Asosiy materiallarga o‘tish

Iso Masih qanday qilib qutqaradi?

Iso Masih qanday qilib qutqaradi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Iso Masih o‘z hayotini to‘lov qurbonligi sifatida keltirganda, sodiq insonlarni qutqargan edi. (Matto 20:28) Shu sababli, u Muqaddas Kitobda «dunyo qutqaruvchisi» deya ataladi. (1 Yuhanno 4:14) Qolaversa, u yerda quyidagicha yozilgan: «Odamlarni undan boshqa hech kim qutqara olmaydi, chunki najot topishimiz uchun osmon-u falak ostida odamlarga berilgan boshqa ism yo‘q». (Havoriylar 4:12)

 Iso unga ishongan har bir kishi uchun «o‘limga ro‘baro‘ bo‘lgan». (Ibroniylarga 2:9; Yuhanno 3:16) Shu bois, «Alloh uni tiriltirdi» va u ruhiy shaxs sifatida osmonga qaytdi. (Havoriylar 3:15) U yerda Iso «Allohga yaqinlashganlarni butunlay qutqarishga qodir. U abadiy yashagani bois, ular uchun vositachilik qiladi». (Ibroniylarga 7:25)

Nega Iso biz uchun vositachilik qiladi?

 Barchamiz gunohkormiz. (Rimliklarga 3:23) Gunoh Xudo bilan bizning o‘rtamizda to‘siq bo‘lib, o‘limga yetaklaydi. (Rimliklarga 6:23) Lekin Iso uning to‘lov qurbonligiga ishongan kishilar uchun «himoyachi» sifatida xizmat qiladi. (1 Yuhanno 2:1, izoh) U vositachilik qilib, Xudodan ularning ibodatlarini eshitishini va bu to‘lov asosida gunohlari kechirilishini so‘raydi. (Matto 1:21; Rimliklarga 8:34) Xudo Iso orqali qilingan bu ibodatlarni qabul qiladi, chunki ular Uning irodasiga muvofiq. Alloh «dunyoni qutqarish» uchun Isoni yer yuziga yuborgan. (Yuhanno 3:17)

Qutqarilish uchun Isoga ishonishning o‘zi yetarlimi?

 Yo‘q. To‘g‘ri, qutqarilish uchun Isoga ishonish kerak, lekin qilish kerak bo‘lgan yana bir narsa bor. (Havoriylar 16:30, 31) Muqaddas Kitobda: «Ruhsiz tana o‘lik bo‘lganidek, ishlarsiz imon ham o‘likdir»,— deyilgan. (Yoqub 2:26) Qutqarilish uchun quyidagilar kerak:

  •   Iso va Uning Otasi Yahovani tanib-bilish lozim. (Yuhanno 17:3)

  •   Ularga nisbatan imonni kuchaytirish darkor. (Yuhanno 12:44; 14:1)

  •   Amrlariga itoatli bo‘lib, imonimizni namoyon etishimiz kerak. (Luqo 6:46; 1 Yuhanno 2:17) Iso o‘rgatganiday, unga «Hazratim» deb murojaat qilgan har kim emas, osmondagi Otasining «xohishini bajargan» kishilargina qutqariladi. (Matto 7:21)

  •   Qiyinchiliklarga qaramay, imonni namoyon etishda to‘xtamaslik lozim. Iso: «Faqat oxirigacha chidagan qutuladi»,— deb aytganda, buni ta’kidlagan edi. (Matto 24:13)