Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidlari ilm-fanga nisbatan qanday nuqtai nazarda?

Yahovaning Shohidlari ilm-fanga nisbatan qanday nuqtai nazarda?

 Ilm-fan sohasidagi yutuqlarni qadrlaymiz va dalillar bilan isbotlangan yangi kashfiyotlarga ishonamiz.

 O‘zbek tilining izohli lug‘atiga binoan, ilm-fan «tabiat va jamiyatning taraqqiyot qonuniyatlarini ochib beruvchi hamda o‘zi erishgan natijalar bilan atrof muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi bilimlar tizimi»dir. Muqaddas Kitob tabiatshunoslik kitobi hisoblanmasa-da, unga ko‘ra odamlar atrof muhitni o‘rganib, kashfiyotlardan foyda olishlari mumkin. Ayrim misollarni ko‘rib chiqaylik:

  •   Astronomiya. «Ko‘zlaringizni osmonga tikib, qaranglar. Bularning barini kim yaratgan? Kim yulduzlarni qo‘shin singari soni bo‘yicha chiqarib, har birining nomini aytib chaqiradi?» (Ishayo 40:26)

  •   Biologiya. Shoh Sulaymon «o‘simliklar — devorga yopishib o‘sadigan issop hamda Livandagi kedr daraxtlari, shuningdek, hayvonlar, qushlar, o‘rmalab yuruvchilar va baliqlar haqida gapirgan». (3 Shohlar 4:33)

  •   Tibbiyot. «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj». (Luqo 5:31)

  •   Meteorologiya. «Qor saqlanadigan omborlarga kirganmisan? Do‘l saqlanadigan omborlarni ko‘rganmisan?.. Sharq shamoli yer yuzida qaysi tarafdan esadi?» (Ayub 38:22–24)

 Adabiyotlarimizda tabiat va turli kashfiyotlar haqidagi maqolalar chop etilib, ilm-fanni qadrlashga chorlanamiz. Yahovaning Shohidlari farzandlarini tabiat haqida bilim orttirishga undashadi. Anchagina Yahovaning Shohidlari ilm-fan sohalarida, jumladan, biokimyo, matematika va fizika yo‘nalishlarida ishlaydi.

Ilm-fan barcha savollarimizga javob beradimi?

 Insoniyatning barcha savollariga ilm-fan yordamida javob topish imkonsiz a. Masalan, geologlar yer sharining tarkibini, biologiya sohasidagi mutaxassislar esa tanamiz faoliyatini tadqiq qilishadi. Biroq nega yer shari yashashga a’lo tarzda mos keladi? Nega tana a’zolarimiz shu qadar uyg‘unlikda harakat qiladi?

 Ushbu savollarga qoniqarli javoblarni faqat Muqaddas Kitobdan topish mumkin, degan fikrdamiz. (Zabur 139:13–16; Ishayo 45:18) Shu bois, ham ilm-fan sohasida, ham Muqaddas Kitobdan bilim orttirish yaxshidir.

 Gohida ilm-fan qaysidir jihatdan Muqaddas Kitobga ziddek tuyulishi mumkin. Ammo bu, Muqaddas Kitobdagi ta’limotlarni to‘g‘ri tushunmaslik natijasi, xolos. Misol uchun, Muqaddas Kitobda yer 24 soatdan iborat bo‘lgan olti kun ichida yaratilgan, deb aytilmagan. (Ibtido 1:1; 2:4)

 Ilmiy deb hisoblanadigan ayrim keng tarqalgan nazariyalar faktlar bilan tasdiqlanmagan va bir qator taniqli olimlar tomonidan rad etilgan. Bizni o‘rab turgan olam ijod mahsuli ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Biz tirik organizmlar betartib mutatsiya (to‘satdan tabiiy yoki irsiy o‘zgarish) va tabiiy tanlanish natijasida paydo bo‘lishi mumkin emas, degan xulosaga kelgan ko‘plab biolog, kimyogar va boshqa mutaxassislarning fikriga qo‘shilamiz.

a Avstriyalik fizik, Nobel mukofoti laureati Ervin Shredinger ilm-fan «qalbimizga chindan ham yaqin, biz uchun chinakam ma’noga ega bo‘lgan narsalarga kelganda esa, sukut saqlaydi», degan fikrni bildirdi. Albert Eynshteyn esa shunday deb yozgan: «Ratsional (aqlga asoslangan) fikrlash tarzi bilangina hayotdagi muammolarni yengish imkonsiz ekaniga achchiq tajribamizda amin bo‘ldik».