Asosiy materiallarga o‘tish

Tabita bilan va’z qilyapmiz

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Men uchun Xudo yo‘q edi

Men uchun Xudo yo‘q edi
  • TUG‘ILGAN YILI: 1974

  • MAMLAKATI: GERMANIYA DEMOKRATIK RESPUBLIKASI

  • O‘TMISHDA: ATEIST

OLDINLARI

Men Saksoniyadagi qishloqda tug‘ilganman. O‘shanda u Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR) hududida edi. Uyimizdagi muhit iliq va sevgiga to‘la bo‘lgan. Ota-onam menga axloqiy qadriyatlarni singdirgan. GDR kommunistik davlat edi. Shu bois, Saksoniyadagi ko‘pchilik dinga befarq bo‘lgan. Men uchun ham Xudo yo‘q edi. Hayotimning ilk 18-yili davomida meni ateizm va kommunizm g‘oyalari shakllantirib kelgan.

Nega kommunizm tarafdori edim? Chunki unda barcha odamlar teng degan g‘oya olg‘a surilgani menga yoqardi. Bundan tashqari, barcha mol-mulk teng taqsimlansa adolatdan bo‘lishiga ishonardim, sababi o‘shanda boy va kambag‘allar orasidagi jarlik yo‘q bo‘lib ketardi. Shunday qilib, men kommunistik yoshlar tashkilotiga a’zo bo‘ldim. 14 yoshga kirganimda, yaroqsiz qog‘ozlarni qayta ishlab chiqarish kabi atrof-muhitni himoya qilish loyihasida ancha vaqt qatnashgandim. Aue mahalliy shaharchasida qilgan mehnatim uchun faxriy fuqaro nomiga loyiq deb topildim. Yosh bo‘lganimga qaramay, GDRdagi ba’zi taniqli siyosatchilar bilan tanishdim. To‘g‘ri maqsadlar sari intilyapman va kelajagim porloq, deb o‘ylardim.

Qo‘qqisdan hamma umidlarim puchga chiqdi. 1989-yili Berlin devori quladi va Sharqiy Yevropaning kommunistik tuzumi ham barbod bo‘ldi. Hammasi ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Ko‘p o‘tmay, butun GDRda adolatsizlik hukm surayotganini angladim. Misol uchun, kommunizmni qo‘llab-quvvatlamaganlar ikkinchi darajali fuqarolar, deb hisoblanardi. Nahotki shunday bo‘lsa?! Axir, biz kommunistlar barcha odamlar teng ekaniga ishonmaganmizmi? Nahot kommunizm puch xayol bo‘lsa?! Bu meni xavotirga soldi.

Shunda, hayotimdagi maqsadlarni qayta ko‘rib chiqdim va musiqa hamda rassomchilikka berilib ketdim. Musiqa kollejini bitirgach, universitetga kirish imkoniga ega edim. Musiqachi va rassom bo‘lishni orzu qilardim. Bolaligimdan o‘rgatib kelingan axloqiy qadriyatlarni asta-sekin unuta boshladim. Hayotimda eng muhimi, vaqtimni chog‘ o‘tkazish edi. Masalan, bir vaqtning o‘zida bir nechta qiz bilan uchrashib yurardim. Lekin musiqa, rassomchilik va erkin hayot tarzi xavotirlarimni kamaytirmadi. Hatto chizgan rasmlarim ichimdagi dahshatli qo‘rquvni o‘zida aks ettirardi. «Kelajakda nimalar bo‘ladi? Hayotning mazmuni nimada?» — deb o‘ylardim.

Oxiri, meni qiynab kelgan savollarning javobini topdim. Bir safar kechki payt kollejdagi o‘qishdan keyin talabalar bilan kelajak haqida gaplashib o‘tirgandik. Ulardan biri, Mandi a Yahovaning Shohidi edi. O‘shanda u menga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatdi. U: «Andreas, hayot va kelajak haqidagi savollaringizga javob topishni xohlasangiz, Muqaddas Kitobni bir o‘qib ko‘ring»,— dedi.

Bir tomondan ishonmadim, lekin shu bilan birga qiziqib qoldim va javoblarni topish uchun Muqaddas Kitobga nazar soldim. Mandi e’tiborimni Doniyor kitobining 2- bobiga qaratdi. O‘qiganlarim meni o‘yga soldi. Bu bashoratda bugungi kungacha kuchli ta’sirga ega bo‘lgan bir qator jahon imperiyalari, ya’ni hukumatlar tasvirlangan. Mandi Muqaddas Kitobdagi boshqa bashoratlarni ham ko‘rsatib, odamlarni qanday kelajak kutayotganini aytdi. Nihoyat, savollarimga javob topdim! Ammo bu bashoratlarni kim yozgan? Kim kelajak borasida shu qadar aniq bashorat qila oladi? Nahotki Xudo bor bo‘lsa?!

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Mandi meni Yahovaning Shohidlari bo‘lgan Xorst va Angelika juftligi bilan tanishtirdi. Ular menga Xudoning Kalomini yaxshiroq tushunishga ko‘maklashdi. Tez orada Yahovaning Shohidlari Xudoning «Yahova» degan shaxsiy ismini doimo qo‘llab, u haqida boshqalarga aytayotgan yagona diniy tashkilot ekanini fahmladim. (Zabur 83:18; Matto 6:9) Tangri Yahova odamlarga yer yuzidagi jannatda abadiy yashash umidini ato etayotganini bilib oldim. Zabur 37:9 da: «Yahovaga umid bog‘laganlar yer yuziga egalik qiladi»,— deb yozilgan. Bu umidga Muqaddas Kitobda xulq-atvor borasida tushuntirilgan Xudoning me’yorlariga muvofiq yashashga intilayotgan har bir inson ega bo‘lishi mumkinligi menga juda yoqdi.

Biroq bunday hayot tarzini kechirish uchun ko‘p o‘zgarishlar qilishim kerak edi. Bu men uchun oson emasdi. Musiqa va rassomchilik sohasida muvaffaqiyatga erishganim meni mag‘rur qilib qo‘ygandi. Shuning uchun, birinchi navbatda kamtarinlikka o‘rganishim kutilardi. Qolaversa, axloqsiz hayotdan voz kechish ham qiyin bo‘ldi. Yahova Muqaddas Kitobda yozilganlarga amal qilishga jon kuydirayotganlarga sabr va rahm-shafqat ko‘rsatib, tushunayotganidan juda minnatdorman!

Hayotimning ilk 18-yili davomida kommunizm va ateizm g‘oyalari meni shakllantirgan. Ammo keyinchalik, endi Muqaddas Kitob hayotimni shakllantiradi, deb qaror qildim. Bilib olganlarim tufayli kelajak haqida xavotirlanmay qo‘ydim va hayot mazmuniga ega bo‘ldim. 1993-yili Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim. 2000-yili Tabita ismli g‘ayratli masihiy ayolga uylandim. Iloji boricha ko‘proq vaqtimizni boshqalarga Muqaddas Kitobdagilarni bilib olishiga ko‘maklashishga sarflayapmiz. Va’zgo‘ylikda kelib chiqishi menikiga o‘xshash, ya’ni kommunizm va ateizm g‘oyalari shakllantirgan insonlarni uchratamiz. Ularga Yahovani qay yo‘sin tanib-bilish mumkinligini ko‘rsatganimda, ich-ichimdan mamnuniyat his qilaman.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganimda, ota-onam rosa xavotirlangan. Lekin keyinchalik, ular Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilish hayotimga ijobiy ta’sir qilayotganini ko‘rishdi. Hozir ular Muqaddas Kitobni o‘qib, Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga qatnayotganidan juda xursandman.

Nikohimiz Tabita ikkimizga quvonch keltiryapti, chunki Muqaddas Kitobda oilalar uchun berilgan maslahatlarga amal qilishga jon kuydiryapmiz. Masalan, turmush o‘rtoqlar o‘zaro sodiq bo‘lishi haqidagi maslahatga rioya qilish nikohimizni mustahkam saqlab qolishga ko‘maklashyapti. (Ibroniylarga 13:4)

Endi kelajak borasida xavotirlanib, qo‘rqib yashamayapman. Haqiqiy tinchlik va birlik hukm surayotgan umumjahon oilaning a’zosi ekanimni his etyapman. Aynan mana shu ma’naviy oilada barchamiz tengmiz. Butun umrim davomida shunga tashna bo‘lib, orzu qilganman.

a Ism o‘zgartirilgan.