Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«O‘zimga-o‘zim go‘r qaziyotgan edim»

«O‘zimga-o‘zim go‘r qaziyotgan edim»
  • Tug‘ilgan yili: 1978

  • Mamlakati: Salvador

  • O‘tmishda: zo‘ravon to‘da a’zosi

OLDINLARI

«Chindan ham Xudo haqida o‘rganmoqchi bo‘lsang, Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq qilishda davom et». Bu so‘zlarni eshitib hayron bo‘lgan edim. O‘shanda Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq boshlaganimga ko‘p bo‘lmagan edi. Nega hayron bo‘lganimning sababini tushunishingiz uchun, o‘tmishim haqida bir oz aytib beray.

Men Salvadorning Kesaltepeke shahrida tug‘ilganman. 15ta farzandning oltinchisiman. Ota-onam meni halol va qonunga bo‘ysunadigan qilib tarbiyalashga harakat qilgan. Qolaversa, Leonardo ismli birodar va Yahovaning boshqa Shohidlari vaqti-vaqti bilan biznikiga kelib turardi. Ammo o‘rganganlarimga amal qilmadim va birin-ketin noto‘g‘ri qarorlar chiqardim. 14 yoshligimda maktabdagi do‘stlarim bilan spirtli ichimliklar ichishni va giyohvand moddalarini qabul qila boshladim. Ular birma-bir maktabdan ketib, to‘daga qo‘shilardi va men ham ularning orqasidan bordim. Kunimiz ko‘chada o‘tardi va qilg‘iliklarimizni qoplash uchun odamlardan pul talab qilardik, o‘g‘irlardik.

To‘da mening oilamga aylandi. Sadoqatim tufayli ularning ishonchini qozonganman deb o‘ylardim. Masalan, bir safar giyohvand moddalari ta’siri ostida bo‘lgan to‘da a’zosi qo‘shnimga tashlandi. O‘shanda qo‘shnim undan ustun keldi va polisiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Men g‘azablanib, do‘stim qochib ketishi uchun qo‘shnimning mashinasini to‘qmoq bilan ura boshladim. Mashina oynalarini chilparchin qilar ekanman, qo‘shnim mendan bas qilishni o‘tinib so‘rardi. Men esa, unga quloq solishni istamadim.

18 yoshligimda to‘damiz polisiya qo‘liga tushdi. Men qo‘lda yasalgan bombani otmoqchi edim, lekin u qo‘limda portlab ketdi. Bu qanday bo‘lganini bilmayman. Esimda qolgani, qo‘lim qattiq shikastlangan edi va men hushimni yo‘qotdim. Uyg‘onganimda, kasalxonada edim. O‘ng qo‘limni yo‘qotibman va o‘ng qulog‘im ham deyarli eshitmas edi. Ustiga-ustak, o‘ng ko‘zim deyarli ko‘r bo‘lib qoldi.

Jarohatlarimga qaramay, kasalxonadan chiqiboq to‘damizning yoniga bordim. Ko‘p o‘tmay, polisiya meni hibsga oldi va qamab qo‘ydi. Bu yerda esa, to‘da a’zolari bilan bo‘lgan munosabatim yanada mustahkamlandi. Kun bo‘yi birga vaqt o‘tkazardik, nonushta paytida marixuana chekishdan boshlab, uxlashga yotguncha birga edik.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Qamoqda bo‘lganimda, birodar Leonardo meni ko‘rishga keldi. Suhbatimiz davomida u o‘ng qo‘limdagi tatuirovka haqida gap boshladi. «Bu uchta tatuirovka nimani anglatishini bilasanmi?» — deb so‘radi u. Men unga: «Albatta! Jinsiy aloqa, giyohvand moddalari va rok-n-roll»,— deb aytdim. U bo‘lsa: «Men buni kasalxona, qamoqxona va o‘lim deb atagan bo‘lardim. Kasalxonaga tushding. Endi esa, qamoqdasan. Keyingisi nima bo‘ladi?» — dedi.

Leonardoning gaplari menga qattiq ta’sir qildi. U haq edi. Hayot tarzim bilan o‘zimga-o‘zim go‘r qaziyotgan edim. Leonardo birga Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni taklif qildi, men rozi bo‘ldim. Muqaddas Kitobdan bilib olganlarim hayotimni o‘zgartirishga undadi. Masalan, Muqaddas Kitobda: «Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi»,— deyilgan. (1 Korinfliklarga 15:33) Shu bois, eng birinchi qilishim kerak bo‘lgan ish — yangi do‘stlar topish edi. Shunday qilib to‘da a’zolarining uchrashuvlariga bormay qo‘ydim. Buning o‘rniga, Yahovaning Shohidlari qamoqxonada o‘tkazadigan uchrashuvlarga qatnay boshladim. Mazkur uchrashuvlardan birida Andres ismli mahbus bilan tanishdim. U qamoqxonada suvga cho‘mib Yahovaning Shohidi bo‘lgan ekan. U birga nonushta qilishni taklif qildi. O‘shandan keyin kunimni marixuana chekish bilan boshlamaydigan bo‘ldim. Aksincha, har tong Andres bilan Muqaddas Kitobdagi oyatni muhokama qilardim.

To‘da a’zolari o‘zgarayotganimni tezda payqadi. Natijada, to‘da boshliqlaridan biri men bilan gaplashmoqchi ekanini aytdi. Men qo‘rqdim. Unga rejalarim haqida aytsam, men bilan nima qilishini bilmasdim. Chunki to‘dani tark etishning deyarli iloji yo‘q. U shunday dedi: «Seni uchrashuvlarimizda ko‘rmayapmiz. Lekin sen Yahova Shohidlarining uchrashuvlariga boryapsan. Xo‘sh, nima qilmoqchisan?» Men tadqiqni davom ettirmoqchi va hayotimni o‘zgartirmoqchi ekanimni aytdim. U chindan ham Yahovaning Shohidi bo‘lmoqchi ekanimni isbotlasam, to‘da a’zolari meni hurmat qilishini aytdi. Bundan hayron qoldim. Keyin u davom etdi: «Chindan ham Xudo haqida o‘rganmoqchi bo‘lsang, Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq qilishda davom et. Yomon ishlarni qilishni bas qilishingga umid qilamiz. Tabriklayman. Sen to‘g‘ri yo‘ldasan. Yahovaning Shohidlari senga yordam bera oladi. Qo‘shma Shtatlarda bo‘lganimda, ular bilan tadqiq o‘tganman. Oila a’zolarimning ba’zilari Yahovaning Shohidi. Qo‘rqma. Taslim bo‘lma». Men hali ham qo‘rqayotgan edim, lekin shu bilan birga quvonchga to‘lgandim. Ichimda Xudovand Yahovaga rahmat aytdim. O‘zimni qafasdan ozod bo‘lgan qushday his etardim. Isoning: «Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi»,— degan so‘zlari chin ekanini tushundim. (Yuhanno 8:32)

Sobiq do‘stlarimdan ayrimlari menga giyohvand moddalarini taklif qilib vasvasaga solardi. Tan olishim kerakki, bir necha marta taslim bo‘ldim. Ammo vaqt o‘tib, ko‘pgina iltijolardan so‘ng men yomon odatlarimni yenga oldim. (Zabur 51:10, 11)

Ozod bo‘lganimda, ko‘plar meni avvalgi hayot tarziga qaytadi deb o‘ylagandi. Lekin men unday qilmadim. Aksincha, tez-tez qamoqxonaga borib Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimni bo‘lishardim. Oxiri sobiq do‘stlarim o‘zgarganimga amin bo‘ldi. Afsuski, sobiq dushmanlarim bunday fikrda emasdi.

Bir kuni xizmatga chiqqanimda, oldinlari raqibimiz bo‘lgan to‘daning qurollangan a’zolari meni va hamkorimni o‘rab oldi. Ular meni o‘ldirishmoqchi edi. Hamkorim xushmuomalalik, lekin qat’iyat ila men endi to‘da a’zosi emasligimni tushuntirdi. O‘shanda men tinchlikni saqlashga harakat qildim. Ular meni savalab, boshqa bu hududga qadam bosmaslikni aytishdi. So‘ng qurollarini tushirib, ketishimizga ruxsat berishdi. Muqaddas Kitob tufayli hayotim chinakamiga o‘zgardi. Oldinlari men qasos olishga harakat qilardim. Hozir esa, Muqaddas Kitobning 1 Salonikaliklarga 5:15da keltirilgan maslahatga amal qilaman. U yerda: «Hech bir kishi yomonlik evaziga yomonlik qaytarmasin, aksincha bir-biringizga hamda boshqalarga yaxshilik qilishga intilinglar»,— deb yozilgan.

Yahovaning Shohidi bo‘lganimdan beri, halol inson bo‘lish uchun jon kuydirdim. Bu oson bo‘lmadi. Nima bo‘lganida ham, Tangri Yahova, Muqaddas Kitobdagi maslahatlar va yangi do‘stlarimning ko‘magi tufayli muvaffaqiyatga erisha oldim. Oldingi ishlarimga qaytishni sira ham istamayman. (2 Butrus 2:22)

QANDAY FOYDA OLDIM?

Men zo‘ravon va darg‘azab edim. Ishonchim komilki, o‘sha yovuz yo‘ldan qaytmaganimda, hozir tirik bo‘lmas edim. Muqaddas Kitobdan bilib olganlarim o‘zgarishimga yordam berdi. Buzuqliklarimdan qaytdim. Oldingi dushmanlarim bilan tinch munosabatlarga erishdim. (Luqo 6:27) Hozirda, yaxshi tarafga o‘zgarishimga yordam beradigan do‘stlarim borligidan xursandman. (Hikmatlar 13:20) Hayotimda mazmun borligidan va barcha gunohlarimni kechirishga tayyor bo‘lgan Xudoga xizmat qilayotganimdan baxtiyorman. (Ishayo 1:18)

2006-yili Bo‘ydoq birodarlar uchun Muqaddas Kitob maktabida tahsil oldim. Bir necha yil o‘tib oila qurdim va hozir qizimiz bor. Endi ko‘p vaqtimni o‘zim foyda olgan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni boshqalarga o‘rgatishga bag‘ishlayman. Shuningdek, jamoat oqsoqoli sifatida xizmat qilaman va yoshlarga men ularning tengi bo‘lganimda qilgan xatolardan qochishga yordam berishga intilaman. Hozir o‘zimga go‘r qazimayapman, aksincha, Muqaddas Kitobda Tangri va’da qilgan abadiy kelajak uchun poydevor solyapman.