Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitobda boshqalarga berish haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitobda boshqalarga berish haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobga binoan, ixtiyoriy ravishda va to‘g‘ri niyat ila berish kerak. U yerda aytilishicha, kimgadir biron nima berib, ham unga, ham o‘zimizga foyda keltiramiz. (Hikmatlar 11:25; Luqo 6:38) Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— degan. (Havoriylar 20:35)

 Boshqalarga berganimiz qachon Xudoga ma’qul keladi?

 Boshqalarga o‘z ixtiyorimiz bilan berganimiz Allohga ma’qul keladi. Uning Kalomida shunday yozilgan: «Har bir inson norozi bo‘lib yoki majburiyat yuzasidan emas, balki ko‘nglida niyat qilganini bersin. Chunki Alloh quvonch bilan berganni sevadi». (2 Korinfliklarga 9:7)

 Chin dildan berish Xudoga topinishning bir qismi hisoblanadi. (Yoqub 1:27) Muhtoj bo‘lganlarga saxiylik ila bergan kishi Xudo bilan hamkorlik qilgan bo‘ladi. Bunday inson xuddi Allohning O‘ziga qarz berganday bo‘ladi. (Hikmatlar 19:17) Muqaddas Kitobda Xudo uning yaxshiligini qaytaradi deb aytilgan. (Luqo 14:12–14)

 Boshqalarga berganimiz qachon Xudoga ma’qul kelmaydi?

 Agar g‘araz niyatda bersak. Masalan, bunga quyidagilar kiradi:

 Xudo qoralayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bersak, bu Unga ma’qul kelmaydi. Masalan, qimor o‘yini, giyohvand yoki spirtli ichimliklarga berilib ketganlarga pul bersak, noto‘g‘ri bo‘lardi. (1 Korinfliklarga 6:9, 10; 2 Korinfliklarga 7:1) O‘zini moddiy jihatdan ta’minlay oladi-yu, lekin bundan bosh tortayotgan kishiga berish ham to‘g‘ri emas. (2 Salonikaliklarga 3:10)

 Boshqalarga berganimizda, uyimizdagilar bundan ziyon ko‘rsa, bu Xudoga ma’qul kelmaydi. Muqaddas Kitobga ko‘ra, oila boshi uyidagilarning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatiga ega. (1 Timo‘tiyga 5:8) U boshqalarga ko‘proq bersa va buning dastidan oila a’zolari muhtojlik sezsa, u noto‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladi. Topgan-tutganim «Xudoga bag‘ishlangan hadya» deya, yoshi ulug‘ ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishdan bosh tortgan kishini ham Iso qoralagan. (Mark 7:9–13)