Havoriylar 5:1-42

  • Hananiya bilan Saffira (1-11)

  • Havoriylar ko‘p alomatlar ko‘rsatadi (12-16)

  • Qamoqga olinadi va ozod etiladi (17-21a)

  • Yana Oliy Kengash qarshisida (21b-32)

    • «Odamlardan ko‘ra Sarvari Olamga ko‘proq bo‘ysunish» (29)

  • Gamalielning maslahati (33-40)

  • Uyma-uy ta’lim berish (41, 42)

5  Yana Hananiya ismli kishi bilan xotini Saffira bor edi. U o‘z mulkini sotib,  pulning bir qismini yashirdi-da, qolganini havoriylarga olib keldi+. Xotini ham bundan xabardor edi.  Shunda Butrus unga dedi: «Hananiya, Shaytonga aldanib, muqaddas ruhga+ yolg‘on gapirishga+ qanday jur’at etding? Nima uchun yerning pulidan bir qismini yashirding?  Axir sotishdan oldin u seniki edi-ku. Uni sotganda tushgan pulni taqsimlash o‘z ixtiyoringda emasmidi? Nega bunday ishni niyat qilding? Sen odamlarga emas, Allohga yolg‘on gapirding».  Bunday so‘zlardan keyin Hananiya yerga yiqilib, jon berdi. O‘shanda buni eshitganlarning barini qo‘rquv bosdi.  So‘ng yigitlar o‘rnidan turib uni kafanga o‘rashdi-da, olib borib ko‘mishdi.  Taxminan uch soatdan keyin Hananiyaning xotini kirib keldi. U bo‘lib o‘tgan ishlardan bexabar edi.  Shunda Butrus undan so‘radi: «Menga ayting-chi, sizlar yerni falon pulga sotdingizlarmi?» U esa: «Ha, shunchaga sotdik»,— deb aytdi.  Butrus so‘zida davom etib: «Nima balo, sizlar Yahovaning* ruhini sinashga kelishib olganmisizlar? Mana, eringizni ko‘mganlar eshik oldida turishibdi. Ular sizni ham chiqarishadi»,— dedi. 10  Shu ondayoq ayol uning oyog‘i ostiga yiqilib o‘ldi. Yigitlar kirib, uning o‘lib yotganini ko‘rishdi-da, jasadini olib borib, erining yoniga qo‘yishdi. 11  Bu voqeani eshitgan barcha va butun jamoat dahshatga tushdi. 12  Bundan tashqari, xalq orasida havoriylarning qo‘llari bilan alomat-u mo‘jizalar sodir etilardi+. Ularning bari yakdil bo‘lib, Sulaymon ravoqida+ to‘planib turishardi. 13  Boshqalar ularga qo‘shilishga jur’at eta olmasdi, biroq xalq ularni maqtab gapirardi. 14  Hazratimizga ishongan erkag-u ayollarning soni esa ortib borardi+. 15  Butrus o‘tib ketayotganda, hech bo‘lmasa uning soyasi tushsin+, deya odamlar kasallarni to‘shag-u zambillarda katta ko‘chalarga olib chiqishardi. 16  Shuningdek, Quddusning yon atrofidagi shaharlardan olomon oqib kelib, o‘zlari bilan xastalar-u jinga chalinganlarni olib kelishardi va barchasi shifo topardi. 17  Ammo oliy ruhoniy va sadduqiylar mazhabidan bo‘lgan uning sheriklari hasadga to‘lib, 18  havoriylarni qo‘lga olishdi-da, shahar qamoqxonasiga tashlashdi+. 19  Biroq kechasi Yahovaning* farishtasi qamoqxonaning eshiklarini ochdi-da+, ularni chiqarib shunday dedi: 20  «Boringlar, ma’badda turib, kelajak hayot to‘g‘risida barini aytib beringlar». 21  Bularni eshitgach, ular saharda ma’badga kirib, ta’lim bera boshlashdi. Oliy ruhoniy va uning sheriklari kelishganda, Oliy Kengashni va butun Isroil o‘g‘illarining jamoat oqsoqollarini yig‘ishdi. Havoriylarni keltirish uchun qamoqga odam jo‘natishdi. 22  Lekin o‘sha odamlar qamoqxonaga kelib, ularni topisholmadi. Qaytib kelishgach, bu haqda quyidagicha xabar berishdi: 23  «Qamoqxona yaxshilab qulflanganini hamda eshik oldida soqchilar turganini ko‘rdik, ammo eshikni ochib qarasak, ichida hech kim yo‘q ekan». 24  Bu so‘zlarni eshitgach, ma’bad soqchilarining nazoratchisi va bosh ruhoniylar, endi nima bo‘larkin, deb dovdirab qolishdi. 25  Shu payt bir odam kelib ularga: «Mana, sizlar qamab qo‘ygan kishilar ma’badda turib xalqga ta’lim berishyapti»,— deb xabar yetkazdi. 26  Shunda ma’bad nazoratchisi va soqchilar borib, ularni yetaklab kelishdi. Lekin xalq ularni toshbo‘ron qilishidan qo‘rqib+, kuch ishlatishdan o‘zlarini tiyishdi. 27  Ularni olib kelishgach, Oliy Kengash oldida turg‘izib qo‘yishdi. Oliy ruhoniy ularni so‘roqga tutib: 28  «Sizlarga Isoning nomini tilga olib boshqa ta’lim bermanglar, deb taqiqlab qo‘ymaganmidik?+ Xo‘sh, bu nima qilganingiz? Mana, ta’limotingiz bilan butun Quddusni to‘ldirib yubordingizlar. Nima, bu bilan o‘sha odamning qonini bizning bo‘ynimizga qo‘ymoqchimisizlar?»+ — dedi. 29  Butrus va boshqa havoriylar javoban quyidagilarni aytishdi: «Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak+. 30  Sizlar ustunga osib o‘ldirgan Isoni ota-bobolarimizning Xudosi tiriltirdi+. 31  Isroil xalqi tavba qilishi hamda gunohlari kechirilishi uchun+ Alloh uni yuksaltirib, O‘zining o‘ng tarafiga o‘tqizib+, Rahbar+ va Najotkor+ qilib qo‘ydi. 32  Bunga o‘zimiz guvohmiz+. Shuningdek, Xudoga bo‘ysunganlarga berilgan muqaddas ruh+ u haqda shohidlik qilishimizga yordam beryapti». 33  Bularni eshitgach, Kengash a’zolarining jahli chiqib havoriylarni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. 34  Lekin butun xalqning hurmatini qozongan, Tavrot muallimi bo‘lmish Gamaliel+ ismli bir farziy Oliy Kengashda o‘rnidan turib, ularni qisqa vaqtga tashqariga chiqarishni buyurdi. 35  So‘ng Kengash a’zolariga qarata quyidagilarni aytdi: «Ey isroilliklar, bu kishilar bilan o‘zi nima qilmoqchi ekaningizni bir o‘ylab ko‘ring. 36  Masalan, bundan oldin o‘zini ulug‘ bir odamdek ko‘rsatgan Fevda paydo bo‘lgan edi. Uning orqasidan taxminan 400 kishi ergashib yurgandi. Biroq ko‘p o‘tmay uni o‘ldirishdi, izdoshlari esa tarqab, yo‘q bo‘lib ketishdi. 37  Undan keyin aholini ro‘yxatga olish vaqtida jalilalik Yahudo paydo bo‘lib, orqasidan odamlarni ergashtirdi. Ammo u ham halok bo‘ldi, izdoshlari esa tumtaraqay bo‘lishdi. 38  Sizlarga maslahatim shu: bu insonlarga tega ko‘rmanglar, ularni o‘z holiga qo‘yinglar, chunki agar bu tashabbus yoki faoliyat odamlardan chiqqan bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. 39  Bordi-yu, Xudodan bo‘lsa, ularni to‘xtata olmaysizlar+. Tag‘in Allohga qarshi chiqqan bo‘lmanglar»+. 40  Ular Gamalielga quloq solishdi va havoriylarni ichkariga chaqirib do‘pposlashdi-da+, Isoning nomidan boshqa ta’lim bermaslikni buyurib qo‘yib yuborishdi. 41  Havoriylar bo‘lsa, Isoning ismi uchun haqoratga sazovor bo‘ldik, deb Oliy Kengashdan suyunib chiqib ketishdi+. 42  Ular har kuni ma’badda va uyma-uy ta’lim berib+, Iso Masih to‘g‘risidagi xushxabarni yoyishdan tinmasdilar+.