Chiqish 32:1-35

  • Xalq oltin buzoqga sig‘inadi (1-35)

    • Muso qo‘shiq sadosini eshitadi (17, 18)

    • Muso tosh lavhalarni chilparchin qiladi (19)

    • Levilar Yahovaga sadoqatli qolishadi (26-29)

32  Bu orada xalq Muso uzoq vaqt tog‘dan tushmayotganini ko‘rgach+, Horunning atrofiga yig‘ilib: «Qani, bizni boshlab yuradigan xudo yasab ber. Chunki bizni Misr yurtidan olib chiqqan anavi Muso bilan nima yuz berganini bilmaymiz»+,— dedi.  Horun ularga javoban: «Xotinlaringiz va o‘g‘il-qizlaringizning quloqlaridagi tilla sirg‘alarni yechib, menga keltiringlar»+,— deb aytdi.  Shunda butun xalq quloqlaridagi tilla sirg‘alarini yechib, ularni Horunga olib kela boshladi.  Horun ulardan oltinni oldi-da, o‘ymakorlik asbobi bilan unga shakl berib, buzoq haykalini yasadi+. Xalq bo‘lsa: «Ey Isroil, seni Misr yurtidan olib chiqqan Tangring mana shu!»+ — deb ayta boshladi.  Buni ko‘rgan Horun buzoqning oldiga qurbongoh qurib: «Ertaga Yahovaga atalgan bayram bo‘ladi»,— deb e’lon qildi.  Ertasi kuni ular sahar turib, kuydiriladigan qurbonlik va tinchlik qurbonliklarini keltirishdi. Bundan so‘ng xalq yeb-ichish uchun o‘tirdi, keyin esa o‘rnidan turib, vaqtichog‘lik qila boshladi+.  Yahova Musoga shunday dedi: «Boraqol, pastga tush, chunki sen Misr yurtidan olib chiqqan xalq buzilib ketdi+.  Ular Men yurishni buyurgan yo‘ldan tezda og‘ib ketishdi+. O‘zlariga buzoqning haykalini yasab: “Ey Isroil, seni Misr yurtidan olib chiqqan Tangring mana shu!” — deya unga sajda qilib qurbonliklar keltirishyapti».  Yahova tag‘in Musoga: «Bu xalq o‘jar* ekanini ko‘rib turibman+. 10  Shunday ekan, endi Meni to‘xtatma. Men otashin g‘azabimni sochib, ularni qirib tashlayman. Sendan esa buyuk xalq keltirib chiqaraman»+,— dedi. 11  Muso bo‘lsa bunday deya Yahovaga yolvora boshladi+: «Ey Yahova, Misr yurtidan buyuk kuching, qudratli qo‘ling bilan olib chiqqan xalqingga otashin g‘azabingni sochib nima qilasan?+ 12  Misrliklar: “U xalqni yomon niyatda olib chiqqan. Ularni tog‘larda o‘ldirib, yer yuzidan yo‘q qilib yuborishni istagan”,— deb aytishmaydimi?+ Otashin g‘azabingdan tushib, xalqingni bunday falokatga duchor qilish fikringdan qayt. 13  Xizmatchilaring Ibrohim, Is’hoq va Isroilni yodga ol. Axir Sen: “Zurriyotingni* osmondagi yulduzlarday ko‘paytiraman+. O‘zim aytgan shu barcha yerlarni sening zurriyotingga beraman va ular unga asrlar osha egalik qilishadi!”+ — deya tantanavor ravishda qasam ichgan eding-ku». 14  Shunda Yahova O‘z xalqini falokatga duchor qilish fikridan qaytdi+. 15  So‘ngra Muso orqaga qaytib, tog‘dan tushdi. Qo‘lida+ ikkita shohidlik lavhasi+ bor bo‘lib, lavhalarning ikkala tomonida — old va orqa tomonida yozuvi bor edi. 16  Lavhalar Xudoning ijodi bo‘lib, undagi yozuvlarni O‘zi o‘yib yozgan edi+. 17  Yoshua xalqning baqir-chaqir qilib, shovqin ko‘tarayotganini eshitib, Musoga: «Qarorgohdan jang ovozi kelyapti»,— dedi. 18  Lekin Muso javoban dedi: «Bu, g‘alaba qo‘shig‘i emas,Mag‘lubiyat oh-nolasi ham emas.Men boshqa bir qo‘shiqni eshityaman». 19  Muso qarorgohga yaqinlashib, buzoqni va raqsga tushayotganlarni ko‘rishi bilanoq+, g‘azabi qaynab ketdi. Shunda qo‘lidagi lavhalarni tog‘ning etagida yerga tashlab yubordi va ular chilparchin bo‘ldi+. 20  Muso ular yasagan buzoqni oldi-da, olovda kuydirdi va maydalab, kukunga aylantirdi+. So‘ng kukunni suvning ustiga sepib, Isroil xalqiga uni ichirdi+. 21  Muso Horunga: «Bu xalq sizga nima qildiki, uni bunday og‘ir gunohga botirdingiz?» — deb aytdi. 22  Horun javoban dedi: «Taqsirim, achchig‘ingiz chiqmasin. Bu xalq yovuzlikka moyil ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz+. 23  Ular menga: “Bizni boshlab yuradigan xudo yasab ber. Chunki bizni Misr yurtidan olib chiqqan anavi Muso bilan nima yuz berganini bilmaymiz”+,— deb aytishdi. 24  Shunda men: “Kimda tillasi bor bo‘lsa, yechib menga keltirsin”,— dedim. Uni olovga tashlagan edim, mana shu buzoq chiqdi». 25  Muso ko‘rdiki, xalq tiyib bo‘lmaydigan holga kelibdi. Chunki Horun ularning tiyiqsiz holga kelib, dushmanlarining oldida sharmanda bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bergan edi. 26  Muso qarorgoh kiraverishi oldida turib: «Kim Yahova tarafda bo‘lsa, mening yonimga kelsin!»+ — dedi. Shunda Levining barcha o‘g‘illari uning atrofiga to‘planishdi. 27  Muso ularga: «Isroil xalqining Tangrisi Yahova bunday demoqda: “Har biringiz qilichingizni belingizga bog‘lang-da, butun qarorgoh bo‘ylab, u boshidan bu boshigacha* aylanib chiqib, aka-ukangiz, qo‘shningiz va yaqin do‘stingizni o‘ldiring”»+,— deb aytdi. 28  Levining o‘g‘illari Muso aytganidek qilishdi. Shu tariqa, o‘sha kuni taxminan 3 000 kishi o‘ldirildi. 29  Keyin Muso: «Yahovaga xizmat qilish uchun bugun o‘zlaringizni muqaddas qilinglar. Boisi, har biringiz o‘z o‘g‘lingiz va aka-ukangizga qarshi boryapsizlar+. Bugun U sizlarga baraka beradi»,— dedi+. 30  Ertasi kuni Muso xalqqa: «Sizlar og‘ir gunohga qo‘l urdingizlar. Endi men Yahovaning oldiga ko‘tarilaman. U gunohingizdan o‘tishi uchun, ehtimol biror narsa qila olarman»+,— deb aytdi. 31  Muso Yahovaning oldiga qaytib, shunday dedi: «Bu xalq og‘ir gunohga qo‘l urdi! Ular o‘ziga oltindan xudo yasab olibdi!+ 32  Agar istasang, ularning gunohini kechir+. Istamasang, iltimos, O‘zing yozgan kitobdan mening ismimni o‘chirib tashla»+. 33  Biroq Yahova Musoga: «Kim Menga qarshi gunoh qilgan bo‘lsa, o‘shaning ismini kitobimdan o‘chirib tashlayman. 34  Endi borib, xalqni Men aytgan joyga olib bor. Mening farishtam seni boshlab boradi+. Men tekshiruv o‘tkazgan kunda, qilgan gunohi uchun ularni jazolayman»,— dedi. 35  Shundan so‘ng, xalq Horunga buzoq yasattirgani uchun Yahova ularni jazolay boshladi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «bo‘yni egilmaydigan».
So‘zma-so‘z «urug‘ingni».
So‘zma-so‘z «darvozadan darvozaga».