, Ibrohim va Iso kabi qadimgi payg‘ambarlarning ismini hech qo‘rqmasdan talaffuz qilishadi. Ammo bugungi kunda bu ismlarning talaffuzi ularning zamondoshlari qanday talaffuz qilganidan butunlay farq qiladi. Biror ismning zamonaviy tillarda qabul qilingan shaklini qo‘llash mantiqan to‘g‘ri. Garchi ilohiy ismning hozirgi talaffuzi qadimgi ibroniy tilidan farq qilsa-da, «Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi «Yahova» degan ismni qo‘llashni oqilona deb bildi.