Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

SAKKIZINCHI BOB

Xudoning Shohligi — u nima o‘zi?

Xudoning Shohligi — u nima o‘zi?
  • Muqaddas Kitobda Xudoning Shohligi haqida nima deyilgan?

  • Xudoning Shohligi tufayli nimalar amalga oshiriladi?

  • Shohlik yer yuzida Xudoning irodasini qachon bajo keltiradi?

1. Muqaddas Kitob ta’limotlarini tushunishimizga nima yordam beradi?

SHOGIRDLAR Iso Masihdan, ibodat qanday qilish kerak, deb so‘raganlarida, u bir ibodatni namuna sifatida bergan edi. Ushbu chuqur ma’noga ega bo‘lgan ibodatni ko‘rib chiqish, Muqaddas Kitob ta’limotlarini tushunishimizga yordam beradi.

2. Mazkur ibodat qaysi so‘zlar bilan boshlanadi?

2 Mazkur ibodat quyidagicha boshlanadi: «Bizning osmondagi Otamiz! Sening muqaddas isming ulug‘lansin. Sening Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo kelsin» (Matto 6:9–13). Xo‘sh, bu iltijolar nimani anglatar ekan?

3. Xudoning Shohligi haqida nimani bilib olish lozim?

3 Avvalambor, biz Xudoning shaxsiy ismi bilan tanishib oldik. Shuningdek Xudoning irodasi, shu jumladan qadimda qilgan va kelajakda insoniyat uchun niyat qilib qo‘ygan ishlari haqida bilib oldik. Xo‘sh, Iso Masih «Sening Shohliging kelsin», deb ibodat qilishni o‘rgatayotganida nimani nazarda tutgan edi? Xudoning Shohligi — u nima o‘zi? U qanday qilib Xudoning ismini ulug‘lay olar ekan? Shohlik Xudoning irodasi bilan qanday bog‘liq?

XUDONING SHOHLIGI — U NIMA O‘ZI?

4. Xudoning Shohligi — u nima o‘zi, va uning Shohi kim?

4 Xudoning Shohligi — bu Xudo tomonidan o‘rnatilgan hukumatdir. Ushbu Shohlikka Shoh sifatida Yahova Taolo kimni tayinladi? Hazrati Iso Masihni. Unga hech bir insoniy hukmdor bas kela olmaydi. Chunki Iso «hokimlarning Hokimi — Shohanshohdir» (Vahiy 17:14). U har qanday, hatto eng yaxshi insoniy hukmdordan farqli ravishda beqiyos ezgu ishlar qilishga qodir.

5. Xudoning Shohligi qayerda o‘rnatilgan, va u nima ustidan hukmronlik qiladi?

5 Xudoning Shohligi qayerda o‘rnatilgan? Xo‘sh, Iso-chi, u qayerda? Esingizda bo‘lsa, vafot etganidan so‘ng Iso Masih tirilib, samoga ko‘tarilgan edi (Havoriylar 2:33). Demak Xudoning Shohligi samoda o‘rnatilgan. Shu sababli Muqaddas Kitobda u «samoviy Podshohlik» deb nomlangan (2 Timo‘tiyga 4:18). Xudoning Shohligi samoda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, u yer ustidan hukmronlik qiladi (Vahiy 11:15).

6, 7. Nima sababdan Hazrati Isoni eng yaxshi Shoh deyish mumkin?

6 Nima sababdan Hazrati Isoni eng yaxshi Shoh deyish mumkin? Chunki, yer yuzidagi har qanday shohdan farqli ravishda u abadiy zotdir. Muqaddas Kitobda: «Iso... poyonsiz hayot qudratiga ega»,⁠— deb aytilgan (Ibroniylarga 7:16). Demak, Isoning ilgarigi hamda kelajakdagi ezgu ishlari abadiy qolishiga amin bo‘lishimiz mumkin.

7 Keling, Hazrati Iso haqidagi bir bashoratni ko‘rib chiqaylik: «U Yahovaning ruhiga, hikmat va aql-idrok ruhiga, maslahat va kuch-qudrat ruhiga, bilim va Yahovadan qo‘rqish ruhiga to‘ladi; va Yahovadan qo‘rqishda u shodlik topadi. Tashqi ko‘rinishga qarab hukm chiqarmaydi va eshitganiga qarab ayblamaydi. U bechorahollarni adolatli hukm qiladi, yerdagi jafokashlarning ishini haqqoniy hal etadi» (Ishayo 11:2–4, YADT). Bu so‘zlar Iso qanchalik adolatli va hamdard bo‘lishini ko‘rsatib turibdi. Bunday hukmdoringiz bo‘lishini xohlarmidingiz?

8. Iso Masih bilan birgalikda tag‘in kimlar hukmronlik qiladi?

8 Shuni ham aytib o‘tish joizki, Iso bir o‘zi hukmronlik qilmaydi. Aziz havoriy Pavlus Timo‘tiyga yozgan maktubida: «Agar sabr toqat qilsak, U bilan birga davr suramiz»,⁠— degan edi (2 Timo‘tiyga 2:12). Ha, Pavlus, Timo‘tiy va Xudo tomonidan tanlangan boshqa sodiq kishilar Iso Masih bilan birgalikda samoviy Shohlikda hukm suradilar. Bunday ajoyib imtiyozga necha kishi ega?

9. Iso bilan birga necha kishi hukm suradi, va Tangri Taolo qaysi vaqtdan ularni tanlashni boshlagan?

9 Kitobning 7- bobida aytib o‘tilganiday, Isoning shogirdi Yuhannoga bir vahiy berilgan edi. U shunday deb yozgan: «Sion tog‘ida Qo‘zi [Iso Masihning samodagi yuksak mavqei] turganini ko‘rdim. Qo‘zi bilan birga peshanasida Uning va Otasining ismi yozilgan yuz qirq to‘rt ming kishi bor edi». O‘sha 144 000 kishi kim ekan? Yuhanno davom etmoqda: «Bular Qo‘zi qayoqqa ketsa, Uning orqasidan ketgan kishilardir. Bular Xudo va Qo‘ziga to‘ng‘ich bo‘lgudek, insonlar orasidan sotib olinganlar» (Vahiy 14:1, 4). Ko‘rinib turibdiki, ular Isoning sodiq izdoshlaridir. Ular samoviy hayot uchun tirilib, Hazrati Iso bilan birgalikda yer ustidan hukmronlik qiladilar (Vahiy 20:4, 6). Havoriylardan boshlab Iso bilan birga hukm surish uchun, Tangri Taolo sodiq kishilarni tanlagan. Ularning soni, jami 144 000 kishini tashkil etadi.

10. Nega Iso Masih va 144 000 kishining insoniyat ustidan hukmronlik qilishi, Xudoning mehr-muhabbatidan dalolat beradi?

10 Iso Masih va 144 000 kishining insoniyat ustidan hukmronlik qilishi, Xudoning mehr-muhabbatidan dalolat beradi. Iso azob chekish nimaligini juda yaxshi biladi, chunki o‘zi ham o‘tmishda inson bo‘lgan. Aziz havoriy Pavlus Iso haqida: «Zaifliklarimizga hamdard bo‘lishga ojiz emas, U har tomondan bizlar kabi vasvasaga solingan, lekin gunoh qilmagan»,⁠— deb yozgan edi (Ibroniylarga 4:15; 5:8). Shuningdek, U bilan birga hukmronlik qiluvchilar ham yer yuzida yashagan paytlarida ko‘p azob chekishgan. Ular nomukammallik va turli xastaliklarga duch kelgani sabab, odamlarning qiyinchiliklarini tushunib, hamdard bo‘lishadi.

XUDONING SHOHLIGI TUFAYLI NIMALAR AMALGA OSHIRILADI?

11. Nima uchun Iso izdoshlariga Xudoning irodasi «osmonda bo‘lgani kabi yerda ham» bajo bo‘lishi haqida ibodat qilishga undagan?

11 Iso Xudoning Shohligi kelishi to‘g‘risida aytganidan so‘ng, izdoshlariga Xudoning irodasi «osmonda bo‘lgani kabi yerda ham» bajo bo‘lishi haqida ibodat qilishga undagan. Osmonda Xudoning sodiq farishtalari doimo Uning irodasini bajo keltirishgan. Biroq 3- bobdan bilib olganimizdek, farishtalardan biri Xudoga quloq solmay quyib, Odam Ato bilan Momo Havoni gunohga botirdi. Shayton deb nom olgan o‘sha yovuz farishta haqida Muqaddas Kitobda nima deyilganini 10- bobga kelganimizda ko‘proq bilib olamiz. Shayton va unga sherik bo‘lgan farishtalar, ya’ni jinlar bir muddat osmonda qolishlariga ijozat berildi. Shu yo‘sinda, osmonda farishtalarning hammasi ham Xudoning irodasini bajo keltirishmagan. Xudoning Shohligi boshqarishni boshlaganida samodagi sharoit butkul o‘zgarishi kerak edi. Taxtga o‘tirgan yangi Shoh Iso Masih Shaytonga qarshi jang olib borishi kerak edi (Vahiy 12:7–9).

12. Vahiy 12:10- oyatida qaysi ikkita muhim voqea haqida bashorat qilingan?

12 Muqaddas Kitobda bu haqda shunday bashorat qilingan: «Samodan baland ovoz bilan aytilgan bu so‘zlarni eshitdim: “Endi Xudoyimiz najotkorligi, qudrati, saltanati hamda Uning Masihi hukmronligi o‘rnatildi. Endi birodarlarimizning tuhmatchisi, Xudoyimiz huzurida ularga kecha-kunduz tuhmat qilayotgan iblis tashqariga otildi”» (Vahiy 12:10). Ushbu oyatda qaysi ikkita muhim voqea haqida gap ketayotganini payqadingizmi? Birinchidan, Masihning boshchiligidagi Xudoning Shohligi o‘z hukmronligini boshladi. Ikkinchidan esa Shayton yer yuziga otildi.

13. Shaytonning osmondan otilishi qanday natijaga olib keldi?

13 Ushbu voqealarning natijasi qanday edi? Muqaddas Kitobda, quyidagini o‘qiymiz: «Shodlaning, ey osmonu falak va unda yashovchilar!» (Vahiy 12:12). Ha, endi sodiq farishtalar shodlanmoqda, chunki Shayton bilan jinlari yer yuziga otilganidan so‘ng, osmonu falakda faqatgina Yahova Taoloning sodiq xizmatchilari qolgan. Endi samoda tinch-totuvlik hukm suradi. Darhaqiqat, samoda Allohning irodasi bajo bo‘lmoqda.

Shayton bilan jinlarning osmondan otilgani, insoniyatga azob-uqubatlar keltirdi. Yaqinda azob-uqubatlar barham topadi

14. Shayton osmondan otilganidan so‘ng yer yuzida nima yuz berdi?

14 Yer yuzida-chi, nima yuz berdi? Oyatning davomida shunday deyilgan: «Ammo yer va dengizning holiga voy! Zero iblis vaqt oz qolganini bilib, mudhish qahr-g‘azab ila sizning oldingizga tushdi» (Vahiy 12:12). Shayton osmondan otilganidan hamda vaqti oz qolganidan o‘ta g‘azabda. Shu sababli u insonlarga ko‘p azob-uqubat keltirmoqda. Bu haqda batafsilroq ma’lumotni keyingi bobdan bilib olishingiz mumkin. Biroq, siz: «Qanday qilib Shohlik, yer yuzida Xudoning irodasini bajo keltirar ekan?» — deb so‘rashingiz mumkin.

15. Alloh Yerni qanday niyat bilan yaratgan?

15 Alloh Yer sayyoramizni qanday niyat bilan yaratganini bir eslab ko‘ring. Bu haqda 3- bobda gap ketgan edi. Uning niyati, butun yer yuzi jannatga aylanib, unda solih insonlar abadiy yashashlaridan iborat edi. Biroq, Shayton Odam Ato bilan Momo Havoni gunohga mubtalo qilib, Allohning niyati bajarilishiga xalaqit bermoqchi bo‘ldi. Lekin Tangrimizning niyati o‘zgarmas. Yahovaning maqsadi, «solihlar yer yuziga ega bo‘lib, unda mangu yashashlaridan» iboratdir (Zabur 36:29). Xudoning niyati Uning Shohligi orqali amalga oshiriladi. Qanday qilib deysizmi?

16, 17. Doniyor 2:44- oyatida Xudoning Shohligi haqida nima deyilgan?

16 Keling, Muqaddas Kitobdagi yana bir bashoratni ko‘rib chiqaylik. «O‘sha shohlarning davrida Samoviy Xudo bitmas-tuganmas bir shohlik o‘rnatadi. Hech kim uni yenga olmaydi. Bu shohlik boshqa barcha shohliklarni yer bilan yakson qilib, o‘zi abadiy turadi» (Doniyor 2:44). Mazkur oyatda Xudoning Shohligi haqida nima deyilgan?

17 Birinchidan, Xudoning Shohligi «o‘sha shohlarning», ya’ni hozirgi hukumatlarning davrida o‘rnatilishi haqida aytilgan. Ikkinchidan, bu Shohlik abadiy turadi, ya’ni hech qanday hukumat uni yengib, o‘rnini bosa olmaydi. Uchinchidan esa, Xudoning Shohligi bilan bu dunyoning shohliklari orasida jang bo‘ladi. Biroq Xudoning Shohligi g‘olib chiqadi. O‘shanda, butun yer yuzi ustidan yagona hukumat bo‘ladi. Ushbu eng zo‘r hukumat butun insoniyatga huzur-halovat keltiradi.

18. Xudoning Shohligi bilan bu dunyoning hukmdorlari orasida bo‘ladigan so‘nggi jangning nomi qanday?

18 Muqaddas Kitobda Xudoning Shohligi bilan bu dunyoning hukmdorlari orasida bo‘ladigan so‘nggi jang haqida batafsil ma’lumot berilgan. Masalan, oxirat yaqinlashayotgani sari yovuz ruhlar «barcha jahon shohlarini» aldab yo‘ldan ozdiradilar. Qaysi maqsadda? «Ular har narsaga qodir Xudoning ulug‘ kunida bo‘ladigan jangga barcha jahon shohlarini to‘plash uchun chiqadilar». Shohlar «yahudiy tilida Hor-Magido‘n deyilgan joyga to‘planadilar» (Vahiy 16:14, 16). Ushbu oyatlardan ko‘rinib turganidek, Xudoning Shohligi bilan bu dunyoning hukmdorlari orasida bo‘ladigan so‘nggi jangning nomi Hor-Magido‘ndir.

19, 20. Qaysi sabablarga ko‘ra Xudoning irodasi yer yuzida bajo kelmayapti?

19 Hor-Magido‘n jangida Xudoning Shohligi g‘olib kelishi nimalarga olib keladi? Alloh Yerni qanday niyat bilan yaratganini yana bir bor eslab ko‘ring. Rabbimiz Yahova, yer yuzini solih va mukammal insonlar bilan to‘lg‘azib, ular jannatda Unga xizmat qilishlarini niyat qilgan edi. Lekin, nega hozir buning iloji yo‘q? Avvalambor, nomukammal bo‘lganimiz sababli qarilik va o‘limga giriftormiz. Biroq, 5- bobdan bilib olganimizday, Iso Masih biz uchun fido bo‘lib, abadiy hayotga yo‘l ochib berdi. Esingizda bo‘lsa, Injildagi ushbu oyatni muhokama qilgan edik: «Xudo olamni shunchalik sevdiki, O‘zining yagona O‘g‘lini berdi, toki Unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin» (Yuhanno 3:16).

20 Boshqa bir sabab, ko‘p odamlar yovuzlik qilishga moyildir. Ular aldamchi, firibgar va axloqsiz, Xudoning irodasidan voz kechayotgan odamlardir. Lekin bunday odamlar Xudoning jangi bo‘lmish Hor-Magido‘nda yo‘q qilinadi (Zabur 36:10). Boz ustiga, bu dunyoning hukmdorlari o‘z fuqarolarini Xudoning irodasini bajo keltirishga undamaydilar. Ularning aksariyati zulm o‘tkazib hukmronlik qilmoqdalar. Ularga Muqaddas Kitobning ushbu oyati to‘g‘ri keladi: «Bir kishi ikkinchisining ustidan zulm o‘tkazib, hukmronlik qiladi» (Voiz 8:9).

21. Qanday qilib Shohlik hukmronligi ostida Xudoning irodasi yer yuzida bajo keladi?

21 Hor-Magido‘n jangidan so‘ng butun yer yuzi ustidan faqat Xudoning Shohligi boshqaradi. Aynan bu Shohlik Xudoning irodasini bajo keltirib, insoniyatga ajoyib qut-barakalar yog‘diradi. Shayton va jinlarning ta’siri boshqa bo‘lmaydi (Vahiy 20:1–3). Iso Masihning fido bo‘lgan hayoti tufayli hech kim boshqa kasal bo‘lmaydi hamda o‘lmaydi. Aksincha, Shohlik hukmronligi ostida yashar ekanmiz, hayotimizning cheki bo‘lmaydi (Vahiy 22:1–3). Butun yer yuzi jannatga aylanadi. Shohlik hukmronligi ostida Xudoning irodasi yer yuzida ham bajo keladi. Shuningdek, u Xudoning ismini ulug‘laydi. Bu demak, barcha banibashar Xudoyimiz Yahovaning ismini sharaflaydi.

SHOHLIK QACHON BOSHQARISHNI BOSHLAYDI?

22. Iso Masih ibodat qilishni o‘rgatgan paytda yoki osmonga ko‘tarilganidayoq Xudoning Shohligi boshqarishni boshlamaganini qayerdan bilamiz?

22 Hazrati Iso Masih «Sening Shohliging kelsin» deb ibodat qilishni o‘rgatgan ekan, aynan o‘sha zamon Shohlik boshqarishni boshlamagan edi. Ehtimol, Iso Masih osmonga ko‘tarilgan paytda Shohlik o‘rnatilgandir? Yo‘q, chunki aziz havoriylar Butrus bilan Pavlus, oldin Yahova Taoloning Isoga aytgan ushbu bashorat bajo bo‘lishi kerakligini aytishgan: «Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘ltirib turgin» (Zabur 109:1; Havoriylar 2:32–35; Ibroniylarga 10:12, 13). Oyatdan ko‘rinib turibdiki, avval biroz vaqt o‘tishi kerak edi.

Shohlik ostida Xudoning irodasi osmonda bo‘lgani kabi yerda ham bajo keladi

23. a) Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshlagan? b) Kelasi bobda nima muhokama qilinadi?

23 Xo‘sh, qancha vaqt o‘tishi kerak edi? XIX asrning oxiri XX asrning boshi oralig‘ida Muqaddas Kitob tadqiqotchilari, bu vaqt 1914- yilda yakuniga yetishini tushunib olishgan edi. (Ushbu sana to‘g‘risida 215–218- sahifalardagi Ilovadan bilib olishingiz mumkin.) 1914- yilda sodir bo‘lgan voqealar buning isbotidir. Muqaddas Kitob bashoratlari, Iso Masihning 1914- yilda taxtga o‘tirib, Shohlik o‘rnatilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Demak, biz yashayotgan payt Iblisning vaqti oz qolganini ko‘rsatyapti (Vahiy 12:12; Zabur 109:2). Yaqin kelajakda Shohlik Xudoning irodasini yer yuzida ham bajo keltirishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Nahotki bu xushxabar sizni quvontirmasa? Bu xabarga ishonasizmi? Kelajakda bizni qanday ajoyib o‘zgarishlar kutayotganini esa kelasi bobda muhokama qilamiz.