Asosiy materiallarga o‘tish

Yahova kim?

Yahova kim?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobda Yahova haq Xudo va barcha narsaning Yaratuvchisi ekani haqida aytilgan. (Vahiy 4:11) Ibrohim, Muso hamda Iso payg‘ambarlar Yahovaga topinishgan. (Ibtido 24:27; Chiqish 15:1, 2; Yuhanno 20:17) Yahova muayyan bir xalqning emas, balki «butun yer yuzining» Xudosidir. (Zabur 47:2)

 Muqaddas Kitobda Xudoning «Yahova» degan o‘z turida yagona ismi borligi haqida aytilgan. (Chiqish 3:15; Zabur 83:18) Bu ism ibroniy tilidagi «bo‘lmoq» fe’lidan kelib chiqqan va ba’zi olimlarning ta’kidlashicha, bu ism «U bo‘ldiradi» degan ma’noga ega. Bunday ta’rif Yahova barcha narsaning Yaratuvchisi hamda O‘z niyatlarining Bajaruvchisi ekanini juda yaxshi yetkazib beryapti. (Ishayo 55:10, 11) Muqaddas Kitobda Yahova ismi ortida qanday Shaxs turgani va ayniqsa, Uning sevgi kabi oliy fazilati ochib berilgan. (Chiqish 34:5–7; Luqo 6:35; 1 Yuhanno 4:8)

 Xudoning ismi ibroniy tilidan o‘zbek tiliga «Yahova» deb tarjima qilingan. Bu ism ibroniycha to‘rtta harfdan יהוה (YHVH) iborat bo‘lib, tetragrammaton deb ataladi. Qadimgi ibroniy tilida bu ilohiy ism qanday talaffuz qilingani aniq emas a.

Nima uchun qadimgi ibroniychada Xudoning ismi qanday talaffuz qilingani noma’lum?

 Qadimiy ibroniycha yozuvda faqatgina undosh harflar mavjud edi. Unli harflar esa bo‘lmagan. Ibroniy zabon odamlar hech qiynalmasdan kerakli unli tovushlarni qo‘yib matnni o‘qiy olishgan. Ammo Ibroniycha yozuvlar («Eski ahd») yozib tugatilganidan so‘ng ba’zi yahudiylar orasida Xudoning shaxsiy ismini ovoz chiqarib aytish noto‘g‘ri degan xurofiy g‘oya paydo bo‘lgan. Yahudiylar Muqaddas Kitobni ovoz chiqarib o‘qiyotganda Xudoning ismi uchragan joylarda «Ega» yoki «Xudo» kabi unvonlarni qo‘yib o‘qishgan. Asrlar o‘tib bu xurofot keng tarqalib ketdi va buning dastidan Xudoning ismi qadimda qanday talaffuz qilinishi butunlay unutildi b.

 Ba’zilarning fikricha, bu ism «Yahveh» deb talaffuz qilinadi, yana kimdir boshqacha talaffuzlar bor deydi. O‘lik dengiz o‘rama bitiklari ichida yunon tilidagi Levilar kitobining bir parchasida ilohiy ismning «Yao» transliterasiyasi bor. Bu shakldan tashqari, ilk yunon yozuvchilari shuningdek «Yae», «Yabe» va «Yaoue» degan talaffuzlarni taklif qilishgan. Ammo qadimgi ibroniy tilida bu ism unday yoki bunday talaffuz qilinganiga hech qanday isbot yo‘q c.

Xudoning ismi borasida noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: «Yahova» degan ismni Muqaddas Kitobga tarjimonlarning o‘zi qo‘shib qo‘ygan.

 To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobda Xudoning ismi tetragrammaton shaklida taxminan 7 000-marta uchraydi d. Aksariyat tarjimonlar atayin Xudoning ismini olib tashlab, uning o‘rniga «Ega» unvonini qo‘yishgan.

 Noto‘g‘ri fikr: Qudratli Xudo boshqalardan ajratib turadigan ismga muhtoj emas.

 To‘g‘ri fikr: Xudo Muqaddas Kitob yozuvchilari Kalomida Uning ismini minglab marotaba yozib qoldirishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Shuningdek, U xizmatchilarini bu ismni aytib chaqirishga undaydi. (Ishayo 42:8; Yo‘el 2:32; Malaki 3:16; Rimliklarga 10:13) Soxta payg‘ambarlar xalq Uning ismini unutishga uringanida Xudo ularni hukm qilgan. (Yeremiyo 23:27)

 Noto‘g‘ri fikr: Yahudiylarning an’anasiga ko‘ra, Muqaddas Kitobdan Xudoning ismi olib tashlanishi kerak.

 To‘g‘ri fikr: Garchi ba’zi yahudiy ulamolar ilohiy ismni aytishdan bosh tortgan bo‘lishsa-da, qo‘lidagi Muqaddas Kitob nusxasidan Xudoning ismini olib tashlashmagan. Qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Xudo Uning amrlariga zid bo‘lgan insoniy urf-odatlarga amal qilishimizni istamaydi. (Matto 15:1–3)

 Noto‘g‘ri fikr: Modomiki ibroniy tilida bu ism qanday talaffuz qilingani noma’lum ekan, Muqaddas Kitobdan Xudoning ismini olib qo‘yish kerak.

 To‘g‘ri fikr: Ba’zilarning fikricha, Xudo turli tillarda gapiradigan insonlardan Uning ismini bir xil talaffuz qilishini kutadi. Ammo Muqaddas Kitobdan turli tillarda gapiruvchi Xudoning qadimgi xizmatchilari ismlarni turlicha talaffuz qilishganini o‘qishimiz mumkin.

 Keling, misol tariqasida Isroilda hakamlik qilgan Yoshuaning ismini olaylik. Birinchi asrdagi ibroniy zabon masihiylar bu ismni «Yahoshua», yunon zabon masihiylar esa «Iesus» deb talaffuz qilishgan. Muqaddas Kitobda ibroniycha Yoshua degan ismning yunon tilidagi tarjimasi shuni ko‘rsatyaptiki, masihiylar ismlarni o‘z tillariga xos tarzda talaffuz qilgan. (Havoriylar 7:45; Ibroniylarga 4:8)

 Xuddi shu prinsipni ilohiy ismning tarjimasiga qo‘llasa bo‘ladi. Xudoning ismi qanday talaffuz qilinishidan ko‘ra, asl nusxada Uning ismi uchragan joyda bu ismning turishi muhimroq.

a Misol uchun, «O‘zbekiston Bibliya Jamiyati» tarjima qilgan Chiqish kitobining 3 bob 15-oyatida shunday izoh keltirilgan: «Ibroniychada YHVH (Yahveh deb talaffuz qilingan bo‘lishi mumkin), Xudoning atoqli ismi».

b Bir ensiklopediyada quyidagicha aytilgan: «Bobil surgunidan ko‘p o‘tmay, yahudiylar “Yahveh” degan ismga alohida ehtirom ko‘rsatib, bu ismning o‘rniga “Adonay” yoki “Elohim” deb aytishga odatlanishdi». («The New Satholis Ensyslopedia», ikkinchi nashr, 14- jild, 883–884- sah.)

c Ko‘proq ma’lumot olish uchun, «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»dagi A ilovaning «Ibroniycha yozuvlarda Allohning ismi» nomli 4 mavzuga qarang.

d «Theologisal Lexison of the Old Testament», 2-jild, 523–524-sah. qarang.