Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitobda ro‘za haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitobda ro‘za haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Qadimda odamlar to‘g‘ri niyatlar ila ro‘za tutganda, bu Xudoga ma’qul kelar edi. Niyatlari noto‘g‘ri bo‘lganda esa, Xudo buni xush ko‘rmas edi. Ammo hozirgi kunda ro‘za tutish-tutmaslik borasida Muqaddas Kitobda hech qanday talab yo‘q.

O‘tmishda odamlar qanday vaziyatlarda ro‘za tutishgan?

  •   Xudoning yordamini va yo‘l-yo‘rig‘ini izlaganda. Quddusga yo‘l olgan kishilar Xudoning yordamini so‘rab, niyati pok ekanini ko‘rsatish maqsadida ro‘za tutishgan. (Ezra 8:21–23) Pavlus bilan Barnabo jamoatda oqsoqollarni tayinlash uchun ro‘za tutishgan. (Havoriylar 14:23)

  •   Xudoning niyatiga diqqat qaratganda. Iso suvga cho‘mganidan keyin 40 kun davomida ro‘za tutgan, shu yo‘sin, u Xudoning irodasini bajarishga tayyorgarlik ko‘rgan. (Luqo 4:1, 2)

  •   O‘tmishdagi gunohlarida tavba qilganda. Yo‘el payg‘ambar orqali Xudovand bevafo isroilliklarni: «Butun qalbingiz bilan menga qaytinglar. Ro‘za tutib, ko‘z yosh to‘kib, nola qilinglar»,— deb chorlagan. (Yo‘el 2:12–15)

  •   Poklanish kuni bo‘lganda. Tangri Isroil xalqiga bergan Tavrotga ko‘ra, ular har yili Poklanish kuni a kelganda ro‘za tutishi kerak edi. (Levilar 16:29–31) Bu vaziyatda ro‘za tutish to‘g‘ri edi, chunki isroilliklar nomukammal ekanini va Xudo ularni kechirishiga muhtoj ekanliklarini eslashardi.

Qanday niyatlar ila ro‘za tutish noto‘g‘ri bo‘lardi?

  •   Boshqalarni lol qoldirish niyatida. Iso, e’tiqodi tufayli ro‘za tutish kishining Xudo bilan shaxsiy va ovoza qilinmaydigan masalasi deb o‘rgatgan. (Matto 6:16–18)

  •   O‘zini odil deb ko‘rsatish niyatida. Ro‘za tutgan kishi boshqalardan axloqan yoki ma’nan ustun bo‘lib qolmaydi. (Luqo 18:9–14)

  •   Bila turib qilingan gunohni yuvish niyatida. Kishi itoatkor bo‘lib, gunohlarida chin dildan tavba qilganda, ro‘za tutgani Xudoga ma’qul kelardi. (Ishayo 58:3, 4)

  •   Rasmiyatchilikka rioya qilish niyatida. Misol tariqasida, Xudoni ota bilan solishtirsa bo‘ladi, bolalari unga nisbatan sevgisini chin dildan emas, majburiyat yuzasidan namoyon etsa, bu unga ma’qul kelmaydi. (Ishayo 58:5–7)

Masihiylar ro‘za tutishga majburmi?

 Yo‘q. Xudo isroilliklardan Poklanish kunida ro‘za tutishni talab qilgan, lekin Iso odamlar uchun o‘z jonini fido qilganidan keyin U bu talabni bekor etdi. (Ibroniylarga 9:24–26; 1 Butrus 3:18) Masihiylar Poklanish kunini o‘z ichiga olgan Musoning Tavrot kitobidagi amrlar ostida emas. (Rimliklarga 10:4; Kolosaliklarga 2:13, 14) Shu bois, har bir masihiy ro‘za tutish yoki tutmaslik borasida qarorni o‘zi chiqaradi. (Rimliklarga 14:1–4)

 Masihiylar ro‘za tutish Xudoga bo‘lgan topinishda muhim ahamiyatga ega emasligini tushunishadi. Muqaddas Kitobda ro‘za va quvonch o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Masihiylarning topinishi quvonch bilan ajralib turadi, bu esa «baxtiyor Tangri» bo‘lmish Yahovaning shaxsiyatini aks ettiradi. (1 Timo‘tiyga 1:11; Voiz 3:12, 13; Galatiyaliklarga 5:22)

Ro‘za tutish borasida Muqaddas Kitobda nima deyilmagan?

 Noto‘g‘ri fikr. Havoriy Pavlus masihiy bo‘lgan juftliklarga ro‘za tutishni maslahat bergan. (1 Korinfliklarga 7:5, «King James Version»)

 To‘g‘ri fikr. Muqaddas Kitobning eng qadimgi qo‘lyozmalarida 1 Korinfliklarga 7:5da ro‘za tutish haqida hech nima yozilmagan. Ehtimol, Muqaddas Kitobning ko‘chiruvchilari nafaqat bu oyatga, balki Matto 17:21; Mark 9:29 va Havoriylar 10:30ga ham ro‘za tutish iborasini qo‘shib qo‘yishgan. Muqaddas Kitobning ko‘pgina boshqa zamonaviy tarjimalarida esa, bu oyatlarda qo‘shib qo‘yilgan ro‘za haqidagi iboralar olib qo‘yilgan.

 Noto‘g‘ri fikr. Iso suvga cho‘mganidan keyin 40 kun mobaynida ro‘za tutgani uchun, masihiylar ham ro‘za tutishi darkor.

 To‘g‘ri fikr. Iso bunday ro‘za tutishni amr etmagan. Qolaversa, Muqaddas Kitobda ilk masihiylar bunday ro‘za tutgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

 Noto‘g‘ri fikr. Masihiylar Isoning o‘limini xotirlash uchun ro‘za tutishi kerak.

 To‘g‘ri fikr. Iso shogirdlariga uning o‘limini xotirlash niyatida ro‘za tutish kerakligini amr etmagan. (Luqo 22:14–18) Iso shogirdlari uning o‘limidan so‘ng ro‘za tutadi deb aytganda, buni buyruq emas, balki yuz berishi kerak bo‘lgan voqea sifatida keltirgan. (Matto 9:15) Muqaddas Kitobda masihiylar Qutlug‘ Kechlik marosimiga ovqatlanib borishi kerakligi haqida yozilgan. (1 Korinfliklarga 11:33, 34)

a Xudo isroilliklarga Poklanish kuni: «Gunohlaringizdan pushaymon ekaningizni ko‘rsatinglar»,— deb aytgan. (Levilar 16:29, 31) Bu ro‘za tutishni o‘z ichiga olishi mumkin. (Ishayo 58:3) Boshqa tarjimada bu oyat shunday o‘girilgan: «Gunohlaringizdan pushaymon ekaningizni ko‘rsatish uchun ovqat yemasdan borishingiz kerak». («Contemporary English Version»)