Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitobda tilga olingan ayollar. Ulardan qanday saboq olsak bo‘ladi

Muqaddas Kitobda tilga olingan ayollar. Ulardan qanday saboq olsak bo‘ladi

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda ko‘pgina ayollar tilga olingan bo‘lib, ularning hayotidan qimmatli saboq olishimiz mumkin. (Rimliklarga 15:4; 2 Timo‘tiyga 3:16, 17) Ushbu maqolada Muqaddas Kitobda tilga olingan ayollarning atigi bir nechtasi haqida qisqacha ma’lumot keltirilgan. Ularning ko‘pi biz uchun ajoyib o‘rnakdir. Ba’zilari esa ogohlantiruvchi misollar. (1 Korinfliklarga 10:11; Ibroniylarga 6:12)

  Dalila

 Dalila kim edi? Isroil hakami Shimsho‘n bu ayolni sevib qolgandi. (Hakamlar 16:4, 5)

 U nima qildi? U Shimsho‘nga xiyonat qilish uchun filistimlik beklardan pul oladi. Xudo isroilliklarni filistimliklar qo‘lidan qutqarish uchun Shimsho‘ndan foydalangandi. Ular Shimsho‘n kuchining siri nimada ekanini bilishmagani tufayli, uni yenga olishmagandi. (Hakamlar 13:5) Shu bois, beklar Daliladan yordam so‘radi.

Dalila Shimsho‘n qanday qilib ulkan kuchga ega ekanini bilib berishi uchun filistimliklar unga pora berishgan. Dalila pulni oldi va bir necha bor harakat qilib, Shimsho‘nning sirini bilishga muvaffaq bo‘ldi. (Hakamlar 16:15–17) Keyin u bu sirni filistimliklarga yetkazdi, ular bo‘lsa Shimsho‘nni tuzoqqa tushirib, qamoqqa tashlashdi. (Hakamlar 16:18–21)

 Daliladan qanday saboq olyapmiz? Dalila ogohlantiruvchi misoldir. U pulga o‘ch bo‘lgani tufayli Xudoning xizmatchisini aldadi, unga nisbatan sadoqatsizlik qilib, xudbinlarcha yo‘l tutdi.

Dobira

   Dobira kim edi? U payg‘ambar ayol edi. Xudo O‘z xalqidan nima kutayotganini oshkor etish uchun undan foydalangan. Qolaversa, Xudo isroilliklar orasidagi muammolarni hal qilishga yordam berish uchun Dobiradan foydalangan. (Hakamlar 4:4, 5)

 U nima qildi? Payg‘ambar ayol Dobira Xudoning topinuvchilarini jasorat ila qo‘llab-quvvatlagan. Xudoning yo‘l-yo‘rig‘i bilan u Baraqqa Isroil xalqining qo‘shinini dushman bo‘lgan kan’onliklarga qarshi boshqarishni aytgan. (Hakamlar 4:6, 7) Baraq undan birga borishni so‘raganida, Dobira qo‘rquvga berilmagan, aksincha, tayyorlik ila rozi bo‘lgan. (Hakamlar 4:8, 9)

 Xudo isroilliklarga ajoyib g‘alaba bergach, Dobira o‘sha voqeaning oxirida Baraq bilan birga kuylagan qo‘shig‘ining kamida bir qismini bastalagan. O‘sha qo‘shiqda u yana bir jasoratli ayol — Yovelni ham tilga oladi. U ham isroilliklarni kan’onliklardan himoya qilishda muhim rol o‘ynagan. (Hakamlar 5-bob)

 Dobiradan qanday saboq olyapmiz? Dobira fidoyi va jasoratli edi. U boshqalarni Xudoning nazarida to‘g‘ri bo‘lgan ishlarni qilishga undagan. Ular bunday qilganida esa, Dobira ularni chin dildan maqtagan.

  •   Dobira haqida ko‘proq bilish uchun «Isroilga yordam berish uchun ona kabi keldim» nomli maqolaga qarang.

Yovel

   Yovel kim edi? U isroillik bo‘lmagan Xaberning xotini edi. Yovel qo‘rqmay Xudo xalqining tomonini egalladi.

 U nima qildi? Kan’onliklar qo‘shinining sardori Sisaro uning qarorgohiga kelganida, Yovel qat’iylik ila yo‘l tutgan. Sisaro Isroil xalqi bilan bo‘lgan jangda mag‘lub bo‘lgandi va yashirinish hamda dam olish uchun joy izlayotgandi. Yovel yashirinish va dam olish uchun uni o‘z chodiriga taklif qildi. Uxlab qolganida esa, uni o‘ldirdi. (Hakamlar 4:17–21)

 Yovelning harakati bilan Dobiraning quyidagi bashorati amalga oshdi: «Yahova Sisaroni ayol kishining qo‘liga topshiradi». (Hakamlar 4:9) Qilgan ishi uchun Yovelni «ayollar orasida u ko‘proq baraka topsin» deb maqtashgan. (Hakamlar 5:24)

 Yoveldan qanday saboq olyapmiz? Yovel tashabbusni qo‘lga olib, jasorat ila harakat qildi. Uning vaziyatidan shuni ko‘ryapmizki, Yahova bashoratni amalga oshirish uchun vaziyatga aralashishi mumkin.

Izabel

   Izabel kim bo‘lgan? U Isroil shohi Axabning xotini edi. Izabel isroillik emasdi va Yahovaga topinmagan. Aksincha, u kan’onliklarning xudosi Baalga sig‘ingan.

 U nima qildi? U boshqarishni yaxshi ko‘rardi va zolim hamda zo‘ravon edi. U Baalga sig‘inishni va shu bilan birga jinsiy axloqsizlikni ham olg‘a surgan. Buning ustiga, u haq Xudo Yahovaga bo‘lgan topinishni yo‘q qilishga harakat qilgan. (3 Shohlar 18:4, 13; 19:1–3)

 Izabel istaganiga ega bo‘lish uchun yolg‘on gapirgan va odamlarni o‘ldirishgacha borgan. (3 Shohlar 21:8–16) Xudo bashorat qilganiday, u zo‘ravonlarcha o‘lgan va ko‘milmagan. (3 Shohlar 21:23; 4 Shohlar 9:10, 32–37)

 Izabeldan qanday saboq olyapmiz? Izabel ogohlantiruvchi misoldir. U axloqsizlikka va yomonlikka mukkasidan ketgani tufayli uning ismi uyatsiz, axloqsiz va tiyiqsiz ayolning timsoli bo‘lib qolgan.

Leax

   Leax kim edi? U bobokalonimiz Yoqubning birinchi xotini edi. Uning singlisi Rohila esa, ikkinchi xotin bo‘lgan. (Ibtido 29:20–29)

 U nima qildi? Leax Yoqubga oltita o‘g‘il tug‘ib berdi. (Rut 4:11) Yoqub Leaxga emas, Rohilaga uylanmoqchi edi. Ammo qizlarning otasi Lobon Rohilaning o‘rniga Leaxni xotinlikka berdi. Yoqub uni aldab Leaxga uylantirishganini bilgach, Lobondan jahli chiqdi. Lobon ularning odatiga ko‘ra, kattasidan avval kichigini turmushga berishmasligini ta’kidladi. Bir hafta o‘tgach, Yoqub Rohilaga uylandi. (Ibtido 29:26–28)

 Yoqub Rohilani Leaxdan ko‘ra ko‘proq sevardi. (Ibtido 29:30) Natijada Leax Yoqubning sevgisini qozonish uchun singlisi bilan rashk ustida raqobat qildi. Xudo Leaxning tuyg‘ularini ko‘rdi va unga baraka berdi va u yettita farzandni — olti o‘g‘il va bir qizni dunyoga keltirdi. (Ibtido 29:31)

 Leaxdan qanday saboq olyapmiz? Leax Xudoga tayangan va oilasidagi og‘ir vaziyat Xudoning yordamini ko‘rishiga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. (Ibtido 29:32–35; 30:20) Leaxning vaziyatida bo‘lgan voqeadan shuni ko‘ryapmizki, Xudo muayyan vaqt davomida yo‘l qo‘ygan ko‘p nikohlilik (poligamiya) hech qanday foyda keltirmaydi. U nikohda faqat bitta er va bitta xotin bo‘lishini ma’qul ko‘rgan. (Matto 19:4–6)

  •     Leax haqida ko‘proq bilish uchun «Azob chekkan opa-singil “Isroil xalqini bunyod etgan”» nomli maqolaga qarang.

  •   Nima uchun Xudo qadimgi xalqida ko‘p nikohlilik bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun «Xudo ko‘p nikohlilikni ma’qullaydimi?» nomli maqolaga qarang.

Lutning xotini

 U kim edi? Muqaddas Kitobda uning ismi tilga olinmagan. Lekin u yerda uning ikkita qizi bo‘lgani va ular birgalikda Sado‘mda yashagani aytilgan. (Ibtido 19:1, 15)

 U nima qildi? U Xudoning amriga bo‘ysunmadi. Sado‘m va uning yaqinidagi shaharlar jinsiy axloqsizlikka berilib ketgani uchun Xudo ularni yo‘q qilmoqchi edi. Xudo Sado‘mda yashagan odil kishi Lut va uning oilasini sevgani bois, ularni xavfsiz joyga ko‘chirish maqsadida ikkita farishtasini yubordi. (Ibtido 18:20; 19:1, 12, 13)

 Farishtalar Lutning oilasiga qochishni va orqasiga o‘girilmaslikni, aks holda, o‘lishlarini aytishdi. (Ibtido 19:17) Lutning xotini «orqasiga o‘girilib qaradi va tuz ustuniga aylanib qoldi». (Ibtido 19:26)

 Lutning xotinidan qanday saboq olyapmiz? Uning misoli moddiy narsalarga ortiq darajada mehr qo‘yish Xudoga itoatsizlik qilishgacha olib borishini ko‘rsatyapti. Iso uni ogohlantiruvchi misol sifatida keltirib: «Lutning xotini esingizda bo‘lsin»,— degan. (Luqo 17:32)

  Magdalalik Maryam

 U kim edi? Magdalalik Maryam Isoning sadoqatli shogirdi edi.

 U nima qildi? Magdalalik Maryam Iso va uning shogirdlari bilan birga xizmat qilgan bir nechta ayoldan biri. U ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun mablag‘ini saxiylik ila sarflardi. (Luqo 8:1–3) Iso xizmatini tugatmaguncha, u unga ergashgan. Shuningdek, Iso o‘limga mahkum etilganida, magdalalik Maryam o‘sha yerda edi. U Iso tirilgandan keyin uni ko‘rganlar orasida birinchilardan bo‘lish sharafiga ega bo‘lgan. (Yuhanno 20:11–18)

 Maryamdan qanday saboq olyapmiz? Magdalalik Maryam Isoni xizmati davomida saxiylik ila qo‘llab-quvvatlagan va sadoqatli shogird bo‘lib qolgan.

Marta

   Marta kim edi? Marta Lazarning singlisi va Maryamning opasi edi. Ularning uchovi Quddus yaqinidagi Baytaniya qishlog‘ida yashashgan.

 U nima qildi? Marta Iso bilan yaqin do‘st edi. Iso «Martani, uning singlisini hamda Lazarni yaxshi ko‘rardi». (Yuhanno 11:5) Marta mehmondo‘st ayol edi. Isoning tashriflaridan birida Maryam uni tinglashni tanlagan, Marta esa uy yumushlari bilan ovora bo‘lgan. Marta Isoga nolib, Maryam unga yordam bermayotganini aytgan. Iso xushmuomalalik ila Martaning nuqtai nazarini to‘g‘riladi. (Luqo 10:38-42)

 Akasi kasal bo‘lib qolganida, Marta va singlisi Iso uni davolay olishiga amin bo‘lib, uning oldiga odam yuborishgan. (Yuhanno 11:2, 31) Ammo Lazar vafot etgan. Martaning Iso bilan qurgan suhbatidan, u tirilish haqidagi Muqaddas Kitobdagi va’daga ishonganini hamda Iso Lazarni hayotga qaytara olishiga amin bo‘lganini ko‘rish mumkin. (Yuhanno 11:20-27)

 Martadan qanday saboq olyapmiz? Marta mehmondo‘stlik ko‘rsatish uchun ko‘p mehnat qilgan. U maslahatni tayyorlik ila qabul qildi. U his-tuyg‘ulari va imoni haqida ochiqchasiga aytdi.

  •   Marta haqida ko‘proq bilish uchun «Men ishonaman» nomli maqolaga qarang.

  Maryam (Isoning onasi)

 Maryam kim edi? U yahudiy edi va mo‘jizaviy tarzda muqaddas ruh yordamida homilador bo‘lib Isoni dunyoga keltirganda bokira edi.

 U nima qildi? Maryam kamtarlik ila Xudoning irodasini bajardi. Farishta kelib u homilador bo‘lishini va uzoq kutilgan Masihni dunyoga keltirishini aytganda, Maryam Yusuf bilan unashtirilgandi. (Luqo 1:26-33) U buni tayyorlik ila qabul qildi. Isoni dunyoga keltirgach, Maryam va Yusuf yana to‘rtta o‘g‘illi va kamida ikkita qizli bo‘lgan. Shu bois, Maryam bokira bo‘lib qolmagan. (Matto 13:55, 56) Garchi u o‘zgacha sharafga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, Isoning yer yuzidagi xizmati paytida ham, ilk masihiy jamoat a’zosi sifatida ham unga boshqacha munosabat qilishlarini kutmagan.

 Maryamdan qanday saboq olyapmiz? Maryam jiddiy mas’uliyatni tayyorlik ila zimmasiga olgan sadoqatli ayol edi. U Muqaddas Yozuvlarni juda yaxshi bilgan. Maryam Luqo 1:46–55 dagi gaplarni aytganda, Muqaddas Yozuvlarga taxminan 20-marta ishora qilgan.

  •   Maryam haqida ko‘proq bilish uchun «Maryamdan qanday saboq olyapmiz?» nomli maqolaga qarang.

Maryam (Marta va Lazarning singlisi)

 U kim edi? Maryam akasi Lazar va opasi Marta singari Iso bilan yaqin do‘st edi.

   U nima qildi? Maryam Isoni Xudoning O‘g‘li sifatida qadrlashini bir necha bor namoyon etgan. U Iso akasi Lazarning yonida bo‘lganida, uni o‘limdan saqlab qolishi mumkinligiga ishonishini ko‘rsatgan. Qolaversa, Iso Lazarni tiriltirganida u o‘sha yerda edi. Maryam opasi Martaga yordam bermay, Isoni tinglashni tanlaganida, Marta uni tanqid qilgan. Ammo Maryam ma’naviy narsalarni ustuvor qo‘ygani uchun Iso uni maqtagan. (Luqo 10:38–42)

 Boshqa safar esa Maryam Isoning boshiga va oyog‘iga «qimmatbaho xushbo‘y moyni» quyib, o‘zgacha saxiylikni namoyon etgan. (Matto 26:6, 7) Buni ko‘rganlar Maryamni isrofgarchilik qilishda ayblashgan. Iso uning yonini olib quyidagicha degan: «[Xudoning Shohligi haqidagi] xushxabar dunyoning qaysi joyida va’z qilinmasin, bu ayolning qilgan ishi ham yodga olinadi». (Matto 24:14; 26:8–13)

 Maryamdan qanday saboq olyapmiz? Maryam kuchli imonga ega edi. U Xudoga bo‘lgan topinishni moddiy narsalardan ustun qo‘ygan. Bu unga qimmatga tushgan bo‘lsa ham, Isoni qadrlashini kamtarlik ila ko‘rsatgan.

Maryam (Musoning opasi)

 U kim edi? Maryam Muso va Horunning opasi edi. U Muqaddas Kitobda payg‘ambar ayol sifatida tilga olingan birinchi ayol.

 U nima qildi? Payg‘ambar ayol sifatida u xalqqa Xudoning so‘zlarini yetkazgan. U Isroilda muhim o‘rin egallagan va Xudo Misr qo‘shinini Qizil dengizda yo‘q qilgach, boshqa erkaklar bilan birga g‘alaba qo‘shig‘ini kuylagan. (Chiqish 15:1, 20, 21)

  Bir oz vaqt o‘tgach, Maryam va Horun Musoni tanqid qilishdi. Aftidan, ular mag‘rurlik va hasadga berilganga o‘xshaydi. Xudo barchasini «eshitib turardi» va Maryam bilan Horunga jiddiy maslahat berdi. (Sahroda 12:1–9) Ehtimol, Maryam salbiy gaplarni aytgani bois, Xudo uni moxov kasalligiga yo‘liqtirdi. Muso iltijo qilib, u uchun yolvorganda, Xudo Maryamga shifo berdi. U yetti kun davomida qarorgohdan tashqarida bo‘lgach, Isroil xalqining qarorgohiga kirishiga ijozat berildi. (Sahroda 12:10–15)

 Muqaddas Kitobga ko‘ra, Maryam unga berilgan tanbehni qabul qilgan. Asrlar o‘tgach, Xudo Isroil xalqiga: «Oldingga Muso, Horun va Maryamni yubordim»,— deb eslatganda, Maryam o‘zgacha sharafga ega bo‘lganiga ishora qilgan. (Mixo 6:4)

 Maryamdan qanday saboq olyapmiz? Maryam bilan bo‘lgan voqeadan Xudo Uning topinuvchilari bir-biriga yoki bir-biri haqida nima deyayotganiga diqqat qaratishini ko‘ryapmiz. Bundan tashqari, Xudoni mamnun qilish uchun noo‘rin mag‘rurlik va hasaddan qochishga o‘rganishimiz kerak. Bu illatlar boshqalarning obro‘yiga dog‘ tushirishimizga sabab bo‘lishi mumkin.

Momohavo

 Momohavo kim edi? U ilk ayol edi va Muqaddas Kitobda ham tilga olingan birinchi ayoldir.

   U nima qildi? Momohavo Xudoning aniq amriga bo‘ysunmagan. U ham turmush o‘rtog‘i Odamato singari iroda erkinligiga ega mukammal inson sifatida yaratilgan edi va sevgi hamda donolik kabi ilohiy fazilatlarni rivojlantira olardi. (Ibtido 1:27) Xudo Odamatoga ular muayyan daraxtning mevasidan yeyishsa, o‘lishlarini aytganini Momohavo bilardi. Ammo u o‘lmasligi haqidagi yolg‘onga ishongan. Aslini olganda, Momohavo Xudoga itoatsizlik qilsa, yaxshiroq yashashi haqidagi Shaytonning yolg‘oniga laqqa tushgan. Xullas, u mevadan yedi va keyinroq erini ham bunga ko‘ndirdi. (Ibtido 3:1–6; 1 Timo‘tiyga 2:14)

 Momohavodan qanday saboq olyapmiz? Momohavo yomon istaklarga berilish borasida ogohlantiruvchi misoldir. U Xudoning aniq amriga qarshi chiqib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsaga ega bo‘lish kabi kuchli istakni rivojlantirdi. (Ibtido 3:6; 1 Yuhanno 2:16)

Obigayl

 Obigayl kim edi? U Navol ismli boy, ammo bemehr kishining xotini edi. Lekin Obigayl oqila va kamtar bo‘lib, ham jismonan, ham ma’nan go‘zal inson bo‘lgan. (1 Shohlar 25:3)

 U nima qildi? Falokatning oldini olish uchun Obigayl donolik va mulohazakorlik ila yo‘l tutdi. U turmush o‘rtog‘i Navol bilan Isroilning bo‘lajak shohi Dovud qochoq sifatida berkinib yurgan hududda yashardi. Dovud odamlari bilan u yerda bo‘lganida, Navolning suruvini bosqinchilardan qo‘riqlagandi. Dovud odamlarini Navolning oldiga yuborib, ozgina oziq-ovqat so‘raydi, biroq u qo‘pollik ila bu iltimosni rad etadi. Dovudning g‘azabi qaynaydi! Shu sababli Dovud va odamlari Navol hamda uning xonadonidagi barcha erkaklarni o‘ldirishga otlanishadi. (1 Shohlar 25:10–12, 22)

   Obigayl erining qilgan ishidan xabar topgach, tezda harakat qiladi. U Dovud va uning odamlari uchun xizmatchilariga oziq-ovqat berib yuboradi. O‘zi esa ularning ortidan boradi va Dovuddan rahm qilishini o‘tinib so‘raydi. (1 Shohlar 25:14–19, 24–31) Dovud uning sovg‘alarini ko‘rib, kamtarinligini kuzatib va donolik ila berilgan maslahatini eshitib, Xudo uni qotillikka qo‘l urishdan saqlab qolganini tushunadi. (1 Shohlar 25:32, 33) Bundan ko‘p o‘tmay, Navol o‘ladi va Dovud Obigaylga uylanadi. (1 Shohlar 25:37–41)

 Obigayldan qanday saboq olyapmiz? U go‘zal va boy bo‘lishiga qaramay, o‘ziga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lgan. Tinchlikni saqlash niyatida u hatto qilmagan ishi uchun ham uzr so‘rashga tayyor bo‘lgan. Obigayl tarang vaziyatni xushmuomalalik, jasorat va topqirlik ila hal qildi.

  •   Obigayl haqida ko‘proq bilish uchun «U juda oqilona yo‘l tutdi» nomli maqolaga qarang.

Rahoba

   U kim edi? Rahoba Kan’onning Yerixo shahrida yashagan fohisha ayol edi. U Xudoning topinuvchisi bo‘lgan.

 U nima qildi? Rahoba yurtga ayg‘oqchi bo‘lib kelgan ikkita isroillik kishini yashirgan. U Isroil xalqining Xudosi Yahova ularni Misrdan va amoriylarning qo‘lidan qutqarganini eshitgandi.

Rahoba ayg‘oqchilarga yordam bergan va Isroil xalqi Yerixoni vayron qilganda, uni va oilasini qutqarib qolishlarini o‘tinib so‘ragan. Ular bunga quyidagi bir nechta shart asosida rozi bo‘lishgan: Rahoba ularning uchrashuvini sir saqlashi, Isroil xalqi hujum qilganda u va oilasi uyidan chiqmasligi va qaysi uy uniki ekanini aniqlash uchun derazadan qirmizi arqon tushirishi kerak edi. Rahoba har bir yo‘l-yo‘riqqa itoat qildi. Isroil xalqi Yerixoni qamal qilganda, u va oilasi omon qoldi.

Keyinchalik Rahoba Isroil xalqidan bo‘lgan inson bilan oila qurdi hamda shoh Dovud va Iso Masihning ajdodlaridan biriga aylandi. (Yoshua 2:1–24; 6:25; Matto 1:5, 6, 16)

 Rahobadan qanday saboq olyapmiz? Muqaddas Kitobda Rahoba kuchli imonga ega bo‘lgan inson sifatida o‘rnak qoldirgan. (Ibroniylarga 11:30, 31; Yoqub 2:25) Uning misoli Xudo kechirimli ekanini, yuzxotirchilik qilmasligini va odamning o‘tmishi qanday bo‘lmasin, Unga tayanganlarga baraka berishini ko‘rsatyapti.

  •   Rahoba haqida ko‘proq bilish uchun «U “ishlari tufayli odil deb tan olingan”» nomli maqolaga qarang.

  Rivqo

 U kim edi? U Is’hoqning xotini va Yoqub hamda Esov ismli egizaklarning onasi edi.

 U nima qildi? Rivqo hatto qiyin bo‘lganida ham, Xudoning irodasini bajargan. U quduqdan suv olganida, bir kishi undan ichishga suv so‘raydi. Rivqo shu zahoti unga suv beradi va uning tuyalariga ham suv tortib berishni taklif qiladi. (Ibtido 24:15–20) Bu kishi Ibrohimning xizmatchisi edi va u xo‘jayinining o‘g‘li Is’hoq uchun kelin izlab, uzoq masofani bosib kelgandi. (Ibtido 24:2–4) Qolaversa, o‘sha xizmatchi baraka so‘rab Xudoga ibodat qilgan. U Rivqoning tirishqoqligiyu mehmondo‘stligini ko‘rib, Xudo ibodatiga javob berganini va uni Is’hoq uchun tanlaganini tushungan. (Ibtido 24:10–14, 21, 27)

 Rivqo o‘sha xizmatchilar nega kelganini bilgach, ular bilan birga borib, Is’hoqqa turmushga chiqishga rozi bo‘lgan. (Ibtido 24:57–59) Rivqo egizaklarni dunyoga keltirdi. Xudo unga katta o‘g‘li Esov ukasi Yoqubga xizmat qilishini aytgan. (Ibtido 25:23) Is’hoq Esovni duo qilmoqchi bo‘lganida, u Yoqubni duo qilishi uchun Rivqo muayyan choralar ko‘rdi. Boisi, u bu Xudoning irodasi ekanini bilardi. (Ibtido 27:1–17)

 Rivqodan qanday saboq olsak bo‘ladi? Rivqo o‘z haddini bilish, tirishqoqlik va mehmondo‘stlik kabi fazilatlarga ega bo‘lgani uchun, yaxshi xotin, ona va haq Xudoning topinuvchisi bo‘lishda muvaffaqiyatli bo‘la oldi.

  •   Rivqo haqida ko‘proq bilish uchun «Ha, roziman» nomli maqolaga qarang.

Rohila

 U kim edi? U Lobonning qizi va bobokalonimiz Yoqubning sevimli xotini bo‘lgan.

   U nima qildi? Rohila Yoqubning xotini bo‘lgan va unga ikkita o‘g‘il tug‘ib bergan. Ular esa qadimgi Isroil xalqi kelib chiqqan 12 ta qabila boshi bo‘lgan. Rohila otasining qo‘ylarini boqib yurganida, bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini uchratgan. (Ibtido 29:9, 10) Opasi Leaxga qaraganda, u «jozibali» edi. (Ibtido 29:17)

Yoqub Rohilani sevib qoldi va unga uylanish uchun yetti yil ishlashga rozi bo‘ldi. (Ibtido 29:18) Lekin Lobon Yoqubni aldab, avval uni Leaxga uylantirdi, keyin esa Rohilaga ham uylanishiga ruxsat berdi. (Ibtido 29:25–27)

 Yoqub Rohilani va uning ikkita o‘g‘lini Leax va uning bolalaridan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rardi. (Ibtido 37:3; 44:20, 27–29) Buning oqibatida, ikkita ayol o‘rtasida raqobat bo‘lgan. (Ibtido 29:30; 30:1, 15)

 Rohiladan qanday saboq olyapmiz? Rohila oilada qiyin vaziyatga duch kelgan bo‘lsa-da, Xudo uning ibodatlarini eshitishiga doim umid qilgan. (Ibtido 30:22–24) U bilan bo‘lgan voqeadan ko‘p nikohlilik dastidan oilada qanday qiyinchiliklar bo‘lishini ko‘rsak bo‘ladi. Rohilaning misolidan Xudo nikoh uchun faqat bitta er va bitta xotin bo‘lishi kerakligini belgilab, donolik ila yo‘l tutganini ko‘rish mumkin. (Matto 19:4–6)

  •   Rohila haqida ko‘proq bilish uchun «Azob chekkan opa-singil “Isroil xalqini bunyod etgan”» nomli maqolaga qarang.

  •   Nima uchun Xudo qadimgi xalqida ko‘p nikohlilik bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun «Xudo ko‘p nikohlilikni ma’qullaydimi?» nomli maqolaga qarang.

Rut

   U kim bo‘lgan? U Isroilda Yahovaga topinish uchun o‘z xudolari va yurtidan voz kechgan mo‘ablik ayol edi.

 U nima qildi? Rut qaynonasi Naimaga o‘zgacha sevgi ko‘rsatdi. Isroilda ocharchilik bo‘lganida omon qolish uchun Naima eri va ikkita o‘g‘li bilan Mo‘abga ketgan edi. Uning o‘g‘illari Rut va O‘rpa ismli mo‘ablik ayollarga uylanishdi. Lekin vaqt o‘tib, Naimaning eri va ikkita o‘g‘li vafot etdi. Shunday qilib, ular uchta beva ayolga aylandi.

 Naima Isroilga qaytishga qaror qildi, chunki u yerda ocharchilik tugagan edi. Rut va O‘rpa u bilan bormoqchi bo‘lishdi. Ammo Naima ularga o‘z qarindoshlari oldiga qaytishni aytdi. O‘rpa qaytdi. (Rut 1:1–6, 15) Rut esa sadoqat ko‘rsatib, qaynonasini tashlab ketmadi. U Naimani yaxshi ko‘rardi va uning Xudosi Yahovaga topinishni istardi. (Rut 1:16, 17; 2:11)

 Rut sadoqatli kelin va mehnatsevar bo‘lgani uchun ko‘p o‘tmay Naimaning ona yurti Baytlahmda yaxshi nom qozondi. Yer egasi bo‘lgan Boz ismli boy kishi Rutni ko‘rib, qattiq ta’sirlandi va unga hamda qaynonasiga saxiylik ila oziq-ovqat berdi. (Rut 2:5–7, 20) Keyinchalik Rut Boz bilan turmush qurdi va shoh Dovud hamda Iso Masihning ajdodlaridan biriga aylandi. (Matto 1:5, 6, 16)

 Rutdan qanday saboq olyapmiz? Rut Naimani va Yahovani sevgani uchun uyini va oilasini tashlab ketishga tayyor bo‘ldi. U hatto qiyin paytlarda ham mehnatkash, hamdard va sadoqatli bo‘lib qolgan.

  •   Rut haqida ko‘proq bilish uchun «Siz qayerga borsangiz, o‘sha yerga boraman» va «Yaxshi ayol» nomli maqolalarga qarang.

  Sora

 U kim edi? U Ibrohimning xotini va Is’hoqning onasi bo‘lgan.

 U nima qildi? Sora Xudo uning eri Ibrohimga bergan va’dalari amalga oshishiga ishongani tufayli gullab-yashnayotgan Ur shahridagi qulay hayotni tashlab ketgan. Xudo Ibrohimga Ur shahridan ketishni va Kan’on yurtiga borishni aytadi. Xudo unga baraka berishini va undan buyuk xalq keltirib chiqarishini va’da beradi. (Ibtido 12:1–5) O‘shanda, ehtimol, Sora 60dan oshgan edi. O‘sha paytdan boshlab Sora va Ibrohim chodirlarda yashab, bir joydan boshqasiga ko‘chib yurishgan.

 Garchi bir joydan boshqasiga ko‘chish Soraga xavf tug‘dirgan bo‘lsa-da, u Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga itoat qilgan eri Ibrohimni qo‘llab quvvatlagan. (Ibtido 12:10, 15) Sora uzoq yillar davomida farzand ko‘ra olmagan va bu unga ko‘p qayg‘u keltirgan. Ammo Xudo Ibrohimning avlodiga baraka berishni va’da qilgandi. (Ibtido 12:7; 13:15; 15:18; 16:1, 2, 15) Vaqt o‘tib, Xudo Sora Ibrohimga farzand tug‘ib berishini va’da qildi. U farzand ko‘rish yoshidan o‘tgandan keyin bolali bo‘ldi. O‘shanda u 90 yoshda, eri esa 100 yoshda edi. (Ibtido 17:17; 21:2–5) Ular bolaga Is’hoq deb ism qo‘yishdi.

 Soradan qanday saboq olyapmiz? Soraning misolidan Xudo va’dalarini, hatto ilojsizday tuyulganlarini doim bajarishiga ishonishimiz mumkinligini ko‘ryapmiz! (Ibroniylarga 11:11) Shuningdek, uning misolidan ayol kishi erini hurmat qilishi muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rinib turibdi. (1 Butrus 3:5, 6)

  •   Sora haqida ko‘proq bilish uchun «Sen nihoyatda go‘zal ayolsan» va «Xudo uni “malika” deb atadi» nomli maqolalarga qarang.

Xanna

   Xanna kim edi? U Elqananing xotini va qadimgi Isroilda yaxshi tanilgan Shomuil payg‘ambarning onasi edi. (1 Shohlar 1:1, 2, 4–7)

 U nima qildi? U bola ko‘ra olmaganida, tasalli so‘rab Yahovaga murojaat qilgan. Elqananing yana bir xotini bor edi. Uning ikkinchi xotini Paninnaning bolalari bor edi, ammo Xanna uzoq vaqt farzandli bo‘la olmagan. Paninna beshafqatlarcha Xannani tanqid qilardi, lekin u tasalli so‘rab Yahovaga ibodat qilgan. U Xudoga va’da berib, unga o‘g‘il ato etsa, uni Isroil xalqi topinishda foydalangan ko‘chma muqaddas chodirda xizmat qilish uchun bag‘ishlashini aytadi. (1 Shohlar 1:11)

 Xudo Xannaning ibodatiga javob berdi va u Shomuilni dunyoga keltirdi. Xanna va’dasida turdi va Shomuil hali kichikligida muqaddas chodirda xizmat qilishi uchun uni u yerga olib bordi. (1 Shohlar 1:27, 28) U har yili o‘g‘liga kamzul tikib olib borardi. Vaqt o‘tib, Xudo Xannaga baraka berdi va u yana beshta farzandning — uchta o‘g‘ilu ikkita qizning onasi bo‘ldi. (1 Shohlar 2:18–21)

 Xannadan qanday saboq olyapmiz? Xanna chin dildan ibodat qilgani tufayli qiyinchiliklarda bardoshli bo‘la oldi. Xannaning 1 Shohlar 2:1–10 da keltirilgan minnatdorchilik ibodati uning imoni qanchalar kuchli ekanini ko‘rsatadi.

  •   Xanna haqida ko‘proq bilish uchun «U qalbini Xudoga ochdi» nomli maqolaga qarang.

  •   Nima uchun Xudo qadimgi xalqida ko‘p nikohlilik bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun «Xudo ko‘p nikohlilikni ma’qullaydimi?» nomli maqolaga qarang.

  Shunamlik qiz

 U kim edi? U qishloq qizi bo‘lib, chiroyli edi va Go‘zal qo‘shiq kitobining asosiy qahramoni. Muqaddas Kitobda uning ismi aytilmagan.

 U nima qildi? Shunamlik qiz sevgilisi cho‘pon yigitga sadoqatli qoldi. (Go‘zal qo‘shiq 2:16) Uning o‘zgacha go‘zalligi boy shoh Sulaymonning e’tiborini tortdi va u qizning sevgisini qozonishga harakat qildi. (Go‘zal qo‘shiq 7:6) Garchi boshqalar uni Sulaymonni tanlashga undagan bo‘lsa-da, u buni rad etdi. Shunamlik qiz oddiygina cho‘ponni sevgan va unga sodiq qolgan. (Go‘zal qo‘shiq 3:5; 7:10; 8:6)

 Shunamlik qizdan qanday saboq olyapmiz? U go‘zal bo‘lishiga va unga ko‘p e’tibor berilganiga qaramay, o‘z haddini bilgan. Tengdoshlarining bosimi va boyligu mashhurlik haqidagi va’dalar uning cho‘ponga bo‘lgan sevgisini so‘ndirishiga yo‘l qo‘ymagan. U his-tuyg‘ularini boshqargan va axloqan pok qolgan.

  Ester

 Ester kim edi? U yahudiy edi va Fors shohi Axashverash uni malika sifatida tanlagan.

 U nima qildi? Malika Ester mavqeidan foydalanib, xalqini qirilib ketishidan saqlab qoldi. U muayyan kuni Fors imperiyasi hududidagi barcha yahudiylar o‘ldirilishi kerakligi to‘g‘risidagi farmondan xabar topdi. Bu bosh vazir bo‘lgan Xomonning ishi edi. (Ester 3:13–15; 4:1, 5) Ester hayotini xavf ostiga qo‘yib, qarindoshi Mordaxayning ko‘magi bilan turmush o‘rtog‘iga, ya’ni shoh Axashverashga bu haqida aytadi. (Ester 4:10–16; 7:1–10) Axashverash Ester va Mordaxayga yahudiylar o‘zlarini himoya qilishi mumkinligi haqida farmon chiqarishga ruxsat beradi. Barcha yahudiylar dushmanlari ustidan g‘alaba qozonadi. (Ester 8:5–11; 9:16, 17)

 Esterdan qanday saboq olyapmiz? Jasorat, kamtarlik va o‘z haddini bilishda malika Ester ajoyib o‘rnak qoldirgan. (Zabur 31:24; Filippiliklarga 2:3) U chiroyli va mavqega ega bo‘lishiga qaramay, maslahat va yordam so‘ragan. U turmush o‘rtog‘i bilan xushmuomalalik va hurmat ila gapirgan, shu bilan birga jasoratli bo‘lgan. Shuningdek, xalqining hayoti jiddiy xavf ostida bo‘lganida, u ham yahudiy ekanini yashirmagan.

  •   Ester haqida ko‘proq bilish uchun «Xudoning xalqini himoya qilgan ayol» va «Jasoratli, fidokor va oqila ayol» nomli maqolalarga qarang.

 Muqaddas Kitobda tilga olingan ayollar davriy chiziqda ko‘rsatilgan

  1.  Momohavo

  2. To‘fon (mil. avv. 2370-yil)

  3.  Sora

  4.  Lutning xotini

  5.  Rivqo

  6.  Leax

  7.  Rohila

  8. Chiqish (mil. avv. 1513-yil)

  9.  Maryam (Musoning opasi)

  10.  Rahoba

  11.  Rut

  12.  Dobira

  13.  Yovel

  14.  Dalila

  15.  Xanna

  16. Isroilning birinchi shohi (mil. avv. 1117-yil)

  17.  Obigayl

  18.  Shunamlik qiz

  19.  Izabel

  20.  Ester

  21.  Maryam (Isoning onasi)

  22. Isoning suvga cho‘mishi (mil. 29-yil)

  23.  Marta

  24.  Maryam (Marta va Lazarning singlisi)

  25.  Magdalalik Maryam

  26. Isoning o‘limi (mil. 33-yil)