Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Bobil xarobalarida topilgan g‘ishtlar va ularni tayyorlash uslubi Muqaddas Kitob aniq ekanini qanday ko‘rsatyapti?

ARXEOLOGLAR qadimgi Bobilda shaharning qurilishi uchun ishlatilgan ko‘pgina g‘ishtlarni topishgan. Robert Koldevining aytishicha, bunday g‘ishtlar «shahar tashqarisida joylashgan pechlarda tayyorlangan. U yerda loy yaxshi bo‘lgan va [...] yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan o‘tinlar juda ko‘p bo‘lgan».

Arxeologlarning topilmalari Bobil boshliqlari shafqatsiz ishlarni amalga oshirish uchun ham pechlardan foydalanishganini isbotlayapti. Toronto universitetidagi qadimgi Ossuriya tarixi va tili bo‘yicha professor Pol-Alen Bolyo shunday dedi: «Bobil qo‘lyozmalariga ko‘ra, shoh unga bo‘ysunmagan yoki Bobil xudolariga hurmat ko‘rsatmagan odamlarni pechga tashlab, yondirishni buyurgan». Shoh Navuxodonosor davriga oid bir qo‘lyozmada shunday yozilgan: «Ular yo‘q qilinsin, yondirilsin, kuydirilsin, [...] pechdan tutuni chiqib tursin, kuchli olov bilan ularning ajali yetsin».

Bu so‘zlar Doniyor 3-bobdagi voqeani esimizga solyapti. Ushbu tarixiy voqeaga binoan, shoh Navuxodonosor Bobil shahrining tashqarisidagi Durax tekisligida bahaybat oltin haykalni yasashni buyurgandi. Uchta ibroniy yigit — Shadrax, Meshax va Abednaxu haykalga sajda qilishdan bosh tortishganida, Navuxodonosorning jahli chiqib, «pechni odatdagidan yetti barobar qattiqroq qizdirishni» va ularni «yonib turgan pechga tashlashni buyurdi». Ammo qudratli farishta ularni o‘limdan qutqarib qoldi. (Don. 3:1–6, 19–28)

© The Trustees of the British Museum. Licensed under CC BY-NC-SA 4.0. Source

Navuxodonosorning ismi o‘yilgan bir g‘isht

Bobilda topilgan g‘ishtlar Muqaddas Kitob aniq ekanini ko‘rsatyapti. Aksariyat g‘ishtlarning ustida shohlarni ulug‘laydigan yozuvlar bor edi. Masalan, ularning birida shunday yozilgan edi: «Navuxodonosor, Bobil shohi. [...] Bu men, ulug‘ Navuxodonosor qurgan saroy. [...] Mening avlodlarim bu yerda abadiy hukm suradi». Bu so‘zlar Doniyor 4:30 da yozilganlarga juda o‘xshab ketadi. U yerda Navuxodonosor quyidagicha maqtangan: «Bobil naqadar buyuk! Uni o‘z kuch-qudratim bilan shohona saroy uchun maskan bo‘lsin, ulug‘vorligimu mahobatimni namoyon etsin deya barpo etdim!»