Yuhanno 3:1-36

  • Iso va Nikodim (1-21)

    • Qaytadan tug‘ilish (3-8)

    • Alloh insoniyatni sevadi (16)

  • Yahyoning Iso haqidagi so‘nggi shohidligi (22-30)

  • Yuqoridan kelgan (31-36)

3  Farziylardan Nikodim+ ismli bir odam bor bo‘lib, u yahudiylarning boshliqlaridan biri edi.  U bir kuni kechasi Isoning yoniga kelib+: «Ustoz+, siz Allohdan kelgan muallim ekaningizni bilamiz, chunki hech bir inson, agar Xudo u bilan bo‘lmasa+, siz yaratgan bunday mo‘jizalarni qilolmaydi»+,— dedi.  Iso unga javoban: «Ishonavering, kim qaytadan* tug‘ilmasa+, Xudoning Shohligini ko‘ra olmaydi»+,— deb aytdi.  Nikodim hayron bo‘lib, undan so‘radi: «Keksa odam yana qanday tug‘ila oladi? Axir u ikkinchi marta onasining qorniga kira olmaydi-ku?»  Iso javob berib dedi: «Ishonavering, kimki suv+ va muqaddas ruhdan+ tug‘ilmasa, Xudoning Shohligiga kirolmaydi.  Odamdan tug‘ilgan odamdir, muqaddas ruhdan tug‘ilgan ruhiydir.  Qaytadan tug‘ilishingiz kerak, degan gaplarimga hayron bo‘lmang.  Shamol istagan joyga esaveradi. Uning tovushini eshitasiz-u, ammo qayerdan kelganini va qaysi tomonga esganini bilmaysiz. Muqaddas ruhdan tug‘ilgan har bir kishi ham shundaydir»+.  Shunda Nikodim undan so‘radi: «Bu qanday bo‘lishi mumkin?» 10  Iso unga javoban aytdi: «Siz Isroilning ustozi bo‘la turib, shuni bilmasangiz-a! 11  Ishonavering, biz nimani bilsak shuni gapiramiz, ko‘rganimiz haqida shohidlik beramiz. Sizlar esa shahodatimizni qabul qilmayapsizlar. 12  Agar yerdagi narsalar to‘g‘risida so‘zlaganimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar haqida gapirsam qanday ishonasizlar? 13  Axir insonlardan hech biri osmonga ko‘tarilmagan+, Inson O‘g‘li esa osmondan tushgan+. 14  Muso sahroda ilonni yuqoriga qanday ko‘targan bo‘lsa+, Inson O‘g‘li ham shunday yuqoriga ko‘tarilishi kerak+. 15  Toki unga ishongan har bir kishi abadiy hayotga ega bo‘lsin+. 16  Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi+. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin+. 17  Zotan Xudo O‘z O‘g‘lini dunyoni hukm qilish uchun emas, balki u orqali dunyoni qutqarish uchun yuborgan+. 18  Unga ishongan hech bir odam hukm etilmaydi+. Unga ishonmagan esa allaqachon mahkum qilingan, boisi Xudoning yagona O‘g‘lining ismiga ishonmagan+. 19  Hukm uchun asos mana shudir: dunyoga nur keldi+, biroq odamlar yorug‘likni emas, qorong‘ilikni yaxshi ko‘rdilar, chunki ularning ishlari yomon edi. 20  Axir yomon ishlarni qilib yurgan kishi nurdan nafratlanadi. Uning ishlari fosh qilinmasin, deya nurga yaqinlashmaydi. 21  Lekin haqiqat bo‘yicha yo‘l tutuvchi kishi nurga yaqinlashadi+. Toki uning ishlari Allohning irodasiga muvofiq ekani oshkor bo‘lsin». 22  Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Yahudiyaning qishloqlariga ketdi. O‘sha yerda u shogirdlari bilan bir muddat qolib, odamlarni suvga cho‘mdirdi+. 23  Yahyo ham Salim yaqinidagi Eynonda odamlarni suvga cho‘mdirayotgan edi, chunki u yer sersuv edi+. Xalq uning oldiga kelib suvga cho‘mardi+. 24  O‘shanda Yahyo hali qamoqga tashlanmagan edi+. 25  Yahyoning shogirdlari bir yahudiy bilan poklanish marosimi borasida bahslashib qolishdi. 26  Ular Yahyoning oldiga kelib, bunday deyishdi: «Ustoz, qarang, Iordanning narigi qirg‘og‘ida siz bilan bo‘lgan va siz shohidlik bergan kishi+ suvga cho‘mdiryapti va hamma uning oldiga kelyapti». 27  Yahyo ularga javoban shunday dedi: «Agar insonga osmondan berilmasa, u hech narsaga ega bo‘la olmaydi. 28  Men Masih emas+, faqat undan oldin yuborilganman+, deb aytganimga o‘zlaringiz shohidsizlar. 29  Kelin kimga tegishli bo‘lsa, kuyov o‘sha bo‘ladi+. Lekin kuyovning yonida turib, ovozini eshitgan do‘sti juda quvonadi. Shu singari mening quvonchim ham ichimga sig‘mayapti. 30  Masih o‘sishi, men esa pasayishim kerak». 31  Yuqoridan kelgan+ barchadan ustun. Yerdan bo‘lgan esa yerdandir va yerga xos narsalarni gapiradi. Osmondan kelgan hammadan buyukroqdir+. 32  U ko‘rgan va eshitgan narsalari to‘g‘risida shohidlik beryapti+, ammo uning shahodatini hech kim qabul qilmayapti+. 33  Masihning shahodatini tan olgan kishi Allohning haq ekanini tasdiqlaydi*+. 34  Zero Xudo yuborgan kishi Xudoning so‘zlarini gapiradi+ va Tangri O‘z ruhini unga mo‘l-ko‘l beradi. 35  Ota O‘g‘lini sevadi+, U hamma narsani uning qo‘liga topshirgan+. 36  O‘g‘ilga ishongan kishi abadiy hayotga egadir+. O‘g‘ilga itoat qilmagan kishiga esa hayot nasib etmaydi+, aksincha, u Xudoning g‘azabiga yo‘liqadi+.

Izohlar

Boshqa variant «yuqoridan».
So‘zma-so‘z «o‘z muhri bilan tasdiqlaydi».