Shohlar birinchi kitob 16:1-23

  • Shomuil Dovudni keyingi shoh sifatida moylaydi (1-13)

    • Yahova insonning qalbiga qaraydi (7)

  • Xudoning ruhi Shoulni tark etadi (14-17)

  • Dovud Shoul uchun arfa chaladi (18-23)

16  Bir muncha vaqt o‘tib, Yahova Shomuilga dedi: «Yana qancha payt Shoulni deb qayg‘urib yurasan?+ Axir Men uni rad etdim-ku. Endi u Isroil ustidan shohlik qilmaydi+. Shoxni moyga to‘ldirgin-da+, yo‘lga chiq. Men seni baytlahmlik Essayning+ oldiga yuboraman, chunki uning o‘g‘illaridan birini O‘zim uchun shoh etib tanladim»+.  Ammo Shomuil: «Qanday qilib boraman? Agar Shoul eshitib qolsa, meni o‘ldiradi»+,— dedi. Yahova unga javoban dedi: «O‘zing bilan bitta g‘unajinni olgin-da: “Men Yahovaga qurbonlik keltirish uchun keldim”,— deb ayt.  Qurbonlik keltirish uchun Essayni taklif qil. O‘shanda nima qilish kerakligini senga bildiraman. Men senga ko‘rsatgan kishini Men uchun moylaysan»+.  Shomuil Yahova aytganiday qilib, Baytlahmga+ keldi. Shahar oqsoqollari qo‘rquv ichida uni qarshi olishdi va undan: «Tinchlikmi?» — deb so‘rashdi.  Shomuil: «Tinchlik. Men Yahovaga qurbonlik keltirish uchun keldim. O‘zingizni muqaddas qilinglar va kelib men bilan birga qurbonlik keltiringlar»,— dedi. Keyin u Essay bilan o‘g‘illarini muqaddas qilib, qurbonlik keltirish uchun ularni chaqirdi.  Ular kelganda, Shomuil Eliyobni+ ko‘rib: «Yahovaning moylangani mana shu ekani shubhasiz»,— dedi.  Biroq Yahova Shomuilga: «Uning ko‘rinishiga va bo‘yining balandligiga+ qarama, chunki tanlaganim u emas. Alloh odam qaraganday qaramaydi, odam tashqi ko‘rinishga qaraydi, Yahova esa insonning qalbiga qaraydi»+,— deb aytdi.  So‘ng Essay Abunadovni+ chaqirib, Shomuilning oldiga olib keldi. Ammo Shomuil: «Yahova buni ham tanlamadi»,— dedi.  Keyin Essay Shammoxni+ ko‘rsatdi, lekin u: «Yahova buni ham tanlamadi»,— deb aytdi. 10  Shunday qilib, Essay yettita o‘g‘lini Shomuilning oldiga olib keldi, biroq Shomuil unga: «Yahova ulardan birontasini ham tanlamadi»,— dedi. 11  Oxiri Shomuil Essaydan: «Hamma o‘g‘illaring shumi?» — deb so‘radi. Essay unga: «Kenja o‘g‘lim+ ham bor, u qo‘ylarni boqib yuribdi»+,— dedi. Shomuil: «Odam yuborib uni chaqirtir, u kelmagunicha, taom yeyishga o‘tirmaymiz»,— deb aytdi. 12  Essay odam yuborib, uni chaqirtirdi. U qizg‘ish yonoqli, ko‘zlari chiroyli, qaddi-qomati kelishgan yigit edi+. Yahova: «O‘rningdan turib, uni moyla, tanlaganim shu!»+ — dedi. 13  Shomuil moy to‘ldirilgan shoxni olib+, akalarining oldida uni moyladi. O‘sha kundan boshlab, Yahovaning ruhi Dovudga ta’sir qila boshladi+. Keyin Shomuil Ramaga+ qaytib ketdi. 14  Yahovaning ruhi Shoulni tark etdi+ va yomon ruh* uni qiynashiga Yahova yo‘l qo‘ydi+. 15  Shoulning xizmatkorlari shunday deyishdi: «Xudodan bo‘lgan yomon ruh sizni qiynayapti. 16  Taqsir, iltimos xizmatkorlaringizga buyuring, arfani yaxshi chaladigan kishini siz uchun topib kelishsin+. Xudodan bo‘lgan yomon ruh sizni qamrab olganida, o‘zingizni yaxshi his qilishingiz uchun, u sizga arfa chalib beradi». 17  Shoul xizmatkorlariga: «Mayli, arfani yaxshi chaladigan kishini topib, oldimga olib kelinglar»,— dedi. 18  Xizmatkorlardan biri: «Men baytlahmlik Essay degan kishining o‘g‘li arfani yaxshi chalishini bilaman. U jasur, qudratli jangchi+, qaddi-qomati kelishgan+, gaplari ma’noli yigit. Yahova ham u bilandir»+,— deb aytdi. 19  Shoul Essayning oldiga xabarchilarni jo‘natib: «Qo‘y boqib yurgan o‘g‘ling Dovudni oldimga yubor»+,— dedi. 20  Essay non, sharob quyilgan mesh hamda uloqni eshakka ortdi-da, o‘g‘li Dovud bilan birga Shoulning oldiga yubordi. 21  Dovud Shoulning oldiga borib, unga xizmat qila boshladi+. U Shoulga judayam yoqib qoldi va uni o‘zining qurolbardori etib tayinladi. 22  Shoul Essayga: «Dovud menga xizmat qilib yursin, chunki u menga ma’qul keldi»,— degan xabar yubordi. 23  Xudodan bo‘lgan yomon ruh Shoulni qamrab olganda, Dovud arfa chalardi. Shunda Shoul ancha yengil tortib, o‘zini yaxshi his qilardi va yomon ruh uni tark etardi+.

Izohlar

Yoki «yomonlik qilishga moyillik». Yahova, Shoulning ichki holati uni qiynashiga yo‘l qo‘ydi.