Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 A2

Bu nashrning xususiyatlari

«Yangi dunyo tarjimasi — Yunoncha yozuvlar» ingliz tilida 1950-yilda, «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning to‘liq qismi esa 1961-yilda asl matndan o‘girilib, nashr etilgan. O‘shandan beri, bu nashr 210 dan ziyod tilga o‘girilib, o‘nlab million o‘quvchilar aniq va o‘qishga oson tilda tarjima qilingan nashrning foydasini ko‘rmoqda.

«Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi bugungi o‘quvchining qalbini zabt etadigan tilni qo‘llash muhimligini anglagan. Shunga ko‘ra, quyidagi maqsadlarga erishish uchun, bu nashrda muayyan uslub va til qoidalariga rioya etilgan:

  • Zamonaviy va tushunarli til. Masalan, «uzoq sabrlilik» iborasini o‘qigan kishi, «uzoq vaqt davomida azob chekish» nazarda tutilyapti, deb o‘ylashi mumkin edi. Lekin bu ibora biror holat yoki hodisani bardosh bilan kutish degan ma’noni yetkazgani uchun «sabr-toqat» deb tarjima qilindi. (Galatiyaliklarga 5:22) Shu singari o‘zbek tilidagi Muqaddas Kitobning eski nashrida «solih» va «solihlik», «fosiq» va «fosiqlik» so‘zlari eskirib qolgani hamda asl nusxadagi so‘zning ma’nosini to‘liq yetkazib bermagani uchun «odil» va «odillik», «yovuz» va «yovuzlik» deb tarjima qilindi. (Zabur 132:9; Hikmatlar 13:5; Ishayo 9:18)

    Qadimgi ibroniycha va yunoncha «urug‘» so‘zi bir vaqtning o‘zida ham o‘simlik, ham zurriyot yoki avlodga ishora qilishi mumkin. Ammo o‘zbek tilida «urug‘» so‘zi bu ma’noda keng qo‘llanilmagani uchun, bu so‘z matn tarkibiga qarab asosiy fikrni yetkazuvchi so‘zlar bilan almashtirildi. (Ibtido 1:11; Sahroda 3:18; Hakamlar 4:11; Havoriylar 17:28, 29) Adan bog‘idagi bashorat bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatlarda «zurriyot» so‘zi qo‘llanildi. (Ibtido 3:15)

  • Muqaddas Kitobdagi iboralarning ma’nosini ochib berish. O‘zbek tilidagi Muqaddas Kitobning ba’zi tarjimalarida qo‘llanilgan iboralarning ma’nosi bu nashrda ochib berildi. Misol uchun, odamlar o‘lgandan keyin qayerga borishini ko‘rsatish uchun, boshqa tarjimalarda «o‘liklar diyori» iborasi qo‘llanilgan edi. Bunday tarjima o‘liklar qanday holatda ekanini tushunishda o‘quvchilarni chalg‘itib, o‘liklar o‘sha diyorda yashashda davom etadi degan fikrga olib boradi. Ushbu nashrda esa mazkur ibora «mozor», «go‘r» va «qabr» deb tarjima qilindi. Bu esa o‘quvchilarga o‘liklar aslida qanday holatda ekanini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. (Voiz 9:10; Ayub 14:13)

    O‘zbek tilidagi Muqaddas Kitobning ba’zi tarjimalarida, shuningdek, noto‘g‘ri fikrni beruvchi «xoch» so‘zi qo‘llanilgan. Asl matnda esa bu so‘z tik yog‘och ustunni anglatadi. Shu sababli, mazkur nashrda «xoch» so‘zi «ustun» so‘ziga almashtirildi. (Matto 27:31; Mark 8:34; Efesliklarga 2:16) Qolaversa, «ibo» so‘zi ham qayta ko‘rib chiqilib, «o‘zini tuta bilish» deb tarjima qilindi. Sababi, asl nusxadagi bu ibora o‘zini boshqara bilishni hamda xatti-harakat, so‘zlar va fikrlarni nazorat qilishni anglatadi. (Galatiyaliklarga 5:23)

Bu nashrning boshqa xususiyatlari:

Ushbu nashrda quyida keltirilgan bir nechta izohlar mavjud:

  • «Yoki» Ibroniy, oromiy va yunon tillaridagi o‘sha-o‘sha fikrni boshqa so‘zlar bilan ifodalash. (Ibtido 1:2, «faol qudrati»; Yoshua 1:8, «ustida mulohaza yurit»)

  • «Boshqa variant» Matnning boshqacha ma’no beradigan tarjima varianti. (Ibtido 21:6, «ustimdan kuladi»; Zakariyo 14:21, «savdogar»)

  • «So‘zma-so‘z» Ibroniy, oromiy va yunon tillaridagi iboraning so‘zma-so‘z tarjimasi yoki asosiy ma’nosi. (Ibtido 3:15, «urug‘ing»; Chiqish 32:9, «bo‘yni egilmaydigan»)

  • Ma’nosi va qo‘shimcha ma’lumot Ismlarning ma’nosi (Ibtido 3:17, «Odam»; Chiqish 15:23, «Maro»); og‘irlik va o‘lchov birliklari (Ibtido 6:15, «tirsak»); olmoshlar kimni yoki nimani anglatishi (Ibtido 49:25, «u»); lug‘at va ilovaga ishora. (Ibtido 37:35, «mozor»; Matto 5:22, «jahannam»)

Kitobning birinchi betlarida «Xudo Kalomi bilan tanishuv» nomli bo‘lim bor. Undan Muqaddas Kitobdagi asosiy ta’limotlar bilan qisqacha tanishib olish mumkin. Muqaddas Kitob matni tugashi bilan «Muqaddas Kitobdagi kitoblar jadvali», «Muqaddas Kitobdagi so‘zlar ko‘rsatkichi» va «Lug‘at» keltirilgan. Lug‘at o‘quvchiga Muqaddas Kitobdagi muayyan so‘z va iboralar qaysi ma’noda ishlatilganini izohlab beradi. «A ilova» quyidagi mavzularni o‘z ichiga olgan: «Muqaddas Kitob tarjimasi prinsiplari», « Bu nashrning xususiyatlari», «Muqaddas Kitob qanday saqlanib qoldi?», «Ibroniycha yozuvlarda Allohning ismi», «Yunoncha yozuvlarda Allohning ismi», «Diagramma: Yahudo bilan Isroil shohlari va payg‘ambarlar» va «Isoning yerdagi hayoti. Asosiy hodisalar». «B ilova»da xaritalar, diagrammalar va boshqa foydali ma’lumot mavjud. Ular qunt bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qiladiganlarga asqatadi.

Har bir kitobning boshida qisqacha mazmuni mavjud. Undagi ma’lumot har bir bobga keltirilgan bo‘lib, oyat raqamlari ham yozilgan. Shu tariqa, o‘quvchi butun kitob haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, har bir betda o‘zaro bog‘liqligi bor o‘xshash oyatlar ro‘yxati keltirilgan.