Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Xudoning qanday fazilatlari bor?

Xudoning qanday fazilatlari bor?

Biror kishining qanday fazilatlari borligini ko‘rganimiz sayin, uni yaxshiroq bilib boramiz. Shu yo‘sin, do‘stligimiz mustahkamlanadi. Shunga o‘xshab, Yahovaning fazilatlarini ko‘rganimiz sayin, Uni yaxshiroq bilib olamiz va do‘stligimiz mustahkamlanadi. Xudoning ajoyib fazilatlaridan quyidagi to‘rttasi: Uning kuchi, donoligi, adolati va sevgisi eng asosiysidir.

XUDO KUCHLI

«Ey, Oliy Hukmdor Yahova! Sen osmon-u yerni buyuk kuching va qudratli qo‘ling bilan yaratgansan». (YEREMIYO 32:17)

Xudoning kuchi Uning yaratgan narsalarida namoyon bo‘ladi. Masalan, yozning quyoshli kunida tashqarida tursangiz, teringizda nimani his qilasiz? Quyoshning taftini. Yahovaning yaratish qudratining natijasini o‘zingizda his etasiz. Quyosh qanchalik kuchli? Uning yadrosida harorat taxminan 15 million darajaga ko‘tariladi. Quyosh har soniyada yuz millionlab atom bombalarining portlash kuchiga teng energiyani ishlab chiqaradi.

Lekin Quyosh koinotdagi milliardlab yulduzlarga qaraganda kichkina. Olimlarning hisoblashicha, katta yulduzlardan biri bo‘lmish UY Scuti [YU Vay Skyuti] nomli yulduzning diametri Quyoshnikidan taxminan 1 700 marta katta. Bordi-yu, bu yulduz Quyoshning o‘rniga qo‘yilsa, u Yerni yutib, Yupiter sayyorasining orbitasigacha borardi. Ehtimol, bu misol Yeremiyo payg‘ambarning Xudo yer-u osmonni, ya’ni koinotni buyuk qudrati bilan yaratgani haqidagi so‘zlarini chuqurroq tushunishimizga yordam beradi.

Xudoning kuchidan qanday foyda olishimiz mumkin? Insoniyat hayoti Quyosh va yerning ajoyib zaxiralari kabi Xudo yaratgan narsalariga bog‘liq. Bundan tashqari, Xudo O‘z kuchidan har bir insonga foyda keltiradigan tarzda qo‘llanadi. Qanday qilib? Birinchi asrda Xudo Isoga mo‘jizalar yaratish qudratini ato etgan. Bu borada Muqaddas Kitobda shu so‘zlarni o‘qiymiz: «Ko‘rlar ko‘ryapti, cho‘loqlar yuryapti, moxovlar pok bo‘lyapti, karlar eshityapti, o‘liklar tirilyapti». (Matto 11:5) Bugungi kun haqida nima desa bo‘ladi? Muqaddas Yozuvlarda: «U [Xudo] charchaganga kuch... ato etadi»,— deyilgan va shunday deb qo‘shib qo‘yilgan: «Yahovaga umid bog‘laganlar qaytadan kuchga to‘ladi». (Ishayo 40:29, 31) Hayotimizdagi sinovlar-u qiyinchiliklarni yenga olishimiz yoki sabr-bardoshli bo‘lishimiz uchun Xudo «insonlarnikidan ustun turgan kuchni» beradi. (2 Korinfliklarga 4:7) Sevgi ila beqiyos qudratini bizning foydamiz uchun qo‘llaydigan Tangriga yaqinlashishni istamasmidingiz?

XUDO DONO

«Naqadar ko‘pdir Sening ishlaring, ey Yahova! Bularning barini donolik ila yaratgansan». (ZABUR 104:24)

Xudoning yaratgan narsalari borasida ko‘proq bilganimiz sayin, Uning donoligidan hayratda qolamiz. Biomimetika yoki biomimikriya sohasida ish olib boruvchi olimlar Tangri Yahovaning ijodlarini o‘rganishadi va o‘z ixtirolarini mukammallashtirish uchun tabiatdagi biron narsaning elementlarini o‘zlashtirishadi. Oddiy yopishqoq ilgakdan tortib to samolyot dizaynigacha shunday deyish mumkin.

Insonning ko‘zi chinakam mo‘jiza

Xudoning donoligi inson tanasi yaratilganida o‘zgacha tarzda namoyon bo‘lgan. Keling, chaqaloq qanday rivojlanishini ko‘rib chiqaylik. Bu jarayon kerakli genetik dasturni o‘z ichiga olgan urug‘langan tuxum hujayradan boshlanadi. Bu hujayra o‘ziga o‘xshagan ko‘pgina hujayralarga bo‘linadi. Belgilangan paytda esa bu hujayralar yuzlab turli hujayralar — qon hujayralari, asab hujayralari va suyak hujayralari sifatida rivojlanadi. Tez orada organlar sistemasi paydo bo‘lib, ishga tushadi. Atigi to‘qqiz oy deganda, birgina hujayradan milliardlab hujayralardan tarkib topgan kichkina odamcha shakllanadi. Xudoning ijodida aks etgan bunday donolik ko‘pchilikni Muqaddas Kitob yozuvchisining ushbu so‘zlariga qo‘shilishga undaydi: «Seni madh etaman! Naqadar hayratli, ajoyib yaratilganman». (Zabur 139:14)

Xudoning donoligidan qanday foyda olishimiz mumkin? Yaratuvchimiz baxtli bo‘lishimiz uchun bizga nima kerakligini biladi. Uning bilimi va tushunchasi beqiyos bo‘lgani sababli, O‘z Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobda bizga dono maslahatlarni taqdim etmoqda. Misol uchun, Muqaddas Kitob bizni «chin dildan kechirishga» undamoqda. (Kolosaliklarga 3:13) Bu oqilona maslahatmi? Albatta. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, kechirimli bo‘lish insonning uyqusini yaxshilashi va qon bosimini pasaytirishi mumkin. Shuningdek, depressiyaga tushish xavfini kamaytiradi va boshqa kasalliklarning oldini oladi. Xudo amaliy va foydali maslahatini hech qachon ayamaydigan dono va g‘amxo‘r do‘st kabidir. (2 Timo‘tiyga 3:16, 17) Mana shunday do‘stingiz bo‘lishini xohlamasmidingiz?

XUDO ADOLATLI

«Yahova adolatni sevadi». (ZABUR 37:28)

Xudo doimo adolat bilan yo‘l tutadi. Ha, «haq Tangri yovuz ishga qo‘l urishiga, Qodir Alloh yomonlik qilishiga aql bovar qilmaydi!» (Ayub 34:10) Uning hukmlari to‘g‘ridir. Sano bastakori Xudovand Yahova haqida shunday degan: «Sen xalqlarni adolat bilan hukm qilasan». (Zabur 67:4) «Yahova insonning qalbiga qaragani» uchun Uni aldab bo‘lmaydi. U hamisha haqiqatni aniqlay oladi va to‘g‘ri hukmlar chiqaradi. (1 Shohlar 16:7) Bundan tashqari, Xudo yer yuzida sodir bo‘layotgan adolatsizlik hamda yovuzlikni ko‘rib turibdi va U tez orada «yovuzlarni yer yuzidan qirib tashlashga» va’da beryapti. (Hikmatlar 2:22)

Biroq Xudo jazolashni poylab turadigan shafqatsiz hakam emas. O‘rinli bo‘lganida U rahm-shafqat ko‘rsatadi. Muqaddas Kitobda Yahova chin dildan tavba qilgan yovuz insonlarga nisbatan ham «shafqatli va rahmdil» ekani haqida aytilgan. Bu chinakam adolat, shunday emasmi? (Zabur 103:8; 2 Butrus 3:9)

Xudoning adolatidan qanday foyda olishimiz mumkin? Xudoning Butrus ismli xizmatchisi shunday degan: «Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havoriylar 10:34, 35) Xudo hech qachon yuzxotirchilik qilmagani va odam ajratmagani uchun Uning adolatidan foyda olamiz. Irqimiz, millatimiz, ma’lumotimiz yoki jamiyatdagi mavqeimizdan qat’i nazar Xudo bizni qabul qiladi va biz Unga topinishimiz mumkin.

Xudo yuzxotirchilik qilmaydi, irqimiz yoki jamiyatdagi mavqeimizga qaramay, bundan foyda olishimiz mumkin

Xudo Uning adolatini anglashimizni va undan foyda olishimizni istagani bois, bizga vijdon bergan. Muqaddas Yozuvlarda vijdon ishlarimiz to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida «guvohlik beradigan», «qalbimizga yozilgan» qonun sifatida tasvirlangan. (Rimliklarga 2:15) Bundan qanday foyda olishimiz mumkin? To‘g‘ri tarbiyalangan vijdonimiz bizni zararli yoki adolatsiz ishlardan qochishga undaydi. Bordi-yu, xato qilsak, vijdonimiz bizni tavba qilishga va to‘g‘ri yo‘ldan yurishga chorlaydi. Qolaversa, Xudoning adolatli ekanini anglash bizga yordam beradi va Unga yaqinlashtiradi!

XUDONING O‘ZI SEVGI

«Allohning O‘zi sevgidir». (1 YUHANNO 4:8)

Xudo kuch, donolik va adolatni namoyon etadi. Ammo Muqaddas Kitobning hech qayerida Xudoning O‘zi kuch, donolik yoki adolatdir deb aytilmagan, aksincha, Allohning O‘zi sevgidir deyilgan. Nega? Kuchi tufayli U kerakli ishni qila oladi, adolati va donoligi esa Uni yo‘naltiradi. Ammo Uning sevgi fazilati Uni harakatga undaydi. U nimaiki qilmasin, barchasini sevgi bilan qiladi.

Garchi Yahova hech narsaga muhtoj bo‘lmasa-da, sevgisi Uni osmondagi va yerdagi barcha ongli mavjudotlarni yaratishga undadi. Ular Uning sevgisi va g‘amxo‘rligidan foyda olishi mumkin. U beg‘arazlik ila insoniyat oilasi uchun ajoyib uyni, ya’ni yerni tayyorlagan. Boz ustiga «U O‘z quyoshini yovuzlar ustidan ham, yaxshilar ustidan ham balqitadi, yomg‘irini odillar ustiga ham, adolatsizlar ustiga ham yog‘diradi». Bu bilan U O‘z sevgisini namoyon etib kelmoqda. (Matto 5:45)

Bundan tashqari, «Yahova mehr-shafqatli, rahmdil Xudo». (Yoqub 5:11) Uni tanib-bilishga intilayotgan va Unga yaqinlashmoqchi bo‘lgan insonlarga U O‘z mehrini namoyon etadi. Xudo bunday insonlarga alohida bir shaxs sifatida qaraydi. Ha, «U har birimizga yaqindir». (Havoriylar 17:27)

Xudoning sevgisidan qanday foyda olishimiz mumkin? Biz quyosh botishini tomosha qilishdan zavq olamiz. Chaqaloqning kulgisini eshitib, quvonamiz. Oila a’zolarimizning sevgisini qadrlaymiz. Balki bu eng asosiy narsalar emasdir, ammo ular hayotimizni nihoyatda boyitadi.

Xudoning sevgisini aks ettiruvchi yana bir hadya ibodat bo‘lib, bu bizga foyda keltiradi. Muqaddas Kitob shunday deya undamoqda: «Hech narsadan tashvishlanmanglar, lekin ibodat va iltijoda tilaklaringizni minnatdorchilik bilan Allohga bildiringlar». Mehribon ota singari U qalbimiz tubidagi tashvishlarni yengishda Undan madad izlashimizni istaydi. Ana shunda Yahova fidoyi sevgisi ila «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan... tinchligini» bizga berishni va’da qilyapti. (Filippiliklarga 4:6, 7)

Xudoning kuch, donolik, adolat va sevgi kabi asosiy fazilatlari borasida qisqacha so‘z yuritganimiz, Uning qanaqa ekanini ko‘rishingizga yordam berdimi? Unga minnatdorchiligingiz oshishi uchun U nimalar qilgani hamda sizning foydangiz uchun nimalar qilishini bilib olishga sizni taklif etamiz.

XUDONING QANDAY FAZILATLARI BOR? Yahova qudratda, donolikda va adolatda tengsiz. Ammo Uning eng diqqatga sazovor fazilati sevgidir