Havoriylar 24:1-27

  • Pavlusga qarshi ayblovlar (1-9)

  • Pavlus Feliks oldida (10-21)

  • Pavlusning masalasi ikki yilga keyinga qoldiriladi (22-27)

24  Besh kundan keyin oliy ruhoniy Hananiya+ oqsoqollar va Tertul ismli huquqshunos bilan kelib, Pavlusga oid da’volarini hokim Feliksga+ aytishdi.  Tertulni chaqirishganda, u Pavlusni ayblab, shunday dedi: «Sizning davringizda biz tinch-totuvlikda yashayapmiz. Uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatingiz tufayli xalqimiz orasida katta o‘zgarishlar yuz beryapti.  Ey muhtaram Feliks, bu savob ishlaringizni har doim va har yerda katta minnatdorchilik bilan tan olyapmiz.  Endi ko‘p vaqtingizni olmayman, marhamat qilib qisqagina gapimni tinglashingizni iltimos qilaman.  Bizga ma’lum bo‘lishicha, Pavlus deganlari tinchlikbuzar+ va yer yuzida yashovchi barcha yahudiylar orasida g‘alayon ko‘taradigan kishi bo‘lib+, nasroniylar+ mazhabining yetakchisidir.  U ma’badni harom qilmoqchi bo‘lganida biz uni ushlab oldik+.  * ——  O‘zingiz uni so‘roq qilsangiz, ayblovlarimiz to‘g‘riligiga amin bo‘lasiz».  Yahudiylar ham uni ayblab, aytilganlarni tasdiqlashdi. 10  Hokim boshini qimirlatib Pavlusga ruxsat berganda, u gap boshlab dedi: «Siz bu xalqga ko‘p yillar davomida qozilik qilgansiz. Shuning uchun men oldingizda bemalol o‘zimni himoya qilib gapiraman+. 11  Topinish uchun Quddusga kelganimga hali 12 kundan oshmaganini o‘zingiz aniqlay olishingizni bilaman+. 12  Ular ma’badda birov bilan bahslashayotganimni ham, ibodatxonalarda yoki shaharda xalq orasida qo‘zg‘olon ko‘targanimni ham ko‘rishmagan. 13  Hozir ham menga qo‘yayotgan ayblovlarini isbotlay olisholmaydi. 14  Biroq men, bular “mazhab” deb atagan yo‘ldan yurayotganimni tan olaman. Tavrot hamda payg‘ambarlar kitoblarida yozilganlarning bariga ishonaman+. Shuningdek, ota-bobolarimning Tangrisiga+ muqaddas xizmatni ado etib kelyapman. 15  Ular kabi men ham adolatli va adolatsiz odamlarning+ tirilishiga+ ishonib, Xudoga umid bog‘layman. 16  Ana shu sababdan, Allohga va bandalariga qarshi gunoh qilmay, vijdonimni toza saqlashga intilib kelyapman+. 17  Xullas, bir necha yil o‘tgach, xalqim uchun xayr-sadaqa+ va qurbonliklar keltirish niyatida Quddusga keldim. 18  Ular meni ma’badda shu ishlar bilan band bo‘lib, poklanish marosimini bajarib turgan paytimda uchratib qolishdi+. Yonimda odamlar ham yig‘ilmagan, shovqin-suron ham yo‘q edi. Faqatgina Osiyo viloyatidan bo‘lgan ayrim yahudiylar bor edi. 19  Bordi-yu, menga qarshi da’volari bor bo‘lsa, sizning oldingizda meni ayblashlari kerak edi+. 20  Yoki Oliy Kengash oldida turganimda mendan qanday ayb topishganini aytishsin. 21  Men ularning orasida turib: “Tirilishga bo‘lgan umidim uchun hukm qilinyapman”+,— deganimni hisobga olmasak, boshqa aybim yo‘q». 22  Hazratimizning yo‘li+ to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lgan Feliks: «Sizlarning masalangiz bo‘yicha qarorimni mingboshi Lusiy kelganida chiqaraman»,— deb tergov ishini keyinga qoldirdi. 23  Yuzboshiga bo‘lsa Pavlusni hibsga olishni, lekin yengillik berib, unga xizmat qilmoqchi bo‘lgan do‘stlariga hech qarshilik ko‘rsatmaslikni buyurdi. 24  Bir necha kundan keyin Feliks yahudiy xotini Drusilla bilan keldi. Pavlusni chaqirtirib, uning Iso Masihga bo‘lgan e’tiqodi to‘g‘risidagi gaplarini tingladi+. 25  U adolat, o‘zini tuta bilish hamda bo‘lajak hukm to‘g‘risida gapirganda+, Feliks qo‘rqib ketdi-da, shunday dedi: «Hozircha boraver, vaqtim bo‘lganda, seni yana chaqirtiraman». 26  Ayni paytda u Pavlusdan pora olish niyatida edi. Shuning uchun u tez-tez odam yuborib u bilan suhbatlashib turardi. 27  Ikki yildan keyin Feliksning o‘rniga Porsiy Fest keldi. Feliks yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib+ Pavlusni qamoqda qoldirdi.