Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yaqiningiz hayotdan ko‘z yumganda

Yaqiningiz hayotdan ko‘z yumganda

Akam nogahon hayotdan ko‘z yumganida umidsizlikka tushib qoldim. Bir necha oy o‘tib ham akam haqida eslasam, yuragimga xuddi xanjar sanchilganiday og‘riqni his qilardim. Ba’zida esa jahlim chiqib «Nima uchun aynan mening akam o‘ldi?» deb o‘ylardim. Boz ustiga, unga ko‘proq vaqt ajratmaganim uchun o‘zimni aybdor his qilardim. Vanessa, Avstraliya.

MABODO siz ham yaqiningizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, qalbingizdan turli tuyg‘ular — g‘am-qayg‘u, yolg‘izlik va umidsizlik kechishi mumkin. Ehtimol, siz jahl, aybdorlik va qo‘rquvni ham his qilayotgandirsiz. Balki «Hayot o‘zi yashashga arziydimi?» deya shubhalanayotgandirsiz.

Ishoning, qayg‘u chekayotganingiz zaif ekaningizni anglatmaydi. Bu ko‘proq yaqiningizni qattiq yaxshi ko‘rishingizdan dalolat beradi. Biroq dardingizga malham topishning iloji bormi?

BU VAZIYATDA AYRIMLARGA NIMA YORDAM BERGAN?

Dardingiz bedavoday tuyulsa-da, quyidagi maslahatlar dardingizga darmon bo‘la oladi:

DARDINGIZNI ICHINGIZGA YUTMANG

Qanday va qancha vaqt davomida qayg‘urish hammada har xil kechadi. Shunday bo‘lsa-da, siqilganda yig‘lasangiz yengil tortasiz. Boya eslatib o‘tilgan Vanessa shunday deydi: «Men yig‘lardim. Bu dardimni yengillashtirardi». Sofiyaning singlisi nogahon hayotdan ko‘z yumgandi. U shunday deb bo‘lishdi: «Sodir bo‘lgan voqea haqida o‘ylash juda og‘riqli. Bu yiringlagan yarani ochib tozalashga o‘xshaydi. Bu chidab bo‘lmaydigan og‘riq keltiradi, lekin yaraning bitishiga yordam beradi».

DARDINGIZNI BOSHQALARGA AYTING

Ba’zida yolg‘iz qolishni istayotganingizning yomon joyi yo‘q. Ammo judolik azobini ko‘tarish bir o‘zingizga og‘irlik qiladi. Otasidan judo bo‘lgan 17 yashar Jared shunday deydi: «Men his-tuyg‘ularimni boshqalarga aytib berardim. Ehtimol, tuyg‘ularimni yaxshi tushuntirib bera olmagandirman, lekin buni boshqalar bilan bo‘lishganimda o‘zimni yaxshi his qilardim». Birinchi maqolada eslatib o‘tilgan Jeynis esa buning yana bir foydasi haqida aytdi: «Tuyg‘ularimni boshqalar bilan bo‘lishish nihoyatda tasalli baxsh etardi. Ularning hamdardligi tufayli o‘zimni yolg‘iz his qilmasdim».

YORDAMNI QABUL QILING

Bir mutaxassis shunday deb bo‘lishdi: «Agar judolik azobidan qiynalayotganlar boshidanoq do‘stlari va qarindoshlarining yordamini qabul qilsa, qayg‘u chekishning keyingi bosqichlari ular uchun ancha yengil kechadi». Sizga qanday yordam kerakligi haqida do‘stlaringizga ayting. Chunki ular yordam berishni xohlar, lekin buni qanday qilishni bilmayotgandir. (Hikmatlar 17:17)

XUDOGA YAQINLASHING

Tina shunday bo‘lishdi: «Kutilmaganda erimni saraton kasalligi olib ketganida, suyanchig‘imdan ayrildim. Shu sababli hamma dardimni Xudoga aytardim. Har kuni Xudodan bu og‘riqqa dosh berishga yordam so‘rardim. Xudo esa so‘raganimdan ham ortig‘ini berdi». Tarshaning onasi hayotdan ko‘z yumganida, u 22 yoshda edi. Tarsha shunday deydi: «Har kuni Muqaddas Kitobni o‘qish men uchun dalda manbai bo‘ldi. Undagi fikrlar ustida mulohaza yuritish menga tasalli baxsh etardi».

TIRILISH BO‘LADIGAN PAYTNI KO‘Z OLDINGIZGA KELTIRING

Tina gapini davom ettirib, shunday deydi: «Boshida tirilishga bo‘lgan umid menga tasalli bermasdi. Chunki o‘shanda men erimga, o‘g‘illarim esa otasiga muhtoj edi. Ammo hozir oradan to‘rt yil o‘tgach, tirilishga bo‘lgan umidni mahkam ushlayapman. Bu men uchun kemadan tushgan qutqaruv arqoniga o‘xshaydi. Erimni qayta ko‘rishni ko‘z oldimga keltiraman. Bunday paytda qalbim tinchlik va quvonchga to‘ladi!»

Ehtimol, o‘sha zahoti dardingizdan forig‘ bo‘lmassiz. Biroq Vanessaning vaziyati sizga dalda baxsh etishi mumkin. U: «Balki siz “Bu darddan hech qachon qutula olmayman” deb o‘ylarsiz, ammo ishoning, yaxshi kunlar hali oldinda»,— dedi.

Unutmang, sog‘inch tuyg‘usi sizni tark etmasa-da, hayot yashashga arziydi. Mehribon Xudoning madadi bilan siz hozir ham mustahkam do‘stona munosabatlar hamda mazmunli hayotdan quvonch topa olasiz. Tez orada Alloh o‘lganlarni tiriltiradi. U yaqiningizni yana bag‘ringizga bosishingizni juda istaydi. O‘shanda qalbingizdagi g‘am-anduhdan abadulabad forig‘ bo‘lasiz!