Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yangi jamoatga qay yo‘sin moslashsa bo‘ladi?

Yangi jamoatga qay yo‘sin moslashsa bo‘ladi?

QACHONDIR yangi jamoatga o‘tganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, Jen-Charlz aytgan quyidagi so‘zlarga qo‘shilsangiz kerak: «Oiladagilarning ma’naviyligini saqlash bilan birga boshqa jamoatga moslashish oson emas». Boshqa yerga ko‘chganingizda, ehtimol, yangi ish, uy-joy va farzandlaringiz uchun maktab topishingizga yoki o‘zgacha ob-havo, madaniyat hamda boshqa va’zgo‘ylik hududiga moslashishingizga to‘g‘ri kelar.

Nikolas va Selin boshqa qiyinchilikka duch keldi. Ular Fransiya filialidan boshqa jamoatga o‘tish vazifasini qabul qildi. Ular quyidagicha bo‘lishdi: «Avvaliga rosa xursand edik. Ammo keyin do‘stlarimizni sog‘inganimiz uchun qiyin bo‘ldi. Yangi jamoatdagi birodar-u opa-singillar bilan hali yaqin munosabatlarga ega emasdik» a. Bu qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo qanday qilib yangi jamoatda quvonchni yo‘qotmay samarali xizmat qila olasiz? Boshqalar qay yo‘sin yordam bera oladi? Qanday qilib ham jamoatdagilar, ham siz o‘zaro dalda olishingiz mumkin?

MOSLASHISHGA YORDAM BERADIGAN TO‘RTTA PRINSIP

Yahovaga tayaning

1. Yahovaga tayaning. (Zab. 37:5) Yaponiyalik Kazumi ismli opamiz erining ishi o‘zgargani tufayli u 20 yil xizmat qilgan jamoatidan ketishiga to‘g‘ri keldi. Xo‘sh, u qay yo‘sin «[yo‘lini] Yahovaga ishonib topshir»di? U shunday dedi: «Mendagi yolg‘izlik hissi va tashvishlar haqida Yahovaga aytib berardim. Har safar bunday qilganimda men muhtoj bo‘lgan kuchga ega bo‘lardim».

Qanday qilib Yahovaga ko‘proq tayana olamiz? O‘simlik o‘sishi uchun suv va yerdagi foydali moddalarga muhtoj bo‘lganidek, ramziy ma’noda imonimiz o‘sishi uchun oziqlanishi kerak. Boya tilga olingan Nikolas Xudoning irodasini bajarish uchun ko‘p fidoyiliklar qilgan kishilar — Ibrohim, Iso va Pavlusning misollari borasida o‘ylash Yahovaning yordamiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaganini aytdi. Muqaddas Kitobni muntazam tadqiq qilish nafaqat hayotdagi qiyinchiliklaringizni yengishga yordam beradi, balki yangi jamoatdagi insonlarga dalda berish uchun kerakli bilimga ega bo‘lasiz.

Odamlarni boshqalar bilan solishtirmang

2. Solishtirishdan qoching. (Voiz 7:10) Joyel Benindan Qo‘shma Shtatlarga ko‘chganida, unikidan tubdan farq qiladigan madaniyatga moslashishiga to‘g‘ri keldi. U shunday bo‘lishdi: «Men tanishgan har bir insonga o‘zim haqimda barchasini aytib berishim kerak deb o‘ylaganman». Joyel bunday narsalarga o‘rganmagani uchun o‘zini jamoatidagilardan olib qochadigan bo‘ldi. Imondoshlar bilan yaqindan tanishgach, u fikrini o‘zgartirdi va shunday dedi: «Endi tushundim, qayerda bo‘lmaylik, insonlar o‘sha-o‘sha ekan. Ularning gapirish tarzi va xatti-harakati bir-biridan farq qilar ekan, xolos. Odamlarni boricha qabul qiling». Shunday ekan, yangi jamoatni oldingisi bilan solishtirishdan qoching. Kashshof opamiz Anna-Liz shunday dedi: «Men boshqa jamoatga ortda qolgan narsalarni topish emas, balki o‘zim uchun yangi narsalarni kashf qilish niyatida o‘tdim».

Oqsoqollar ham yangi jamoatini eskisi bilan solishtirishdan qochishlari kerak. Yangi jamoatingizdagi birodarlar boshqa usullardan foydalanayotgani doim ham ular noto‘g‘ri yo‘l tutayotganini anglatmaydi. Qandaydir taklif aytishdan avval mahalliy sharoitni ko‘proq bilib olish donolikdan bo‘lardi. (Voiz 3:1, 7b) Qolaversa, shaxsiy fikrni o‘tkazishdan ko‘ra ijobiy o‘rnak bilan birodarlarga ta’lim berish yaxshiroqdir. (2 Kor. 1:24)

Siz ham qatnashing

3. Yangi jamoatda band bo‘ling. (Filip. 1:27) Ko‘chish ko‘p vaqt va kuch oladi. Lekin shunga qaramay, boshidanoq jamoat uchrashuvlariga imkon qadar yuzma-yuz qatnashish juda muhim. Aks holda, jamoatdagilar sizni kam ko‘rsa yoki umuman ko‘rmasa, qay yo‘sin ular sizni qo‘llab-quvvatlay oladi? Lyusinda ikkita qizi bilan Janubiy Afrikaning yirik shahriga ko‘chgan. U shunday eslaydi: «Do‘stlarim menga yangi jamoatdagilar bilan yaqindan tanishishni, xizmatda ular bilan hamkorlik qilishni va yig‘ilishlarda ishtirok etishni maslahat berdi. Voizlik xizmati uchrashuvini o‘tkazish uchun uyimizni ham taklif qildik».

Yangi jamoatingizdagi birodar-u opa-singillar bilan ma’naviy ishlarda «yelkama-yelka» xizmat qilsangiz, ham o‘zingizni, ham boshqalarni mustahkamlaysiz. Yuqorida tilga olingan Anna-Lizga oqsoqollar hamma bilan va’z qilishni maslahat bergandi. Xo‘sh, bu qanday natija keltirdi? U quyidagicha dedi: «Shuni tezda angladimki, o‘zimni jamoatning bir qismiday his qilishning eng ajoyib yo‘li xizmat ekan». Bundan tashqari, Yig‘ilish zalini tozalash va ta’mirlash ishlarida qatnashish o‘zingizni bu yangi jamoatga tegishli deb bilayotganingizni ko‘rsatadi. Jamoatingiz bilan ma’naviy ishlarda qancha ko‘p qatnashsangiz, o‘zingizni shuncha tez bu yangi ma’naviy oilangizning a’zosiday his qilasiz.

Yangi do‘stlar orttiring

4. Yangi do‘stlar orttiring. (2 Kor. 6:11–13) Do‘stlashishning eng yaxshi yo‘llaridan biri boshqalarga shaxsiy qiziqish ko‘rsatishdir. Shunday ekan, uchrashuvlardan oldin va keyin vaqt ajratib, ular bilan suhbat quring va yaqindan tanishing. Ularning ismini esda saqlashga harakat qiling. Odamlarning ismini eslab qolsangiz, do‘stona munosabat ko‘rsatsangiz va suhbatga ochiq bo‘lsangiz, ular siz bilan yaqindan tanishishni va, ehtimol, do‘stlashishni istashar.

Hammaga yoqaman deb o‘zingizni boshqa odamday ko‘rsatmang. Aksincha, yangi do‘stlaringiz qanday inson ekaningizni bilishi uchun o‘zingizni tabiiy tuting. Quyidagi so‘zlarni aytgan Lyusindadan saboq oling: «Boshqalarni uyimizga chaqirishda tashabbus ko‘rsatganimiz uchun yaqin do‘stlarimiz bor».

«BIR-BIRINGIZNI QABUL QILINGLAR»

Notanish odamlarga to‘la Yig‘ilish zaliga kirish ba’zilar uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Shunday ekan, yangi kelganlar o‘zlarini erkinroq his qila olishi uchun nima qilsangiz bo‘ladi? Havoriy Pavlus bizni quyidagiga undagan: «Masih sizlarni qabul qilganidek, sizlar ham bir-biringizni qabul qilinglar». (Rim. 15:7) Oqsoqollar yangi kelganlar o‘zlarini bemalol his qilishlariga yordam berganda, Masihga taqlid qilgan bo‘lishadi. (« Ko‘chish silliq o‘tishiga nima yordam beradi?» nomli ramkaga qarang.) Shu bilan birga, jamoatdagi barcha, jumladan, bolalar ham yangi kelganlar o‘zini bemalol his qilishlariga yordam bera olishadi.

Boshqalarni qarshi olish nafaqat mehmondo‘stlik ko‘rsatishni, balki amaliy yordam taklif qilishni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Misol uchun, bitta opamiz qimmatli vaqtini ajratib, jamoatiga o‘tgan opamizga shaharni va jamoat transportidan qanday foydalanishni ko‘rsatdi. Bu unga qattiq ta’sir qildi va yangi jamoatiga moslashishga ko‘maklashdi.

MA’NAN O‘SISH IMKONIYATI

Chigirtka katta bo‘lar ekan, qanotlari uchishga yaroqli bo‘lishdan avval bir necha marta teri tashlaydi. Shunga o‘xshab, boshqa jamoatga o‘tganingizda, Yahovaning xizmatida qanot yozishingizga xalaqit qilayotgan har qanday xavotirdan qutuling. Nikolas va Selin shunday dedi: «Boshqa jamoatga o‘tish tajriba orttirishning ajoyib yo‘lidir. Yangi odamlarga va joylarga moslashish uchun turli fazilatlarni rivojlantirishimiz kerak bo‘ldi». Maqolaning boshida keltirilgan Jen-Charlz esa oilasi qanday foyda olgani haqida shunday dedi: «Yangi jamoatga o‘tganimiz tufayli farzandlarimiz ma’nan o‘sib, Yahovaga yaqinlashyapti. Atigi bir necha oy o‘tgach, qizimiz hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvda topshiriq bilan chiqdi. O‘g‘limiz esa suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘ldi».

Vaziyatingiz ehtiyoj katta bo‘lgan joyga ko‘chishga yo‘l qo‘ymayotgan bo‘lsa-chi? Unda yuqorida keltirilgan ayrim takliflarni o‘z jamoatingizda qo‘llab ko‘ring. Yahovaga tayanib, xizmatda boshqalar bilan hamkorlik qilish, yangi insonlar bilan do‘stlashish, bor bo‘lgan do‘stlaringiz bilan esa munosabatlaringizni mustahkamlash orqali jamoat ishlarida to‘liq ishtirok eting. Balki yangilarga yoki muhtoj bo‘lganlarga qandaydir amaliy yordam berarsiz. Isoning haqiqiy izdoshini sevgi fazilati ajratib turar ekan, bunday yo‘l tutib ma’nan o‘sasiz. (Yuhan. 13:35) Shunga amin bo‘lingki, «bunday qurbonliklar Tangriga ma’quldir». (Ibron. 13:16)

Qiyinchiliklarga qaramay, ko‘p masihiylar yangi jamoatda quvonch ila samarali xizmat qilib kelyapti. Bu sizning ham qo‘lingizdan keladi! Anna-Liz: «Boshqa jamoatlarga o‘tish yangi do‘stlarni orttirishimga ko‘maklashdi»,— deb aytdi. Kazumi esa shunga aminki, boshqa jamoatga o‘tganingizda, Yahovaning yordamini o‘zgacha tarzda his etasiz. Joyel haqida-chi, nima desa bo‘ladi? U quyidagicha dedi: «Do‘stlarim o‘zimni begonasiramaslikka yordam berdi. Hozir o‘zimni jamoatning bir qismiday his qilaman va bu yerdan ketish men uchun og‘ir bo‘lardi».

a «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 1994-yil 15-may (rus) sonidagi «Xudoga xizmat qilayotganda, yolg‘izlikni yengish» nomli maqolaga qarang.