Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9- QISM

Tangri Yahovaga oilangiz bilan topining

Tangri Yahovaga oilangiz bilan topining

«Osmonu yerni... Yaratganga topininglar» (Vahiy 14:7).

Ushbu risoladan bilib olganingizday, Muqaddas Kitobda siz va oilangizga yordam beradigan juda ko‘p me’yorlar bor. Allohimiz Yahova baxtli bo‘lishingizni istaydi. Agar Xudoga topinishni birinchi o‘ringa qo‘ysangiz, U: «Bularning bari sizlarga qo‘shimcha qilib beriladi»,— deb va’da qilmoqda (Matto 6:33). Tangri siz ham Uning do‘sti bo‘lishingizni juda xohlaydi. Yaratgan Egamiz bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirish uchun har bir imkoniyatni g‘animat deb biling. Bu, inson ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng buyuk sharafdir! (Matto 22:37, 38).

1 YAHOVA TAOLO BILAN MUNOSABATLARINGIZNI MUSTAHKAMLANG

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «“Men sizlarga Ota bo‘laman, sizlar esa Menga o‘g‘illaru qizlar bo‘lasizlar”,— demoqda Qodir Tangri Yahova» (2 Korinfliklarga 6:18). Xudo, siz Uning qadrdon do‘sti bo‘lishingizni xohlaydi. Bunga erishishning bir yo‘li — ibodat qilishdir. Yahova sizni: «Tinmay ibodat qiling»,— deya chorlamoqda (1 Salonikaliklarga 5:17). U ichki kechinmalaru tashvishlaringizni tinglashga tayyor (Filippiliklarga 4:6). Oilangiz bilan ibodat qilganingizda, Alloh siz uchun qanchalar mavjud Shaxs ekanini ko‘rishadi.

Xudoga yuragingizdagini aytishdan tashqari, Uni tinglashingiz ham zarur. Buni, Uning Kalomini va unga asoslangan adabiyotlarni o‘rganish orqali qilsangiz bo‘ladi (Zabur 1:1, 2). Bilib olganlaringiz borasida mulohaza qiling (Zabur 76:12, 13). Allohga quloq solish shuningdek, imonlilar jamoatlariga muntazam borish demakdir (Zabur 121:1–4).

Xudoning qadrdon do‘sti bo‘lishning yana bir muhim yo‘li — U haqda o‘zgalarga aytib berishdir. Tangri to‘g‘risida boshqalar bilan qancha ko‘p gaplashsangiz, U bilan munosabatingiz shuncha yaqinlashadi (Matto 28:19, 20).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Har kuni Muqaddas Kitobni o‘qib, ibodat qilishga vaqt ajrating.

  • Oilangiz uchun ma’naviy ishlar o‘yin-kulgi va dam olishdan afzalroq bo‘lsin.

2 OILAVIY TOPINISHDAN ZAVQ TOPING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi» (Yoqub 4:8). Siz, oila bilan birga Xudoga topinish * dasturini rejalashtirib, unga rioya qilishingiz darkor (Ibtido 18:19). Biroq bu bilan cheklanib qolmang. Allohni kundalik hayotingizda ham unutmang. Xudo va oilangiz orasidagi rishtalar yanada mustahkam bo‘lishi uchun, «uyda o‘tirganda ham, yo‘lda yurganda ham, yotganingizda ham, turganingizda ham shular [Xudoning so‘zlari] haqida gapiringlar» (Qonunlar 6:6, 7). Iloyim, maqsadingiz Allohning o‘tmishdagi xizmatchisi Yoshuanikiday bo‘lsin. Zero, u: «Men va oilam esa Egamizga xizmat qilamiz»,— degan (Yoshua 24:15).

FOYDALI MASLAHAT

  • Har bir oila a’zoingizning ehtiyojini inobatga olgan holda, oilaviy topinish dasturini oldindan tuzing.

[Izoh]

^ 13- x.b. Yahovaning Shohidlari har hafta oilasi bilan birga Xudoga topinish uchun vaqt ajratib, tinch muhitda ma’naviy narsalarni muhokama qilishadi.