Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-SAVOL

Men kimman?

Men kimman?

NEGA BU MUHIM?

O‘zligingizni va nimaning tarafdori ekaningizni anglash, bosim ostida qolganingizda dono qarorlar chiqarishingizga yordam beradi.

SIZ QANDAY YO‘L TUTGAN BO‘LARDINGIZ?

Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling: voyaga yetmagan Karen ismli qiz o‘tirishga keladi. Bundan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas qulog‘iga tanish bir ovoz eshitiladi.

«Ha, endi shundoq turaverasanmi?»

Shunda Karen orqasiga qayrilib, o‘rtog‘i Djessika ochilgan ikki shisha pivo bilan turganini ko‘radi. Djessika Karenga shishadan birini uzatib, shunday deydi: «Yayrash uchun hali yoshman, deb bahona qidirma».

Karen bu taklifni rad etishni istaydi. Lekin Djessika dugonasi bo‘lgani uchun uni xafa qilishdan qo‘rqadi. Bundan tashqari, Djessika yomon qiz emas. Demak, agar u ichsa, buning yomon joyi yo‘q. Karen bo‘lsa ichida: «Bu shunchaki ichimlik-ku. Narkotik emas-ku axir»,— deydi.

Karenning vaziyatida bo‘lganingizda, qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?

TO‘XTAB, O‘YLAB KO‘RING!

Shu kabi vaziyatda dono qaror chiqarish uchun, shaxsiyatingizni anglashingiz kerak. Shaxsiyatni anglashga inson o‘zligini va nimaning tarafdori ekanini bilish kiradi. Mana shu bilim tufayli siz hayotingizni o‘zingiz nazorat qila olasiz va buni o‘rningizga boshqalar qilishiga yo‘l qo‘ymaysiz. (1 Korinfliklarga 9:26, 27)

Bunday qobiliyatni qanday rivojlantira olasiz? Buning ilk qadami — quyidagi savollarga javob berishdir.

1 QANDAY KUCHLI TOMONLARIM BOR?

Qobiliyatlaringizu ijobiy xislatlaringizni bilsangiz, o‘zingizga bo‘lgan ishonch oshadi.

MUQADDAS KITOBDAN MISOL. Havoriy Pavlus shunday deb yozgan edi: «Gapirishga usta bo‘lmasam ham, bilim borasida mahoratliman». (2 Korinfliklarga 11:6) Pavlus Muqaddas Yozuvlarni chuqur bilgani uchun, boshqalar uning qobiliyatlarida shubhalanishganda, u mustahkam tura olgan. Ha, ularning salbiy gaplari uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini susaytirishiga yo‘l qo‘ymagan. (2 Korinfliklarga 10:10; 11:5)

O‘ZINGIZNI TEKSHIRIB KO‘RING. Quyida sizda bor mahorat yoki qobiliyatni yozing.

Endi esa kuchli tomonlaringizni tasvirlab o‘ting. (Masalan, siz g‘amxo‘rmisiz? Saxiymisiz? Ishonchlimisiz? Tartiblimisiz?)

2 QANDAY ZAIF TOMONLARIM BOR?

Agar zaifliklaringiz hayotingizni nazorat qilishiga yo‘l qo‘ysangiz, ip ingichka yeridan uzilgani kabi, shaxsiyatingiz ham tezda yomon tomonga o‘zgarishi mumkin.

MUQADDAS KITOBDAN MISOL. Pavlus o‘zining kamchiliklarini bilgan. Shuning uchun, u quyidagicha yozgan: «Qalbimda Allohning qonunidan zavq olaman. Tana a’zolarimda esa boshqa qonunni payqayapman. Bu qonun aqlimdagi qonunga qarshi kurashib,.. gunohning qonuniga meni asir qilyapti». (Rimliklarga 7:22, 23)

O‘ZINGIZNI TEKSHIRIB KO‘RING. Qaysi zaif tomoningizni nazorat qilishni o‘rganishingiz kerak?

3 QANDAY MAQSADLARIM BOR?

Siz taksiga o‘tirib, mashinaning yoqilg‘isi tugaguncha haydovchidan bitta mavzeni qayta-qayta aylanib chiqishni so‘rarmidingiz? Albattaki yo‘q, chunki bu nodonlik bo‘lardi va sizga qimmatga tushardi.

Bundan qanday saboq olsa bo‘ladi? Maqsadlar sizga yo‘nalish berib, bitta joyda to‘xtab qolmasligingizga yordam beradi. Shunda boradigan joyingiz va u yerga yetib olish rejangiz bo‘ladi.

MUQADDAS KITOBDAN MISOL. Pavlus shunday yozgandi: «Men maqsadsiz chopmayapman». (1 Korinfliklarga 9:26) Pavlus hayot oqimi uni qayerga olib borsa, o‘sha yo‘nalishda suzib boravermagan, aksincha, u maqsadlar qo‘ygan va shunga yarasha hayot kechirgan. (Filippiliklarga 3:12–14)

O‘ZINGIZNI TEKSHIRIB KO‘RING. Quyida bu yil davomida erishmoqchi bo‘lgan uchta maqsadingizni yozing.

4 NIMAGA E’TIQOD QILAMAN?

Kuchli shaxsiyatga ega bo‘lgan kishi shiddatli bo‘ronlarga qarshi tura oladigan mustahkam daraxt kabidir

O‘z e’tiqodiga ega bo‘lmagan inson qat’iyatsizdir. Bunday odam, rangini o‘zgartiradigan buqalamun kabi, e’tiqodiga qarshi borib, tengdoshlariga qo‘shilib ketaveradi. Bu esa, insonning o‘z shaxsiyati yo‘qligidan dalolat beradi.

Ishlaringiz e’tiqodingizga asoslangan bo‘lsa, boshqalar nima qilishidan qat’i nazar, shaxsiyatingizni ularga moslab o‘zgartirmaysiz.

MUQADDAS KITOBDAN MISOL. Doniyor payg‘ambar ota-onasidan ajralganida hali o‘smir edi, ammo u shunda ham Xudoga itoat etishga qat’iy qaror qilgan. (Doniyor 1:8) Shu yo‘sin Doniyor o‘zligini yo‘qotmay, e’tiqodiga binoan hayot kechirgan.

O‘ZINGIZNI TEKSHIRIB KO‘RING. Nimaga e’tiqod qilasiz? Masalan, Xudoga ishonasizmi? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun? Xudo borligiga sizni nima ishontiradi?

Xudoning axloqiy me’yorlari sizning foydangiz uchun ekaniga ishonasizmi? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun?

Xo‘sh, nimaga o‘xshamoqchisiz: hatto yengil shabada uchirib keta oladigan yerga tushgan barggami yoki kuchli bo‘ronlarga dosh bera oladigan daraxtgami? Shaxsiyatingizni tarbiyalang, shunda o‘sha daraxt kabi bo‘lasiz. Bu, o‘z o‘rnida, «Men kimman?» degan savolga javob topishingizga ko‘maklashadi.