Asosiy materiallarga o‘tish

Xudo har yerda mavjudmi?

Xudo har yerda mavjudmi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Xudo hamma narsani ko‘rib turibdi va O‘z irodasini har joyda amalga oshira oladi. (Hikmatlar 15:3; Ibroniylarga 4:13) Biroq Muqaddas Kitobda Xudo har yerda va har narsada mavjud, deb aytilmagan. Aksincha, unga ko‘ra Xudo Shaxs va Uning O‘z makoni bor.

  •   Xudo qanday? Xudo ruhiy Shaxsdir. (Yuhanno 4:24) U odamlarga ko‘rinmaydi. (Yuhanno 1:18) Muqaddas Kitobdagi vahiylarga ko‘ra, Xudo doim olisda makon qurgan Shaxsday tasvirlangan. U hech qachon har yerda deb tilga olinmagan. (Ishayo 6:1, 2; Vahiy 4:2, 3, 8)

  •   Xudoning makoni qayerda? Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudoning makoni osmonda. Bu U yerda ham, koinotda ham emas, balki osmonda yashashini anglatadi. (3 Shohlar 8:30) Muqaddas Kitobda ruhiy mavjudotlar «Yahovaning a huzuriga kirib», Uning oldida o‘z o‘rinlarini egallash uchun yig‘ilgani haqidagi bayonot tilga olingan. Bu qaysidir ma’noda Xudoning O‘z makoni borligini ko‘rsatmoqda. (Ayub 1:6)

Agar Xudo har yerda mavjud bo‘lmasa, U chindan ham shaxsan menga g‘amxo‘rlik qila oladimi?

 Ha, Alloh har birimizga g‘amxo‘rlik qilyapti. Xudo osmonda yashasa ham, yer yuzida Uni chin dildan mamnun qilishni istaganlarga e’tibor beradi va ularning manfaatini ko‘zlab yo‘l tutadi. (3 Shohlar 8:39; 2 Solnomalar 16:9) Yahova samimiy topinuvchilariga g‘amxo‘rlik qilayotganini qay yo‘sin ko‘rsatayotganiga diqqat qarating:

  •   Ibodat qilganingizda. Yahova ibodatlaringizni eshitadi. (2 Solnomalar 18:31)

  •   Ruhingiz tushganda. «Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqindir, ruhan ezilganlarni U qutqaradi». (Zabur 34:18)

  •   Yo‘l-yo‘riqqa muhtoj bo‘lganingizda. Yahova Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali sizga «aql-idrok ato etib», yo‘l ko‘rsatadi. (Zabur 32:8)

Xudo har yerda mavjudligi borasidagi noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: Xudo yaratgan narsalarida.

 Fakt: Xudo yerda ham, koinotning biror joyida ham yashamaydi. (3 Shohlar 8:27) Shunisi aniqki, yulduzlar va boshqa ijodlar «Allohning ulug‘vorligidan xabar beradi». (Zabur 19:1) Xuddi rassom o‘zi chizgan rasm ichida yashamaganidek, Xudo ham O‘zining ijodida yashamaydi. Rassomning ijodidan u haqida nimanidir bilib olishimiz mumkin. Shu kabi, dunyo Yaratuvchining qudrati, donoligi va sevgisi kabi «ko‘zga ko‘rinmas fazilatlarini» aks etadi. (Rimliklarga 1:20)

 Noto‘g‘ri fikr: Xudo har yerda mavjud bo‘lgani uchun hamma narsadan xabardor va qudratlidir.

 Fakt: Xudoning muqaddas ruhi, ya’ni faol kuchi qudratining amalda namoyon bo‘lishidir. Xudo muqaddas ruhi orqali istagan vaqtda va istagan joyda O‘zi bo‘lmay turib ham, barcha narsadan xabardor bo‘lishi va xohlaganini qilishi mumkin. (Zabur 139:7)

 Noto‘g‘ri fikr: Zabur 139:8da Xudo har yerda mavjudligi haqida shunday aytilgan: «Agar osmonga ko‘tarilsam, Sen o‘sha yerda bo‘lasan, qabrda o‘zimga to‘shak solsam, o‘sha yerda ham meni topasan!»

 Fakt: mazkur oyatda Xudoning qayerdaligi aytilmagan. Bu so‘zlar she’riy tarzda yozilgan bo‘lib, Xudo qayerda bo‘lsa ham foydamizni ko‘zlab biron nima qila olishini ko‘rsatyapti.

a Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yahova Xudoning ismi.