Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | AYUB

Yahova uning dardiga shifo bergan

Yahova uning dardiga shifo bergan

Va nihoyat barcha jim bo‘lib qoldi. Bu sukunatda faqatgina Arabiston cho‘lidan esayotgan iliq shamolning tovushi eshitilyapti. Uzoq bahsdan charchagan Ayubning aytadigan gapi qolmadi. U uchta tanishi Elifaz, Bildad va Zo‘farga: «Aytmagan yana qanday gapingiz qoldi?» — deganday tikilib qarayapti. Ammo ular Ayubdan ko‘zlarini olib qochishyapti, chunki ular o‘zlaricha aytgan aqlli va «quruq» gaplari, kinoyali so‘zlari foyda bermadi. (Ayub 16:3) Nima bo‘lganda ham Ayubning o‘z benuqsonligini himoya qilish qarori qat’iy.

Shu benuqsonligidan bo‘lak Ayubning hech vaqosi qolmadi. U boyligini, o‘nta farzandining barini, do‘stlari-yu yaqinlarining ko‘magi hamda hurmatini va oxir-oqibat sog‘ligini yo‘qotdi. Kasallik dastidan uning terisini qoraqo‘tir qoplagandi va qurt bosgandi. Hatto uning nafasidan badbo‘y hid kelardi. (Ayub 7:5; 19:17; 30:30) Bu uch kishining shafqatsiz so‘zlari esa Ayubning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Ayub bu uch kishi aytganday, gunohkor emasligini isbotlashga bel bog‘ladi. Uning oxirgi aytganlari ularni jim qilib qo‘ydi. Ular yog‘dirgan shafqatsiz so‘zlar nihoyat yakuniga yetdi. Biroq Ayubning azobi tugamadi. U hali ham yordamga juda muhtoj.

Tabiiyki, bu vaziyatda Ayub muvozanat ila fikrlashi qiyin edi. U yo‘l-yo‘riq va tanbehga, shu qatorda chin dildan tasalli berishlariga muhtoj edi. Bu uning uchta tanishidan kutilardi, lekin ular bunday qilishmadi. Siz ham yo‘l-yo‘riq va tasalliga nihoyatda muhtoj ekaningizni hech his qilganmisiz? Siz do‘st deb bilgan odamlar ko‘nglingizni qoldirishganmi? Yahova xizmatchisi Ayubga qay yo‘sin ko‘maklashgani va Ayub bunga qanday munosabat bildirganini bilish sizga umid baxsh etib, amaliy yordam bo‘lishi mumkin.

Dono va mehribon maslahatchi

Ayub haqidagi bayonotning davomida kutilmagan burilish yuz beradi. Shu yaqin atrofda ulardan yoshroq Elixu ismli inson bor edi. Bu yoshi katta kishilar bahslashayotganida u barchasini jimgina tinglab turgandi. Ularning gaplarini eshitib Elixuning jahli chiqdi.

Elixu Ayubdan ranjidi. Odil kishi bo‘lmish Ayub «Allohdan ko‘ra o‘zining haq ekanini isbotlashga urinayotgani»ni ko‘rish unga og‘ir botdi. Shu bilan birga Elixuning Ayubga juda rahmi kelayotgandi. Chunki u Ayub qanchalik azoblanayotganini, uning samimiyligini va mehr ila berilgan maslahat-u tasalliga juda muhtoj ekanini tushunayotgandi. Shubhasizki, Elixu uchta soxta yupatuvchining gapi tugashini sabrsizlik ila kutgan. Bu kishilar Ayubga og‘riqli so‘zlarni aytib, uning imoni, o‘ziga bo‘lgan hurmati va benuqsonligini yo‘qqa chiqarmoqchi bo‘lishganini Elixu eshitib turgan. Eng yomoni ularning ikki ma’noli so‘zlari Xudoni yovuz qilib ko‘rsatdi. Elixuning ichi qaynab ketganidan ortiq jim turolmasdi. (Ayub 32:2–4, 18)

U shunday dedi: «Men hali yoshman. Sizlar esa yoshi ulug‘ kishilarsiz, shu bois, hurmat yuzasidan o‘zimni tutib turib, bilganlarimni aytishga jur’at qilmadim». Ammo u ortiq jim turolmadi. U so‘zida davom etib: «Insonning donoligi yoshi ulug‘ligida emas, nima to‘g‘ri ekanini nafaqat mo‘ysafid farqlay oladi»,— dedi. (Ayub 32:6, 9) Elixuning uzoq davom etgan nutqi uning so‘zlari chin ekanini isbotladi. Uning Ayubga aytgan so‘zlari Elifaz, Bildad va Zo‘farnikidan butunlay farq qilardi. Elixu Ayubni pastga urmoqchi emasligiga va yarasiga tuz sepish niyati yo‘qligiga ishontirdi. U Ayubga ismi bilan murojaat qilib, uchta tanishidan farqli o‘laroq uni hurmat qilayotganini ko‘rsatdi *. U ehtirom ila: «Ey Ayub, endi mening so‘zlarimga quloq soling»,— dedi. (Ayub 33:1, 7; 34:7)

Elixu Ayubga ismini aytib murojaat qilgan va unga mehribonligu hurmatni namoyon etgan

Elixu Ayubga ochiqchasiga maslahat berib shunday dedi: «Men so‘zlaringizni eshitdim... Siz shunday dedingiz: “Men pokman, begunohman, top-tozaman, menda hech qanday ayb yo‘q. Ammo Xudo menga qarshi chiqishga bahona topdi”». Quyidagi savoli bilan u Ayubning asl muammosi nimada ekanini ko‘rsatdi: «Haq ekaningizda shunchalik aminmisizki, siz go‘yo: “Men Xudodan ko‘ra odilroqman”,— deb aytyapsiz?» U Ayubning bunday fikrlashda davom etishiga yo‘l qo‘yolmasdi. Elixu: «Siz nohaq gapiryapsiz»,— dedi. (Ayub 33:8–12; 35:2) Ayub shuncha yo‘qotishlarni boshdan kechirgani va soxta do‘stlarining nohaqliklaridan g‘azabga minganini Elixu bilardi. Lekin u Ayubni: «Jahlga berilib, birovning qayg‘usidan sevina ko‘rmang»,— deb ogohlantirdi. (Ayub 36:18)

Elixu Yahovaning mehribonligiga urg‘u beradi

Eng muhimi Elixu Yahovani himoya qilib gapirdi. Quyidagi oddiygina, lekin kuchli so‘zlar bilan u muhim haqiqatni tushuntirdi: «Haq Tangri yovuz ishga qo‘l urishiga, qodir Alloh yomonlik qilishiga aql bovar qilmaydi! [...] Qodir Tangri adolatni buzmaydi». (Ayub 34:10, 12) Elixu Ayubga Yahova qanchalik rahm-shafqatli va adolatli ekanini tushunishiga ko‘maklashdi. Chunki Ayub faqat o‘zini o‘ylab Xudo to‘g‘risida hurmatsizlik ila gapirdi. Yahova bu so‘zlari uchun uni jazolashi mumkin edi, ammo U bunday qilmadi. (Ayub 35:13–15) Elixu barcha savollarning javobini bilaman, deb da’vo qilmadi, aksincha kamtarlik ila: «Alloh aqlimiz yetmaydigan darajada buyukdir»,— deb tan oldi. (Ayub 36:26)

Elixu ochiqchasiga maslahat bergan bo‘lsa-da, mehribon edi. U Yahova bir kun kelib Ayubning sog‘ligini tiklashiga umid borligi haqida gapirdi. Alloh sadoqatli xizmatchisi to‘g‘risida: «Uning tanasi bolaligidan ham yoshroq bo‘lsin, yoshlik chog‘idagi quvvati yana o‘ziga qaytsin»,— deb aytadi. Elixu mehribon bo‘lganining yana bir isboti — u shunchaki Ayubga nasihat o‘qimay, uni ham suhbatga chorladi. U: «Gapiring, men odilligingizni isbotlamoqchiman»,— dedi. (Ayub 33:25, 32) Lekin Ayub javob bermadi. Ehtimol, u maslahat mehr ila berilgani va dalda baxsh etgani uchun o‘zini himoya qilishga ehtiyoj sezmagandir. Balki u yengil tortganidan yig‘lab yuborgandir.

Bu ikkita sadoqatli kishidan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Elixudan maslahat va daldaga muhtoj bo‘lganlarga qanday yordam berishni o‘rgansak bo‘ladi. Chin do‘st jiddiy xatoingizni ko‘rsatishdan yoki sizni xavfli yo‘ldan qaytarishdan qo‘rqmaydi. (Hikmatlar 27:6) Biz ham shunday do‘st bo‘lishni, shu bilan birga do‘stlarimiz o‘ylamay gapirib qo‘yganida ham mehribon bo‘lib qolishni va muhtoj bo‘lganida ularga dalda berishni istaymiz. O‘zimiz maslahatga muhtoj bo‘lib qolsak, Ayubning misoli maslahatni rad etmay, uni kamtarlik ila tinglashga undaydi. Zero, barchamiz maslahat-u tanbehga muhtoj bo‘lamiz. Agar ularni qabul qilsak, hayotimizni saqlab qolamiz. (Hikmatlar 4:13)

«Bo‘ron ichidan...»

Elixu gapirganida shamol, bulutlar, momaqaldiroq va chaqmoqni tez-tez tilga oldi. U Yahova haqida: «Uning guldiragan ovoziga... diqqat ila quloq soling»,— dedi. Hech qancha vaqt o‘tmay u «dovul» haqida gapirdi. (Ayub 37:2, 9) Elixu gapirar ekan, shamol esib, borgan sari kuchayganga o‘xshaydi. Oxiri u kuchli bo‘ronga aylandi. Keyin esa hayratga soluvchi bir narsa sodir bo‘ldi. Yahova gapira boshladi! (Ayub 38:1)

Tabiat olami haqida shaxsan koinotning Yaratuvchisidan ma’ruza tinglash qanchalik katta sharaf ekanini bir tasavvur qiling!

Ayub kitobini o‘qir ekanmiz, unga gapirayotgan Yahovaning so‘zlari keltirilgan boblarga yetganimizda qalbimiz quvonchga to‘ladi. Bo‘ron esganida yengil somonni uchirib ketganiday, Yahovaning so‘zlari Elifaz, Bildad va Zo‘farning puch so‘zlarini uchirib ketganday bo‘ldi. Avvaliga Yahova bu kishilarga umuman gapirmadi ham. Uning butun e’tibori Ayubga qaratilgandi; ota o‘g‘liga tanbeh berganiday, U ham sevikli xizmatchisiga ochiqchasiga, ammo mehr ila tanbeh berdi.

Yahova Ayubning azoblaridan xabardor edi. Uning sevikli farzandlari azob chekkanida ularga doim rahmi kelganiday, Ayubga ham achinayotgandi. (Ishayo 63:9; Zakariyo 2:8) Ammo U Ayub «bilimga ega bo‘lmay turib» gapirganini va bu bilan o‘z vaziyatini yanada og‘irlashtirganini bilardi. Shuning uchun Yahova Ayubga ko‘p savollar berib, uni mulohaza yuritishga undadi. Yahova shunday gap boshladi: «Aql-idrokliman deb o‘ylasang, aytgin-chi, yerga asos solganimda sen qayerda eding?» Yaratilish avvalida «tong yulduzlari», ya’ni Xudoning farishtalardan iborat oilasi Uning ijodlarini ko‘rganda hayqirib olqish aytgan. (Ayub 38:2, 4, 7) Albatta Ayub bu haqda hech narsani bilmasdi.

Yahova bo‘ron ichidan gapirib, sevgi ila Ayubning fikrlash tarzini tuzatgan

Yahova ijodlari haqida gapirishda davom etdi. U astronomiya, biologiya, geologiya va fizikaga oid mavzularda gapirib, qaysidir ma’noda Ayubni zamonaviy insonlar tabiatshunoslik deb ataydigan fanga qisqa sayohat qildirdi. Yahova Ayub yashagan hududda uchragan bir qancha hayvonlar haqida aytib o‘tdi. Masalan, sher, qarg‘a, tog‘ echkisi, yovvoyi eshak, yovvoyi buqa, tuyaqush, ot, lochin, burgut, begemot (ehtimol, gipopotam) va timsoh. Tabiat olami haqida shaxsan koinotning Yaratuvchisidan ma’ruza tinglash qanchalik katta sharaf ekanini bir tasavvur qiling! *

Kamtarlik va sevgi borasida saboq

Bularning baridan maqsad nima edi? Ayub yanada kamtarin bo‘lishi kerak edi. Yahova unga nisbatan nohaqlik qilayotgani haqida nolib, Ayub o‘zini sevuvchi Otasidan uzoqlashtirayotgandi va o‘z dardiga dard qo‘shayotgandi, xolos. Shu bois, Yahova tabiat mo‘jizalari yaratilganida Ayub qayerda bo‘lgani hamda U yaratgan narsalarni Ayub oziqlantirib, nazorat qila olish-olmasligi to‘g‘risida qayta-qayta savol berdi. Ayub hatto Yahova yaratgan oddiy narsalarni nazorat qila olmas ekan, qanaqasiga Yaratuvchini hukm qilishi mumkin? Yahovaning yo‘llari-yu fikrlari Ayubning chegaralangan dunyo qarashidan ancha ustun emasmi?

Ayub Yahova bilan bahslashmadi, o‘zini oqlashga ham harakat qilmadi

Yahova aytgan barcha so‘zlarda Uning Ayubga bo‘lgan kuchli sevgisi sezilib turardi. U xuddi Ayub bilan quyidagicha fikr yuritganday bo‘ldi: «O‘g‘lim, agar shuncha narsani yaratib, ularga g‘amxo‘rlik qilayotgan bo‘lsam, senga g‘amxo‘rlik qilolmayman, deb o‘ylaysanmi? Nahotki seni tashlab qo‘ysam, farzandlaringni, havfsizligingni va sog‘ligingni tortib olsam? Yo‘qotganlaringni tiklab, seni dahshatli darddan xalos qila oladigan yagona Shaxs Men emasmanmi?»

Ayub Yahovaning o‘ylantirib qo‘yadigan savollariga bor-yo‘g‘i ikki marta javob berdi. U bahslashmadi, o‘zini oqlashga ham harakat qilmadi. Ayub kamtarlik ila qanchalik kam narsani bilishini tan oldi va o‘ylamay aytgan so‘zlari uchun tavba qildi. (Ayub 40:4, 5; 42:1–6) Ayub imon borasida ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi. Boshidan shuncha narsa o‘tganiga qaramay, u imonda mustahkam bo‘lib qoldi. U Yahovaning tanbehini qabul qilib, fikrlash tarzini o‘zgartirdi. Biz ham o‘zimizdan: «Tanbeh va maslahatni qabul qilishga kamtarligim yetadimi?» — deb so‘rab ko‘rishimiz mumkin. Axir barchamiz shunday yordamga muhtojmiz. Bu yordamni qabul qilsak, Ayubning imoniga taqlid qilgan bo‘lamiz.

«Men to‘g‘rimda haqiqatni so‘zlamadingiz»

Yahova Ayub qanchalik azob chekayotganini bilardi va unga tasalli berdi. Hoynahoy, Ayubning soxta yupatuvchilari orasida yoshi eng kattasi Elifaz bo‘lgan. Yahova unga murojaat qilib shunday dedi: «Senga va ikkita do‘stingga g‘azabim alanga oldi. Chunki sizlar xizmatkorim Ayubdan farqli o‘laroq, Men to‘g‘rimda haqiqatni so‘zlamadingiz». (Ayub 42:7) Mazkur so‘zlar haqida o‘ylab ko‘ring. Yahova bu uch kishi aytgan barcha so‘zlar yolg‘on, Ayubning har bir so‘zi esa to‘g‘ri ekanini aytmoqchi bo‘lganmi? Albatta yo‘q *. Biroq Ayub bilan uni ayblagan bu kishilar o‘rtasida katta farq bor edi. Ayubning qalbi qayg‘udan tilka-pora bo‘lib, soxta ayblovlar dastidan ezilgandi. Shuning uchun, u ba’zan o‘ylamay gapirganini tushunsa bo‘ladi. Ammo Elifaz va ikkita do‘sti bunday ahvolda emasdi. Ularning imoni zaif bo‘lgani bois, ular bila turib takabburlik ila gapirishdi. Ular nafaqat begunoh insonga achchiq so‘zlarni aytishdi, balki bundan ham battari Yahovani shafqatsiz va yovuz qilib ko‘rsatishdi.

Shu bois, Yahova bu kishilarga qimmatbaho qurbonlik keltirishni buyurgani ajablanarli emas. Ular yettita buqa va yettita qo‘chqorni qurbonlikka keltirishi lozim edi, bu esa ularga ancha qimmatga tushdi. Keyinchalik Musoning Tavrot kitobiga ko‘ra ham oliy ruhoniy gunohga qo‘l urib, xalqni aybdor qilib qo‘ysa, undan buqani qurbonlikka keltirish talab etilgan. (Levilar 4:3) Buqa Tavrot bo‘yicha qurbonlikka keltirilgan hayvonlar ichida eng qimmati edi. Bundan tashqari, Yahova Ayub ular uchun ibodat qilsagina uning ayblovchilari keltirgan qurbonlikni qabul qilishini aytdi *. (Ayub 42:8) Alloh uni oqlagani va u uchun adolatni o‘rnatgani Ayubga juda tasalli bergan bo‘lsa kerak!

«U sizlar uchun ibodat qiladi». (Ayub 42:8)

Yahova shunga amin ediki, Ayub U aytgan barcha narsani bajo keltiradi va uni qattiq xafa qilgan bu kishilarni kechiradi. Ayub Otasining ko‘nglini qoldirmadi. (Ayub 42:9) Uning itoatkorligi benuqsonligini har qanday so‘zlardan ko‘ra yaxshiroq isbotladi. Ayub itoatkor bo‘lgani uchun ham Yahova unga mo‘l-ko‘l baraka ato etdi.

«Yahova mehr-shafqatli»

Yahova Ayubga nisbatan «mehr-shafqatli, rahmdil» edi. (Yoqub 5:11) Buni qayerdan bilamiz? Yahova Ayubning sog‘ligini tikladi. Elixu bashorat qilganiday, Ayubning «tanasi bolaligidan ham yoshroq» bo‘lib qolganida, u nimalarni his etganini bir tasavvur qiling! Nihoyat uning oilasi va do‘stlari yig‘ilib, unga tasalli-yu hadyalar berishdi. Yahova Ayubning boyligini qaytarib, avvalgidan ikki baravar ko‘paytirdi. Ayubga qattiq azob keltirgan farzand judoligi haqida nima desa bo‘ladi? U va rafiqasi yana o‘nta farzandli bo‘lishganda, ancha tasalli olishgandir. Qolaversa, Yahova mo‘jizaviy tarzda Ayubning umrini uzaytirdi. Ayub yana 140-yil yashab, o‘zidan keyingi to‘rtta avlodni ko‘rdi. U haqida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Ayub uzoq umr ko‘rib, hayotdan mamnun bo‘lib vafot etdi». (Ayub 42:10–17) Jannatda esa Ayub va sevikli rafiqasi yana oilasi, jumladan, Shayton tortib olgan o‘nta farzandi bilan ham birlashadi. (Yuhanno 5:28, 29)

Nega Yahova Ayubga shunchalik baraka ato etdi? Javobini Muqaddas Kitobda yozilgan quyidagi so‘zlardan topamiz: «Sizlar Ayub payg‘ambarning bardoshi haqida eshitgansizlar». (Yoqub 5:11) Ayub aksariyatimiz tasavvur ham qila olmaydigan darajadagi qiyinchiliklarga bardosh bergan. «Bardosh» so‘zi Ayub bu qiyinchiliklarni shunchaki boshdan kechirishdan ko‘proq narsa qilganini anglatadi. U bardosh qilar ekan, Yahovaga bo‘lgan imoni va sevgisi kuchli bo‘lib qolgan. Ayub jahl va xafagarchilikka berilmagan, aksincha, uning dilini qattiq og‘ritgan kishilarni kechirishga tayyor bo‘lgan. U hech qachon ajoyib umidini va o‘zidagi eng qadrli narsa, ya’ni benuqsonligini yo‘qotmagan. (Ayub 27:5)

Har birimiz bardoshli bo‘lishimiz kerak. Shayton Ayubni tushkunlikka tushirishga harakat qilgani kabi bizni ham tushkunlikka tushirishga intiladi. Ammo imonda sobit tursak, kamtarlikni saqlab qolsak, boshqalarni kechirishga tayyor bo‘lsak va benuqsonligimizni himoya qilsak, biz ham ajoyib kelajakka umid qila olamiz. (Ibroniylarga 10:36) Agar Ayub singari sadoqatli bo‘lib qolsak, bu Shaytonning jahlini chiqarishi, bizni sevadigan Yahovani esa juda baxtiyor qilishi aniq!

^ 6- x.b. Elifaz, Bildad va Zo‘far Ayubga juda ko‘p gaplarni aytishgan. Ularning so‘zlari Muqaddas Kitobdagi naq to‘qqizta bobni to‘ldirgan. Ammo ular shuncha gapirgan bo‘lishsa-da, Ayubga biror marta ham ismini aytib murojaat qilishmagan.

^ 14- x.b. Yahova Ayubga ayrim narsalar haqida tom ma’noda, ba’zi narsalar haqida esa majoziy va she’riy uslubdan foydalanib gapirgan. Alloh bu usullarni shunchalik mahorat ila qo‘llaganki, U Ayubga ta’lim berayotib biridan ikkinchisiga qanday ko‘chganini payqamay qolasiz. (Masalan, Ayub 41:1, 7, 8, 19–21 ga qarang.) Xudo qaysi uslubdan foydalanmasin, Uning maqsadi Ayubda Yaratuvchisiga nisbatan ehtirom hissini uyg‘otish bo‘lgan.

^ 18- x.b. Darhaqiqat, keyinchalik havoriy Pavlus Elifazning gapidan iqtibos keltirib, uni haqiqat sifatida aytib o‘tgan. (Ayub 5:13; 1 Korinfliklarga 3:19) Elifazning aytgani haqiqat edi, ammo u bu so‘zlarni Ayubga nisbatan noo‘rin qo‘llagan.

^ 19- x.b. Ayub xotini uchun shunga o‘xshash qurbonlik qeltirishi kerak bo‘lgani haqida hech narsa yozilmagan.