Asosiy materiallarga o‘tish

Xudo bormi?

Xudo bormi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Ha, Muqaddas Kitobda Xudo borligi to‘g‘risida ishonchli dalillar keltirilgan. Muqaddas Kitob bizni diniy qarashlarga ko‘r-ko‘rona ishonib emas, balki aql-zakovatimizni ishga solib, Xudoga ishonishga undamoqda. (Rimliklarga 12:1; 1 Yuhanno 5:20) Muqaddas Kitobga asoslangan quyidagi dalillarni ko‘rib chiqaylik:

  •   Koinotdagi tartib va hayot mavjudligi Yaratuvchi borligiga ishora qiladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Albatta, har qanday uy kimdir tomonidan quriladi, borliqning bunyodkori esa Allohdir». (Ibroniylarga 3:4) Bu mantiq soddagina bo‘lsa-da, ko‘p o‘qimishli odamlar uni kuchli fakt deb biladi a.

  •   Insonlar sifatida hayotning ma’nosi va mazmunini tushunish kabi tabiiy istakka egamiz. Hatto jismoniy ehtiyojlarimizni qondirgandan keyin ham, bu ochlik hissi bizni tark etmasligi mumkin. Muqaddas Kitobda bu «ma’naviy narsalarga chanqoqlik» deb aytilgan. Bu chanqoqlik Xudo haqida bilish va Unga topinish istagini o‘z ichiga oladi. (Matto 5:3; Vahiy 4:11) Ma’naviy ehtiyoj nafaqat Xudo borligini tasdiqlamoqda, balki U bizni sevadigan Yaratuvchi ekaniga va bu ehtiyojimizni qondirishimizni istashiga ishora qilmoqda. (Matto 4:4)

  •   Muqaddas Kitobda batafsil bashoratlar amalga oshishidan bir necha asr oldin yozilgan va ular aynan karomat qilinganidek ro‘yobga chiqqan. O‘sha bashoratlar aniq va batafsil yozilgani ular ilohiy manbadan kelib chiqqanini yaqqol tasdiqlamoqda. (2 Butrus 1:21)

  •   Muqaddas Kitobni yozgan kishilar zamondoshlari tushunmaydigan ilmiy bilimlarga ega edilar. Masalan, qadimda ko‘plar yer fil, to‘ng‘iz yoki buqa kabi hayvonlarning ustida turadi, deb o‘ylagan. Bundan farqli ravishda Muqaddas Kitobda Xudo yerni «bo‘shliqqa osib qo‘ydi», deb aytilgan. (Ayub 26:7) Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda yer «shar» shaklida ekani aniq qilib yozilgan. (Ishayo 40:22) Ko‘p odamlar bu kabi ilg‘or tushunchalar keltirilganining asosiy sababini Muqaddas Kitobni yozgan insonlar ma’lumotni Xudodan olgan, deb bilishadi.

  •   Muqaddas Kitobdan ko‘pgina qiyin savollarga javob topish mumkin. Lekin kishi bu kabi savollarga qoniqarli javob olmasa, ateist bo‘lib qolishi hech gap emas. Misol uchun, Xudo mehribon va qudratli bo‘lsa, nega dunyo azob-uqubat va yovuzlikka to‘lib toshgan? Nega ko‘pincha dinning ta’siri ostida odamlar yaxshilik emas, yomonlik qilyapti? (Titusga 1:16)

a Masalan, Allan Sendidj ismli astronom bir safar koinot haqida quyidagicha degan: «Tartibli koinot tartibsizlikdan paydo bo‘lgani aqlga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblayman. Bu yerda qandaydir tashkiliy tamoyil bo‘lishi kerak. Xudo men uchun yashirin sir, lekin nega hech narsadan hamma narsa paydo bo‘lgan degan savolning birgina javobi Yaratuvchi mavjudligiga borib taqaladi».