Asosiy materiallarga o‘tish

Nega Yahovaning Shohidlari Qutlug‘ Kechlik marosimini boshqacha o‘tkazishadi?

Nega Yahovaning Shohidlari Qutlug‘ Kechlik marosimini boshqacha o‘tkazishadi?

 Iso Masihning o‘limini xotirlash kuni va Hazratimizning kechlik taomi deb ham ataladigan Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkazayotib, Muqaddas Kitobda yozilganlarga amal qilamiz. (1 Korinfliklarga 11:20) Bundan farqli ravishda, bu marosim bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa dinlardagi ko‘p urf-odatlar Muqaddas Yozuvlarga asoslanmaydi.

Maqsad

 Qutlug‘ Kechlik marosimining maqsadi Iso Masihni eslab, biz uchun to‘lov sifatida taqdim etgan qurbonlik uchun minnatdorchiligimizni ko‘rsatamiz. (Matto 20:28; 1 Korinfliklarga 11:24) Bu marosim farog‘at yoki gunohlar kechirilishini ato etadigan qandaydir sirli yoki diniy odat emas a. Muqaddas Kitobga binoan, gunohlar kechirilishi diniy odat emas, ular faqat Iso Masihga bo‘lgan ishonch tufayli kechiriladi. (Rimliklarga 3:25; 1 Yuhanno 2:1, 2)

Necha marta o‘tkaziladi?

 Iso shogirdlariga bu marosimni o‘tkazishni tayinlagan, ammo necha marta ekanini aytmagan. (Luqo 22:19) Ba’zilarning fikricha, uni har oy, yana kimdir har hafta, har kuni yoki odam xohlagan paytda qilishi mumkin deb o‘ylaydi. Lekin quyida e’tiborga olish kerak bo‘lgan ba’zi omillar keltirilgan.

 Iso bu marosimni o‘tkazish kerakligini yahudiy Fisih bayramining nishonlangan kunida aytgan va o‘sha kunning o‘zida vaqt o‘tgach o‘lgan. (Matto 26:1, 2) Bu tasodif emas edi. Xudoning Kalomida Isoning qurbonligi Fisih qo‘zisi bilan solishtirilgan. (1 Korinfliklarga 5:7, 8) Fisih bayrami yilda bir marta nishonlanardi. (Chiqish 12:1–6; Levilar 23:5) Ilk masihiylar ham Isoning o‘lgan kunini yilda bir marta xotirlashardi. Yahovaning Shohidlari ham Muqaddas Kitobdagi namunaga amal qilishadi.

Sana hamda vaqt

 Iso ilk marosimni qanday o‘tkazgani, nafaqat uni qay yo‘sin o‘tkazish, balki uni qachon qilish kerakligini, ya’ni sanasi hamda vaqtini aniqlashga yordam beradi. Iso uni Muqaddas Kitobdagi kalendar bo‘yicha mil. 33-yili 14 nison kuni quyosh botgach joriy etgan. (Matto 26:18–20, 26) Ilk masihiylar singari biz ham bu marosimni har yili o‘sha kuni o‘tkazamiz.

 Garchi 33-yili 14 nison kuni juma bo‘lgan bo‘lsa ham, har yili u sana haftaning turli kuniga tushishi mumkin. Har yili 14 nison kuniga tushadigan o‘sha kunni hozirgi yahudiycha kalendarlarning tuzilishida qo‘llangan emas, balki Isoning davrida qo‘llangan usuldan foydalanib aniqlaymiz b.

Non va sharob

 Iso ushbu marosimni joriy etganda, Fisih bayramida kechlik taomidan qolgan xamirturushsiz non va qizil sharobdan foydalangan. (Matto 26:26–28) Uning o‘rnagiga ergashib, Qutlug‘ Kechlik marosimida xamirturushsiz non va shakar hamda ziravorlar qo‘shilmagan oddiy qizil sharobdan foydalanamiz.

 Ba’zi din vakillari xamirturush yoki achitqi solingan nondan foydalanishadi. Lekin Muqaddas Kitobda xamirturush ko‘pincha gunoh yoki buzulganlikning ramzidir. (Luqo 12:1; 1 Korinfliklarga 5:6–8; Galatiyaliklarga 5:7–9) Shu bois, faqat xamirturushsiz va boshqa qo‘shimcha narsalar solinmagan non Iso Masihning gunohsiz badaning ramzi bo‘la oladi. (1 Butrus 2:22) Haddan tashqari achitib yuborilgan uzum sharbatidan foydalanish ham Muqaddas Kitobga zid. Ba’zi cherkovlarda spirtli ichimliklarni iste’mol qilish man etilgani tufayli uzum sharbatidan foydalanishadi, lekin bunday taqiq Xudoning Kalomiga qarama-qarshi. (1 Timo‘tiyga 5:23)

Tom ma’nodagi et va qon emas, ramzlar

 Xamirturushsiz non va qizil sharob Qutlug‘ Kechlik marosimida Iso Masihning et va qonining ramzlari deb hisoblanadi. Ayrimlar non va sharob mo‘jizaviy tarzda tom ma’nodagi et va qonga aylanadi yoki ular aralashib ketadi, deb o‘ylaydi. Bu Muqaddas Kitobga zid ekanining sababiga e’tibor beraylik.

  •   Agar Iso shogirdlariga uning qonini ichishni amr etganida, u Xudoning qon borasidagi qonunni buzyapti, deb ayta olardik. (Ibtido 9:4; Havoriylar 15:28, 29) Ammo bu bo‘lishi mumkin emas edi, sababi Iso hech qachon qon muqaddasligi haqidagi Xudoning qonunini buzishni buyurmagan bo‘lardi. (Yuhanno 8:28, 29)

  •   Agar havoriylar chindan ham Isoning qonini ichishganda, u endi o‘lishi kerakligini ta’kidlab, ularga «to‘kiladigan qonim» deb aytmagan bo‘lardi. (Matto 26:28)

  •   Iso to‘lov qurbonligini «birato‘la» keltirgan edi. (Ibroniylarga 9:25, 26) Ammo agar Qutlug‘ Kechlik marosimida non va sharob uning et va qoniga aylanadi deb hisoblansa, bu ramzlardan tanavvul qiladiganlar Isoni qayta-qayta qurbonlikka keltirayotganday bo‘lib chiqadi.

  •   Iso: «Buni meni eslab turish uchun qilinglar»,— deb aytganda, uni qurbonlikka keltirishni emas, uni yodida tutishni amr etgan. (1 Korinfliklarga 11:24)

 Non va sharob Isoning tom ma’nodagi qon va etiga aylanishiga ishongan insonlar Muqaddas Kitobdagi muayyan oyatlarga ishora qiladi. Masalan, Muqaddas Kitobning ko‘p tarjimalarida sharob haqidagi Isoning so‘zlari quyidagicha yetkazilgan: «Bu... qonimdir». (Matto 26:28, Turkiya, 1998) Ammo taniqli ko‘p ilohiyotshunoslarning fikricha, «bu» so‘zi Iso ifodalagan ma’noni aniq yetkazib bermayapti. Masalan, Jak Dyupon Isoning madaniyati va jamiyatini hisobga olib, bu oyatdagi so‘zlarni: «Bu mening qonimni anglatadi»,— deb tarjima qilish «eng tabiiy» deb xulosa qildi. Bu vaziyatda ham Iso odatdagiday istiorani qo‘lladi. (Matto 13:34, 35)

Ramzlardan kimlar tanavvul qiladi?

 Qutlug‘ Kechlik marosimida Yahova Shohidlarining faqat kichik guruhi non va sharobdan tanavvul qiladi. Nima uchun?

 Iso Masih to‘kkan qoni asosida Tangri Yahova O‘zi va qadimgi Isroil xalqi o‘rtasidagi ahdni «yangi ahd»ga almashtirgan. (Ibroniylarga 8:10–13) Marosimda bu yangi ahd ishtirokchilarigina ramzlardan tanavvul qilishi mumkin. Ularning qatoriga barcha masihiylar kirmaydi, faqat Xudo o‘zgacha tarzda «da’vat etganlar» kiradi. (Ibroniylarga 9:15; Luqo 22:20) Bu insonlar osmonda Iso Masih bilan birga hukm surishadi va Muqaddas Kitobga binoan, bu sharafga faqat 144 000 kishi ega bo‘ladi. (Luqo 22:28–30; Vahiy 5:9, 10; 14:1, 3)

 «Kichik poda», ya’ni Iso Masih bilan hukm surishga da’vat etilgan odamlardan farqli ravishda, aksariyatimiz yer yuzida abadiy yashaydigan «ulkan olomon» qatoriga kirishga umid bog‘layapmiz. (Luqo 12:32; Vahiy 7:9, 10) Yerda yashashga umid qilayotganlar marosimga kelib, Iso gunohlarimiz uchun keltirgan qurbonligidan minnatdor ekanini ko‘rsatishadi. (1 Yuhanno 2:2)

a Makklintok va Strong ensiklopediyasida shunday deyilgan: «“Sirli” so‘zi Yangi ahdda uchramaydi; μυστήριον degan yunoncha so‘z [misterion] suvga cho‘mish, Qutlug‘ Kechlik va boshqa marosimga nisbatan qo‘llanilmaydi». (McClintock and Strong’s Cyclopedia, Volume IX, page 212)

b Yahudiylarning hozirgi kalendarida nison oyi astronomiya bo‘yicha yangi oy chiqishiga qarab aniqlanadi, lekin birinchi asrda bu usul qo‘llanilmagan edi. U paytda Quddus tepasida oy o‘roq shaklida ilk bor paydo bo‘lganda nison oyi boshlandi deb hisoblangan. U, astronomiya bo‘yicha yangi oy chiqqanidan bir yoki bir necha kundan keyin paydo bo‘lishi mumkin edi. Yahovaning Shohidlari o‘tkazadigan Qutlug‘ Kechlik marosimining sanasi hozirgi yahudiylar Pasxa bayramini nishonlash uchun belgilagan sanasi bilan doim ham to‘g‘ri kelmasligining sabablaridan biri shundadir.