Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi
  • TUG‘ILGAN YILI: 1958

  • MAMLAKATI: ITALIYA

  • O‘TMISHDA: BANDA A’ZOSI

TARJIMAI HOLIM.

Men asosan ishchilar istiqomat qilgan Rimning kambag‘al bir shaharchasida tug‘ilib o‘sganman. Hayotim juda og‘ir bo‘lgan. Men oyimni hech qachon ko‘rmaganman, dadam bilan esa munosabatlarimiz yaxshi bo‘lmagan. Ko‘cha men uchun hayot maktabi bo‘lib qolgandi.

Yoshim o‘nlarda bo‘lganda, men o‘g‘rilikka qo‘l urishni boshladim, o‘n ikki yoshimda esa ilk bor uydan qochib ketdim. Dadam meni politsiya uchastkasidan bir necha marta chiqarardi. Men hammaga gap qaytarib, juda qo‘pol va dunyodagi barcha odamlarga achig‘g‘im kelardi. O‘n to‘rt yoshga to‘lganimda uyni tark etib, narkotik iste’mol qilishni va ko‘chada umr kechirishni boshladim. Tunashga joyim bo‘lmagani sabab, men biron-bir mashinani buzib, ichiga kirib sahar ertalabgacha yotib uxlardim. Keyin uyqudan turib, yuvinib olish uchun favvora oldiga borardim.

O‘g‘rilik qilishda mahoratim oshib borardi. Men nafaqat mayda narsalarni, balki kechasi xonadon va hovli uylarga ham kirib, katta narsalarni shilishda tajriba orttirardim. Muayyan doiralarda obro‘ orttirganim uchun meni taniqli bir bandaga taklif qilishdi. O‘sha yerda menda «malakamni oshirish» imkoni paydo bo‘ldi, ya’ni bizning keyingi maqsadimiz banklar edi. Qonim qaynoq bo‘lgani uchun o‘sha banda a’zolari orasida tezda obro‘ orttirishga muvaffaq bo‘ldim. Men o‘zim bilan doimo to‘pponcha olib yurardim, hatto uxlashga yotganimda ham, uni yostig‘im tagiga qo‘yardim. Hayotim zo‘ravonlik, narkotiklar, o‘g‘rilik, haqoratli so‘zlar va axloqsizlikdan iborat edi. Politsiya hamisha izimdan yurardi. Meni bir necha marta hibsga olib, qamoqxonaga o‘tqizishardi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.

Bir marta ozodlikka chiqqanimda xolamdan xabar olishga qaror qildim. O‘shanda, xolam va uning ikkita farzandi Yahovaning Shohidlari bo‘lib qolishganidan xabar topdim. Ular meni o‘zlarining jamoat yig‘ilishiga taklif qilishdi. Men u yerga shunchaki qiziquvchanligim tufayli bordim. Yig‘ilish Zaliga kelganimizda, men hamma kelayotganlarni ko‘rish uchun eshik oldida o‘tirishni ma’qul ko‘rdim. O‘shanda ham to‘pponcha o‘zim bilan birga edi.

O‘sha uchrashuv hayotimni o‘zgartirib yubordi. Hamon ham esimda men o‘shanda o‘zimni boshqa sayyoraga tushib qolgandek his qilgandim! O‘sha yerdagi odamlar meni iliq tabassum bilan qarshi olishardi. Ularning ko‘zlaridan mehr va samimiylik yog‘ilib turardi. Bu umuman boshqacha bir dunyo edi!

Shunday qilib, men Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshladim. Bilim olganim sayin hayot tarzimni butunlayin o‘zgartirishim kerakligini aniq tushunib yetardim. Hikmatlar 13- bob 20- oyatidagi: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, ahmoqqa yo‘ldosh bo‘lgan esa halok bo‘ladi»,— degan maslahat qalbimga qattiq ta’sir qildi. Shunda men o‘g‘rilar to‘dasi bilan aloqamni uzishim kerakligini tushunib yetdim. To‘g‘ri, bu oson bo‘lmagan, ammo Tangri Yahovaning madadi bilan buning uddasidan chiqdim.

Hayotimda birinchi marta qoni qaynoq fe’limni nazorat qilishni o‘rgandim

Shuningdek, men har tomonlama pok bo‘lishga qaror qildim. Albatta, sigaret chekishni va narkotiklarni tashlash uchun ko‘p urindim. Uzun sochimni kesib, qulog‘imdagi sirg‘alarni yechib, haqoratli so‘zlarni qo‘llamay qo‘ydim. Hayotimda ilk bor xatti-harakatlarimni nazorat qila boshladim.

Men o‘qishni va ta’lim olishni hech qachon yoqtirmasdim. Shu bois, Muqaddas Kitob tadqiqi davomida diqqatli bo‘lish men uchun qiyin kechardi. Lekin men rosa harakat qilardim. Asta-sekin Tangri Yahovaga bo‘lgan sevgi o‘sib borardi va ichimdagi bir narsa o‘zgarishni boshladi, ya’ni, vijdonim uyg‘ona boshladi. Men o‘zimdan ko‘pincha norozi edim va odamlarga qilgan yomonligim uchun Xudovand Yahova qachondir meni kechirishidan shubhalanardim. Shunday paytlarda men Muqaddas Kitobdagi bir voqeani o‘qirdim. Bu voqea menga taskin berardi, chunki u yerda Tangri Yahova hazrati Dovudning og‘ir gunohlarini kechirgani borasida yozilgan (2 Shohlar 11:1–12:13).

Men uchun qiyin bo‘lgan yana bir narsa bu, uyma-uy yurib xizmat qilish edi (Matto 28:19, 20). O‘tmishda men ziyon yetkazgan odamlardan kimnidir xizmatimda uchratishim mumkin, degan fikrdan qo‘rqardim. Ammo vaqt o‘tib, qo‘rquvimni yenga oldim. Men boshqalarga rahmdil Tangri Yahova haqida bilishga yordam berayotganimdan ulkan quvonch his qilishni boshladim.

HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI.

Xudovand Yahova haqidagi bilim hayotimni saqlab qoldi. Sobiq jo‘ralarimdan ko‘pchiligi hayotdan ko‘z yumishgan yoki qamoqda o‘tirishibdi. Mening hayotim esa mazmunga to‘la va men kelajakka umid bilan qarayapman. Bundan tashqari, men kamtarin va itoatkor bo‘lishni hamda qoni qaynoq fe’limni nazorat qilishni o‘rgandim. Bu esa samara keltirdi, masalan, atrofimdagi kishilar bilan bo‘lgan munosabatim yaxshilandi. Qolaversa, jozibador turmush o‘rtog‘im Karmen bilan baxtli umr kechiryapmiz. Birgalikda biz boshqalarga Muqaddas Kitobni o‘rganishda yordam berayotganimizdan bag‘oyat xursandmiz.

Ha aytgancha, endi men halol ishchiman. Ba’zida ishim banklar bilan bog‘liq bo‘ladi, faqat hozirgi paytda men u yerga to‘pponchani emas, balki chelak va lattani olib boraman!