Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM

Muvaffaqiyatsizlikka uchragan bolalarga qanday yordam bersa bo‘ladi?

Muvaffaqiyatsizlikka uchragan bolalarga qanday yordam bersa bo‘ladi?

Ertami-kechmi farzandingiz muayyan vaziyatda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, tushkunlikka tushishi mumkin. Buni yengishda unga qanday yordam bera olasiz?

 Nimani bilishingiz kerak?

Har birimiz gohida muvaffaqiyatsizlikka uchraymiz. Allohning Kalomida: «Barchamiz tez-tez xato qilib turamiz»,— deb yozilgan. (Yoqub 3:2) Hatto bolalar ham xato qilishadi. Ammo bunday muvaffaqiyatsizlikning ijobiy tomoni ham bor, chunki u orqali bolalar muammoli vaziyatlarni yengib o‘tishni o‘rganishadi. Bolalar bunday qobiliyat bilan tug‘ilmagan, ammo ular unga ega bo‘lishlari mumkin. «Erim bilan shunday xulosaga keldikki, bolalar muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, o‘zlarini unga duch kelmaganday tutishni emas, balki uni yengishni o‘rganganlari yaxshi. Shunda ular vaziyat kutilmagan tus olsa ham, undan chiqib keta olishadi»,— deb bo‘lishdi Laura ismli bir ona.

Aksariyat bolalar muvaffaqiyatsizlikdan chiqib ketish yo‘llarini bilishmaydi. Ayrim bolalar muvaffaqiyatsizlikni qanday yengish mumkinligini bilishmaydi, chunki ota-onalari ularni har qanday javobgarlikdan himoya qilishadi. Masalan, bola maktabda yomon baho olsa, ba’zi ota-onalar shu zahotiyoq o‘qituvchini ayblashga tushadi. Yoki agar bola do‘sti bilan aytishib qolsa, ota-onasi shu zahoti do‘stini ayblaydi.

Agar ota-onalar farzandlarini qilmishlarining barcha oqibatlaridan asrashsa, unda qanday qilib farzandlar xatolari uchun javobgarlikni zimmasiga olishni o‘rganishadi?

 Nima qila olasiz?

  • Farzandlaringizga xatti-harakatlarining oqibatlari borligini o‘rgating.

    Galatiyaliklarga 6:7 da: «Inson nima eksa, shuni o‘radi»,— deb yozilgan.

    Har bir harakatning natijasi, buzilgan narsaning xarajati, xatoning ham oqibati bor. Bolalar sabab-natija prinsipini bilishlari va sodir bo‘lgan voqeada o‘zlarining javobgarligini tushunishlari kerak. Shuning uchun, farzandlaringiz qilgan xatolari uchun boshqalarni ayblamang yoki ularni oqlash uchun bahona izlamang. Aksincha, ularning yoshini inobatga olib, qilmishlarining oqibatlarni tatishlariga yo‘l qo‘yib bering. Albatta, farzand yomon ishlar va ularning oqibatlari o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniq ko‘rishi kerak.

  • Farzandlaringizga muammoning yechimini topishga yordam bering.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi». (Hikmatlar 24:16)

    Muvaffaqiyatsizlikka uchrash og‘riqli kechishi mumkin, lekin bu — hayot tugadi, degani emas. Farzandlaringizga diqqatlarini vaziyat adolatsiz bo‘lganiga shikoyat qilishga emas, vaziyatdan chiqishning yo‘llarini topishga qaratishga ko‘maklashing. Masalan, agar o‘g‘lingiz maktabdagi testdan o‘tmagan bo‘lsa, u vaziyatni qo‘lga olib va ko‘proq o‘qib, keyingi safar testni yaxshiroq bahoga topshirishi mumkinligini ko‘rishga yordamlashing. (Hikmatlar 20:4) Agar qizingiz dugonasi bilan urushib qolgan bo‘lsa, bunda kim aybdor bo‘lishidan qat’i nazar, qizingizni dugonasidan kechirim so‘rashda tashabbus ko‘rsatishi mumkinligi haqida o‘ylashga chorlang. (Rimliklarga 12:18; 2 Timo‘tiyga 2:24)

    Farzandlaringizga kamtarin bo‘lishni o‘rgating

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Har biringizga shunday deyapman: o‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar». (Rimliklarga 12:3)

    Farzandingizga u biron ishni boshqalarga qaraganda yaxshiroq qilishini aytish yolg‘on bo‘lib, hech qanday foyda keltirmaydi. Axir hatto maktabda yaxshi o‘qiydigan bolalar ham har doim a’lo baho olishmaydi-ku. Qolaversa, biron sport turida muvaffaqiyatli bo‘lgan bolalar ham doim g‘alaba qozonishmaydi. Kamtarin yoshlar odatda muvaffaqiyatsizlikni tezroq yenga olishadi.

    Muqaddas Kitobga ko‘ra, qiyinchiliklar bizni kuchliroq qilishi va sabr-bardoshni rivojlantirishimizga yordam berishi mumkin. (Yoqub 1:2–4) Garchi muvaffaqiyatsizlik farzandingizning ruhini tushirsa ham, siz unga haddan tashqari tushkunlikka tushmaslikka ko‘maklasha olasiz.

    Farzandlarga muammoli vaziyatdan chiqishni o‘rgatish, boshqa ko‘nikmalarga o‘rgatishga o‘xshab, vaqt va kuch talab etadi. Agar ota-onalar buni farzandlariga o‘rgatishsa, shunda farzandlari o‘smirlik yoshiga yetganda muvaffaqiyatsizlikni osonlikcha yenga olishadi. Bir kitobda yozilishicha, «muammolarni yengishga o‘rgangan o‘smirlar tushkunlikka tushganlarida xavfli yoki ahmoqona ishlar qilishi amrimahol. Ular yangi va kutilmagan vaziyatlarda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishlari ehtimoldan yiroq». («Letting Go With Love and Sonfidense») Albatta, qiyin vaziyatlarni yengish ko‘nikmasi ularga katta bo‘lishganida ham asqatadi.

Maslahat: O‘rnak ko‘rsating. Hayotdagi qiyinchiliklarni qanday yengayotganingiz farzandlaringizga o‘z qiyinchiliklarini yengishga ko‘maklashishini yodda tuting.