Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Valtasarning ismi tilga olingan loy silindr (Asl hajm keltirilgan)

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Qay yo‘sin arxeologlar bobillik Valtasar yashaganini va shoh bo‘lganini tasdiqlamoqda?

KO‘P yillar davomida Muqaddas Kitob tanqidchilari Doniyor kitobida tilga olingan shoh Valtasar chindan ham mavjud bo‘lganini tan olmagan. (Don. 5:1) Ular bunday nuqtai nazarga ega bo‘lganining sababi arxeologlar u chindan ham yashaganini tasdiqlovchi isbot topa olmaganida edi. Ammo 1854-yili hammasi o‘zgardi. Nima uchun?

O‘sha yili Britaniya konsuli Jon Jorj Teylor qadimgi Ur shahrida (hozirgi Iroqning janubiy qismi) ba’zi qoldiqlarni topdi. U bu yerda katta minorada bir nechta loy silindrlarni topdi. Har bir silindr taxminan 10 santimetr uzunlikda bo‘lib, ularda mixxat yozuvida bitilgan matn bor. Silindrlarning biridagi yozuv Bobil shohi Nabonid va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Valtasar uchun uzoq umr so‘rab qilingan ibodatni o‘z ichiga oladi. Hatto tanqidchilar ham buni tan olishga majbur bo‘ldi. Mazkur topilma Valtasar chindan ham mavjud bo‘lganini isbotlamoqda.

Biroq Muqaddas Kitobda nafaqat Valtasar mavjud bo‘lgani, balki u shohlik qilgani ham aytilgan. Bu safar ham tanqidchilar mazkur fikrni shubha ostiga qo‘ydi. Masalan, 19- asrda ingliz olimi Uilyam Tolbot quyidagicha ta’kidlagan: «Valtasar otasi Nabonid bilan bir vaqtda shohlik qilgan. Ammo buni tasdiqlaydigan hatto kichik dalil yo‘q».

Lekin boshqa loy silindrlarda Valtasarning otasi shoh Nabonid yillar davomida poytaxtdan uzoqda bo‘lgani to‘g‘risidagi yozuv yuqoridagi bahs-munozaraga nuqta qo‘ydi. Xo‘sh, u yo‘qligida kim hukmronlik qilgan? Bir ensiklopediyada shunday ta’kidlangan: «Nabonid yurishlarga ketganida, taxtini va qo‘shinining aksar qismini Valtasarga ishonib topshirgan». («Encyclopaedia Britannica») Xullas, umuman olganda, o‘sha paytda Valtasar Bobilda otasi bilan birga shohlik qilgan. Shunday qilib, arxeolog va til bo‘yicha mutaxassis Alan Millard «Valtasar Doniyor kitobida “shoh”» deb tilga olingani o‘rinli ekanini ta’kidladi.

Albatta, Xudoning xizmatchilari uchun Doniyor kitobi ishonchli va u Xudo tomonidan ilhomlantirilganini isbotlovchi eng asosiy dalil Muqaddas Kitobning o‘zidir. (2 Tim. 3:16)