Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidlari ajrashishga qanday munosabatda?

Yahovaning Shohidlari ajrashishga qanday munosabatda?

 Nikoh va ajrashish masalasida Muqaddas Kitobda yozilganlarga amal qilamiz. Xudoning irodasi bo‘yicha nikoh erkak va ayol o‘rtasidagi abadiy bitimdir. Muqaddas Kitobga ko‘ra, faqatgina jinsiy axloqsizlik ajrashishga sabab bo‘lishi mumkin. (Matto 19:5, 6, 9)

Yahovaning Shohidlari juftliklarga qiyinchiliklarni hal qilishga yordam berishadimi?

 Ha. Buning bir necha yo‘li bor.

  •   Adabiyotlarimiz. Muntazam chiqadigan maqolalar hatto jar yoqasida turgan oilalarni mustahkamlashga yordam beradi. Masalan, «Uyg‘oning!» jurnalining 2018-yil № 2 sonidagi «Burch» va «Kechirimli bo‘lish» nomli maqolalarga qarang.

  •   Yig‘ilishlar. Jamoat uchrashuvlari-yu anjumanlarda oilaviy munosabatlar haqidagi Muqaddas Kitobdan keltirilgan amaliy maslahatlarga diqqat qaratamiz.

  •   Oqsoqollar. Jamoat oqsoqollari turmush o‘rtoqlarning e’tiborini Muqaddas Kitobdagi oyatlarga, masalan, Efesliklarga 5:22–25 dagi so‘zlarga qaratib, ularga qo‘ldan kelgancha yordam berishadi.

Yahovaning Shohidi ajrashmoqchi bo‘lsa, oqsoqoldan ruxsat olishi kerakmi?

 Yo‘q. Hatto juftlik oqsoqollardan yordam so‘rasa-da, turmush o‘rtoqlarga nima qilish kerakligini aytish ularning burchiga kirmaydi. (Galatiyaliklarga 6:5) Ammo kimdir Muqaddas Kitobga asoslanmagan boshqa sababga ko‘ra ajrashsa, u qayta turmush qurish huquqiga ega emas. (1 Timo‘tiyga 3:1, 5, 12)

Yahovaning Shohidlari alohida yashashga qanday munosabatda?

 Muqaddas Kitobga binoan, hatto vaziyat xohlaganimizdek yaxshi bo‘lmasa-da, turmush o‘rtoqlar birga yashashi kerak. (1 Korinfliklarga 7:10–16) Iltijolar qilish, Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni qo‘llash va sevgini namoyon etish orqali ko‘pgina muammolarni hal qilish mumkin. (1 Korinfliklarga 13:4–8; Galatiyaliklarga 5:22)

 Lekin quyidagi o‘ta og‘ir vaziyatlarda ba’zi masihiylar alohida yashashga qaror qilishdi:

  •   Oilasini boqishdan ataylab bosh tortish. (1 Timo‘tiyga 5:8)

  •   Qattiq jismoniy zarar yetkazish. (Zabur 11:5)

  •   Ma’naviy sog‘likka mutlaq xavf tug‘dirish. Misol uchun, umr yo‘ldosh Yahovaning Shohidi bo‘lgan turmush o‘rtog‘ini Xudoning qonunini buzishga majburlashi mumkin. Shunda xavf ostida qolgan taraf «odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunish kerakligi» uchun alohida yashashim to‘g‘ri bo‘ladi, deb qaror chiqarishi mumkin. (Havoriylar 5:29)