Asosiy materiallarga o‘tish

Osmonga kimlar ketadi?

Osmonga kimlar ketadi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Xudo sadoqatli xizmatchilari orasidan sanoqli kishilarni o‘lgandan keyin samodagi hayotga tirilishi uchun tanlayapti. (1 Butrus 1:3, 4) Tanlangan kishilar samoviy merosini olish uchun imonini mustahkam saqlashlari va yurish-turishda pok bo‘lishlari lozim. (Efesliklarga 5:5; Filippiliklarga 3:12–14)

Osmonga ketadiganlar u yerda nima bilan shug‘ullanishadi?

 Ular Iso bilan birgalikda 1 000-yil davomida shoh va ruhoniylar bo‘lib xizmat qiladi. (Vahiy 5:9, 10; 20:6) Ular «yangi osmon» — yangi samoviy hukumatni tashkil etadi va «yangi yer» — yerdagi yangi jamiyat ustidan boshqaradi. Samodagi ushbu shohlar Xudoning ilk niyatiga ko‘ra insoniyat jismonan, aqlan va ma’nan mukammal holatga kelishiga ko‘maklashadi. (Ishayo 65:17; 2 Butrus 3:13)

Qancha odam osmonda yashash uchun tiriladi?

 Muqaddas Kitobda yozilishicha 144 000 kishi samoda yashash uchun tiriladi. (Vahiy 7:4) Vahiy 14:1-3 da havoriy Yuhanno quyidagilarni ko‘rgani yozilgan: «Sion tog‘ida Qo‘zi turganini ko‘rdim. U bilan birga... 144 000 kishi bor edi». Ushbu vahiydagi «Qo‘zi» Isoni bildiradi. (Yuhanno 1:29; 1 Butrus 1:19) «Sion tog‘i» esa Isoning hamda u bilan birga samodan turib boshqaradigan 144 000 kishining yuksak mavqeini anglatadi. (Zabur 2:6; Ibroniylarga 12:22)

 Masih bilan Shohlikda boshqarish uchun «da’vat etilganlar, tanlanganlar» «kichik poda» deb ham atalgan. (Vahiy 17:14; Luqo 12:32) Bundan ko‘rinyaptiki, Isoning yer yuzida yashaydigan qo‘ylari bilan solishtirilganda ular kamchilikni tashkil etadi. (Yuhanno 10:16)

Osmonga ketadigan kishilar borasida noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: Barcha yaxshi odamlar osmonga ketadi.

 To‘g‘ri fikr: Xudo aksariyat yaxshi odamlar yer yuzida yashashini va’da bermoqda. (Zabur 37:11, 29, 34)

  •   Iso payg‘ambar: «Insonlardan hech biri osmonga ko‘tarilmagan»,— deb aytgan. (Yuhanno 3:13) Bundan ko‘rinyaptiki, undan oldin o‘lgan Ibrohim, Muso, Ayub va Dovud kabi yaxshi odamlar osmonga ketishmagan. (Havoriylar 2:29, 34) Aksincha, bu kishilar yer yuzida abadiy yashash uchun tirilishga umid qilishgan. (Ayub 14:13–15)

  •   Samoviy hayot uchun tirilish «birinchi tirilish» deb atalgan. (Vahiy 20:6) Demak, yana bitta tirilish bor. U yer yuzida bo‘ladi.

  •   Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudoning Shohligi boshqargan paytda «o‘lim... boshqa bo‘lmaydi». (Vahiy 21:3, 4) Osmonda hech qachon o‘lim bo‘lmagan ekan, demak, bu va’da yer yuziga tegishli.

 Noto‘g‘ri fikr: Har bir inson osmonda yoki yerda yashashni o‘zi tanlaydi.

 To‘g‘ri fikr: Xudoning «samoviy da’vatiga», ya’ni samoviy hayotga qaysi sadoqatli masihiylar erishishini U hal qiladi. (Filippiliklarga 3:14) Insonning tanlab olinishi uning shaxsiy istagiga bog‘liq emas. (Matto 20:20–23)

 Noto‘g‘ri fikr: Osmonga ketishga noloyiq bo‘lganlar yer yuzida abadiy yashaydi.

 To‘g‘ri fikr: Yer yuzida abadiy yashaydigan kishilarni Xudo «xalqim», «tanlanganlarim» va «Yahovadan baraka topgan nasl» deb atagan. (Ishayo 65:21–23) Ular Yahovaning insoniyatga bo‘lgan ilk niyatini amalga oshirish sharafiga ega bo‘lishadi. Bu niyatga ko‘ra odamlar yer yuzidagi jannatda, mukammal sharoitlarda abadiy yashaydi. (Ibtido 1:28; Zabur 115:16; Ishayo 45:18)

 Noto‘g‘ri fikr: Vahiy kitobida tilga olingan 144 000 raqami ramziy ma’noga ega.

 To‘g‘ri fikr: Vahiy kitobidagi ba’zi raqamlar ramziy ma’noga ega bo‘lsa-da, ayrimlari tom ma’noda qo‘llanilgan. Masalan, u yerda «Qo‘zining 12 havoriysi ismlari» haqida yozilgan. (Vahiy 21:14) 144 000 raqami ham tom ma’noda qo‘llanilganining dalillarini ko‘rib chiqaylik.

 Vahiy 7:4 ga ko‘ra, «muhr bosilgan kishilarning [yoki samoviy hayot uchun tanlanganlarning] soni 144 000 ekan». Ushbu bobning keyingi oyatlarida ikkinchi guruh, ya’ni «hech kim sanay olmaydigan ulkan olomon» haqida o‘qiymiz. «Ulkan olomonga» kiruvchi kishilarga ham Xudo najot beradi. (Vahiy 7:9, 10) Agar 144 000 raqami ramziy ma’noda qo‘llanilganida, uni sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan ikkinchi guruh bilan taqqoslashdan ma’no qolmasdi a.

 Qolaversa, 144 000 kishi haqida «insonlar orasidan birinchi hosil sifatida sotib olingan» deb aytilgan. (Vahiy 14:4) «Birinchi hosil» iborasi tanlab olinganlar kichik guruhni tashkil etishiga ishora qilmoqda. Bu ta’rif Masih bilan birgalikda yer yuzidagi son-sanoqsiz fuqarolar ustidan boshqaradigan kishilarga juda mos keladi. (Vahiy 5:10)

a Professor Robert Tomas ham Vahiy 7:4 da qalamga olingan 144 000 raqami haqida shunday deb yozgan: «Ushbu sanoqli raqam [Vahiy] 7:9 dagi sanoqsiz raqam bilan taqqoslangan. Agar ushbu raqam ramziy ma’noda qo‘llanilgan bo‘lsa, kitobdagi hech bir raqamni tom ma’noda tushunib bo‘lmaydi». («Revelation 1-7: An Exegetisal Sommentary» 474-sah.)