Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-SAVOL

Evolyutsiyaga ishonsam bo‘ladimi?

Evolyutsiyaga ishonsam bo‘ladimi?

NEGA BU MUHIM?

Agar hamma narsa chindan ham evolyutsiya orqali paydo bo‘lgan bo‘lsa, unda yashashdan maqsad yo‘q. Bordi-yu, barcha narsa rostdan ham yaratilgan bo‘lsa, unda hayot va kelajak borasidagi savollarga qoniqarli javoblar topa olamiz.

SIZ QANDAY YO‘L TUTGAN BO‘LARDINGIZ?

Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling: Aleksning boshi qotib qoldi. U doim Xudoga va yaratilishga ishonardi. Lekin bugun uning biologiya o‘qituvchisi evolyutsiya fakt ekanini va ishonchli ilmiy tadqiqotlarga asoslanganini aminlik ila ta’kidladi. Ammo Aleks ahmoqdek ko‘rinmoqchi emas. U o‘ziga shunday deydi: «Agar olimlar evolyutsiyani isbotlashgan bo‘lishsa, unda men kim bo‘libmanki, bu nazariyani shubha ostiga qo‘ysam?»

Aleksning o‘rnida bo‘lganingizda, evolyutsiya nazariyasi darsliklarda fakt deb ta’kidlangani uchungina unga ishonarmidingiz?

TO‘XTAB, O‘YLAB KO‘RING!

Bahsda qatnashayotgan ikkala tomon ham odatda nimaga ishonayotgani haqida osonlikcha fikr bildiradi-yu, ammo nima uchun muayyan g‘oyaga ishonayotganini aniq ayta olmaydi.

  • Ba’zilar ularning dinida yaratilish haqida o‘rgatishgani uchungina yaratilishga ishonishadi.

  • Ayrimlar esa maktabda evolyutsiya haqida o‘rgatishgani uchungina bu nazariyaga ishonishadi.

MULOHAZA UCHUN 6 TA SAVOL

Allohning Kalomida quyidagicha yozilgan: «Har qanday uy kimdir tomonidan quriladi, borliqning bunyodkori esa Allohdir». (Ibroniylarga 3:4) Bunga ishonsa bo‘ladimi?

Hayotning Yaratuvchisi yo‘q deb ta’kidlash, shu uyning quruvchisi yo‘q deb ta’kidlash bilan teng va bu bema’nilikdir

TA’KIDLOV: Koinotdagi hamma narsa Katta portlash natijasida yuzaga kelgan.

1. Katta portlashga kim yoki nima sabab bo‘lgan?

2. Qaysi g‘oya asosliroqdir: barcha narsa hech nimadan paydo bo‘lganimi yoki hamma narsani kimdir yaratganimi?

TA’KIDLOV: Insonlar hayvonlardan paydo bo‘lgan.

3. Agar insonlar hayvonlardan, masalan, odamsimon maymunlardan kelib chiqqan bo‘lsa, unda nima uchun odamlarning va maymunlarning aqliy qobiliyatlari orasida shunday katta farq bor?

4. Nega hayotning hatto eng sodda shakllari ham shunchalik murakkab?

TA’KIDLOV: Evolyutsiya — isbotlangan faktdir.

5. Buni ta’kidlaydigan odam o‘zi uchun isbot topganmi?

6. Qancha odamlar boshqa ziyoli insonlar evolyutsiyaga ishonishayotgani haqida eshitishgani uchungina bu nazariyani to‘g‘ri deb bilishadi?

«Faraz qiling, o‘rmon bo‘ylab sayr qilganingizda, chiroyli bir uyni ko‘rib qolasiz. O‘shanda siz: “Naqadar ajoyib-a?! Voy, daraxtlar o‘z-o‘zidan tushib, shu joyda uy hosil qilibdi-ya!” — deb o‘ylaysizmi? Albattaki, yo‘q! Axir bu aqlga sig‘maydi-ku! Unday bo‘lsa, nega koinotdagi barcha narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, deb ishonishimiz kerak?» (Djuliya)

«Tasavvur qiling, kimdir sizga bosmaxonada portlash yuz berganini, bo‘yoq devorlar-u shiftlarga sachraganini va natijada to‘liq lug‘at matni paydo bo‘lganini aytsa, bunga ishonarmidingiz?» (Gven)

NEGA XUDOGA ISHONISH DARKOR?

Muqaddas Kitob «aqlingizni ishga solishga» undamoqda. (Rimliklarga 12:1) Bu degani, Xudoga bo‘lgan ishonchingiz faqatgina quyida keltirilgan omillarga asoslanmasligi lozim:

  • HIS-TUYG‘ULAR (Qandaydir oliy bir kuch borligini his qilaman.)

  • MADANIYATINGIZ (Men xudojo‘y odamlar orasida yashayman.)

  • TARBIYANGIZ (Ota-onam meni xudotars qilib tarbiyalashgani uchun boshqa tanlovim yo‘q edi.)

Buning o‘rniga, Xudoga ishonish uchun sizda asosli sabablar bo‘lishi kerak.

«O‘qituvchi tanamiz qanday faoliyat yuritishini tushuntirayotganida, Alloh borligiga hech qanday shubham qolmaydi. Tanamizning har bir a’zosi, hatto kichkinagina qismlari ham o‘z vazifasini bajaradi va bu jarayon bizga bilinmaydigan tarzda kechadi. Ha, inson tanasi rostdan ham kishini hayratga soladi!» (Tereza)

«Osmono‘par imoratni, sayohat kemasini yoki mashinani ko‘rganimda, o‘zimga: “Buni kim yaratgan?” — degan savol berib qolaman. Mashinani yaratishda aqlli odamlar kerak, chunki mashina ishlashi uchun ko‘plab kichkina detallarni to‘g‘ri yig‘ish lozim. Agar mashina kimdir tomonidan ixtiro qilingan bo‘lsa, demak, odamlarni ham kimdir yaratgan». (Richard)

«Ilm-fanni chuqur o‘rganganim sayin, evolyutsiya nazariyasi asossiz ekanini anglab yetdim. Yaratuvchiga ishonishga qaraganda, evolyutsiyaga ishonish ancha qiyinroqdir». (Entoni)

MULOHAZA UCHUN

O‘nlab yillar davomida o‘tkazilgan tadqiqotlarga qaramay, olimlar evolyutsiya nazariyasini isbotlab beradigan bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Agar mutaxassis deb hisoblanmish olimlarning o‘zi bir fikrga kela olmayotgan bo‘lishsa, unda nega siz bu nazariyadan shubhalanmasligingiz kerak ekan?