Asosiy materiallarga o‘tish

2020-YIL, 27-MAY
ISPANIYA

Ispaniyadagi hamshira bir juftlikka minnatdorchilik bildirdi

Ispaniyadagi hamshira bir juftlikka minnatdorchilik bildirdi

Pandemiya paytida ko‘p birodar-u opa-singillarimiz hududidagi odamlarga tasalli berish maqsadida daldali xatlar yuborishyapti. Xose Laporta va uning xotini Vanesa Barselonadagi (Ispaniya) bir kasalxonada ishlaydigan insonlarga va COVID-19 ga chalingan bemorlarga xatlar yozib tasalli berishgan. Bitta hamshira ularga javoban xat yozibdi. Quyida oz-moz o‘zgarishlar kiritilgan xatini o‘qish mumkin *. (Uning roziligi bilan chop etilgan.)

Men hamshiraman... Sizlarga 97 yoshli buvijon nomidan [bemorning ismi] yozyapman. Xatingizni bugun ertalab birga o‘qidik. Odatda bemorlarga xatlarni bu yerdagi ishchilar yetkazishadi, lekin bu xat qo‘limga tasodifan tushmagan deb o‘ylayman. Bu xat [bemorga] va menga umid baxsh etib, juda ta’sir qildi. [Bemorning] ahvoli uncha yaxshi emas, buni o‘zi ham yaxshi tushunyapti. Shuning uchun, Xose, u sizga: «97 yoshda bo‘lsam ham, Muqaddas Kitobda bashorat qilingan bu va’dalarni ko‘ra olamanmi?» — degan savolni bermay, hayotdan ko‘z yumishni xohlamayotganini aytdi.

Bugun ertalab o‘n daqiqa vaqtim bor edi va sizlar xatda keltirgan saytga kirib, oz-moz ma’lumot o‘qib berdim. Buvijonning ko‘zlari charaqlab, chehrasi yorishib ketdi. Juda xursand va xotirjam edi. Ilgari uni bunday kayfiyatda ko‘rmagan edim. Keyin «Iso nima uchun o‘lgan?» nomli videoni ham tomosha qildik.

Shuningdek, stressdan ozod bo‘lish haqidagi [«Uyg‘oning!»] jurnalingizni o‘qib berdim. Bu o‘z vaqtida, chunki hozirgi kunda qiynalmagan odamning o‘zi yo‘q.

Bizga, kasalxonadagi ishchilarga psixolog yordami taqdim etilmaydi, saytingizdagi ma’lumotni esa har qachon, kunduzi ham, kechasi ham o‘qish va ko‘rish mumkin. Mavzular aynan muddao. Bu vaziyat tugaganda, xatingizda yaxshiroq sharoitlar bo‘ladigan dunyo haqida ko‘proq bilib olishni xohlar edim. Umid qilamanki, menga yordam berasizlar. Xatingiz aynan o‘sha, men ishlagan kuni kelgani va men uni [bemorning] xonasiga olib borganim uchun Xudodan qanchalar minnatdor ekanimni aytishga til ojiz.

O‘ylaymanki, o‘zingiz va oila a’zolaringizning sog‘ligi yaxshi. Umidingiz tufayli hozirgi vaziyatni ko‘pchiligimizga qaraganda, osonroq yenga olayotganingizga aminman. Vaqt topib, bizga o‘xshash insonlarga [bemorga], menga xat yozayotganingiz uchun katta rahmat. Bizni tanimasangiz ham, ajoyib xat yozgansiz, uni o‘qigan kunimiz oxirgi olti hafta ichida eng quvonchli kun bo‘ldi.

Sizlarga chin dildan rahmat deymiz!

Bu ayolning minnatdorchilik izhor etib yozgan so‘zlari ushbu qiyin paytda bizni yanada ko‘proq va’z qilishga undaydi. Keling, xizmatimizda qo‘llayotgan so‘zlar boshqalarga tasalli baxsh etsin, deb ibodat qilaylik. (Hikmatlar 15:23)

^ 2- x.b. Xat ispan tilida yozilgan edi.